Kompyuter bolalari yoxud Internetga tobe taqdirlar

© Jean-Pierre DalbéraKompyuter o‘ynayotgan bolalar
Kompyuter o‘ynayotgan bolalar - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Mobil qurilmalar va Internet tarmog‘ining cheksiz imkoniyatlari salbiy oqibatlar keltirib chiqarayotgani kishini tashvishga soladi

TOShKENT, 22 fev — Sputnik. Insoniyat paydo bo‘libdiki, izlanishda. Ehtiyojiga qarab, o‘zi zarur deb hisoblagan narsani yo tasodifan yoki o‘ylanib-izlanib yaratib boradi. Uning o‘z mehnatini yengillashtirish, odamlarga naf keltirish maqsadida yaratgan narsalari ham gohida yomonlik yo‘lida ishlatilishi mumkin.

"Niyatiga yarasha amali" degan naql bor. Oddiy pichoq oshpaz qo‘lida shirin ovqatlar tayyorlashga ishlatilsa, badniyat kishining qo‘lida sovuq qurolga aylanadi.

Hozirda hayotning barcha jabhalariga kirib kelgan mobil qurilmalar va Internet tarmog‘ining afzalliklarini sanasak barmog‘imiz yetmaydi. Biroq ularning cheksiz imkoniyatlari salbiy oqibatlar ham keltirib chiqarmoqdaki, bu kishini tashvishga soladi.

Razolat targ‘ibotchilari

2001 yili AQSh politsiyasi Internet tarmog‘ida bolalar pornografiyasi bilan shug‘ullanuvchilarga qarshi operatsiyani amalga oshirgan, bolalar pornografiyasini tarqatuvchi yuzlab veb saytlarning egalarini hibsga olgandi.

Maktab o‘quvchilari kompyuter klubida - Sputnik O‘zbekiston
Toshkentda tunda noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan internet klublar aniqlandi

Hukumat vakillarining aytishlaricha, ular bolalar pornografiyasini targ‘ib qiluvchi eng katta tarmoqni aniqlashgan. Bu saytning 250 mingdan ziyod mijozi borligi qayd qilingan. Politsiya bu shahvoniy targ‘ibotchi faoliyatini ikki yil davomida kuzatdi. Operatsiya 1999-yilda er-xotin Tomas Ridi va Jonislarni hibsga olishdan boshlangandi.

Ular boshqargan firma oyiga 29 dollar evaziga bolalar pornografiyasiga oid foto va videomateriallarni Internet orqali obunachilarga yetkazib turgan. Bundan tashqari, ular mana shunday mavzudagi xususiy e’lonlarni joylashtirish bilan ham shug‘ullanishgan.

Politsiya saytni nazoratiga oldi va uning foydalanuvchilari bilan muloqotga kirishdi. Foydalanuvchilar buyurtma berishlari bilanoq, ularning uyiga politsiya yetib kelib tintuv o‘tkazdi. Hammasi bo‘lib 37 shtatda 144ta tintuv o‘tkazildi.

Ma’lum bo‘lishicha, firmaning bir yillik sof daromadi 1,4 million dollarni tashkil etgan. Uning 40 foizini er-xotinlar olishgan. Qolgan qismini esa xorijdagi hamkorlarga berishgan. Tomas Ridi qonunning 89ta moddasi bilan ayblandi va 1335-yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Uning xotini esa 14-yilga qamaldi.

Oyning orqa tomoni

Kanadada 6 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan olti mingdan ortiq bolalar ishtirokida tadqiqot o‘tkazildi. Tadqiqotdan asosiy maqsad, bolalarning Internetdan qanday maqsadlarda foydalanishlarini o‘rganish edi. Ma’lum bo‘lishicha, bolalar ota-onalari o‘ylaganidek, har doim ham ilm olish uchun Internetdan foydalanishmas ekan.

So‘rovda qatnashgan bolalarning 99 foizi Internetdan foydalanishini, har 10 nafar boladan 8tasi bevosita o‘z uyidan Internetga ulanishini bildirgan.
Bolalar Internetdan musiqa va kliplar ko‘chirish, turli o‘yinlar o‘ynash, tanishlari bilan suhbatlashish uchun foydalanishar ekan. So‘rovda qatnashgan bolalarning uchdan biri yangi tanishlar orttirish maqsadida Internetdan foydalanishlarini bildirishgan.

AQShda Girl Scout Research instituti o‘smir qizlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan. So‘rovdan ma’lum bo‘lishicha, qizlarning 30 foizi chatlar (onlayn suhbat)da turli shahvoniy ishlarga va jinsiy munosabatlarga taklif etilgan.

Qotilga aylangan "beozor" bolalar

Ilgari nazoratsiz bo‘lgan bolalar ko‘cha-ko‘yda turli bezorilarga qo‘shilib, jinoyatchiga aylanardi. Hozir esa ertalabdan-kechgacha "beozorgina" bo‘lib kompyuter va Internetdan bosh ko‘tarmaydigan avlod paydo bo‘ldiki, ular qanday narsalarni ko‘rayotganligi ko‘pincha ota-onalarni qiziqtirmaydi.

Afsuski, aynan mana shu beparvolik mudhish oqibatlarga ham olib kelmoqda. Misollarga murojaat qilaylik.

2015 yilda Chelyabinsk viloyatida 15 yoshli Anton Sh. ismli o‘smir ota-onasini pichoqladi. Bunga esa onasining unga hadeb kompyuter o‘ynab o‘tiravermasdan dars qilishini buyurgani sabab bo‘ldi.

Bolalar kompyuter o‘ynamoqda - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda ta’qiqlangan kompyuter o‘yinlari ro‘yxati paydo bo‘ldi

Kuniga sakkiz soatlab turli qotilliklar tasvirlanuvchi kompyuter o‘yinlarini o‘ynash natijasida maktabda a’lo baholarga o‘qigan, fanlar olimpiadasi ishtirokchisi qotilga aylandi. Onasining so‘zlaridan g‘azabga mingan Anton oshxonaga kirib pichoq oldi va ota-onasiga tashlandi. Ona jon berdi, otasining esa hayoti saqlab qolindi.

Volgogradda 16 yoshli Losha R. buzilib qolgan kompyuterini tuzatish uchun pul bermagani uchun onasini bolta bilan chopib tashladi. Virtual o‘yinlarda "qotilliklar" qilishning hadisini olgan o‘smir onasining jasadini hovlisi yaqiniga olib borib ko‘mib qo‘ydi. O‘gay otasiga esa onasining qarindoshlarinikiga ketganini aytdi. Bir necha kundan keyin ota tashvishlanib politsiyaga xabar berdi. Ayolning jasadi 12 kundan keyin topildi.

Krasnodarda 15 yoshli Yaroslav M. otasini unga kompyuter o‘ynashni taqiqlagani sababli o‘ldirgani uchun sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Otasi uni darslarga bormay qo‘ygani uchun urishib, kompyuterning klaviaturasini yashirib qo‘yadi. Yaroslav yarim tunda uxlab yotgan otasining boshiga kuvolda bilan bir necha marta zarba beradi. So‘ng onasiga agar klaviaturani topib bermasa uni ham o‘ldirishini aytadi. Dahshatga tushgan ona unga klaviaturani topib beradi. O‘g‘il bamaylixotir xonasiga kirib yana o‘yin o‘ynashga tushadi. Ona politsiya va tez yordamga qo‘ng‘iroq qiladi. Tez yordam yetib kelganida ota allaqachon jon berib bo‘lgandi. Qo‘shnilarining aytishicha, otasi o‘g‘li uchun hech narsani ayamagan. U nimani so‘rasa olib bergan…

Ijevskda 17 yoshli yigit otasining qotiliga aylandi. U butun kunini Internetda o‘tkazar, turli onlayn o‘yinlar o‘ynardi. U hattoki xonasidan kunlab chiqmay qo‘ydi, ovqatini ham xonasida yeydigan bo‘ldi. Sabr kosasi to‘lgan ota uning kompyuterini olib qo‘ymoqchi bo‘lganida yigit otasini pichoqladi.

Kemerovoda 14 yoshli Sasha K. kompyuterda o‘yin o‘ynayotganida chalg‘itgani uchun 20 yoshli opasini g‘isht parchasi bilan urib o‘ldirdi. Sashaning o‘qituvchilari u maktabda juda yaxshi o‘qigani, lekin keyingi olti oyda o‘zlashtirishi pasayganini bildirishdi.

Petrozavodskda 22 yoshli yigit 80 yoshli buvisini kaltakladi. Tergov paytida u "Buvim kompyuter o‘ynashimga xalaqit bergani uchun kaltakladim" dedi.

Xitoyda tinimsiz 19 soat kompyuter o‘ynagan yigit kompyuteri oldida jon berdi.

Boshqirdistonda oyog‘i sinib qolib uyida davolanib yotgan 17 yoshli o‘smir 22 kun kompyuter o‘ynagach vafot etdi.

Kitob yarmarkasi - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonlik o‘smirlarning yarmi kitobdan ko‘ra kompyuterni afzal ko‘radi

Tayvanda 32 yoshli kishi uch sutka tinimsiz komyuter o‘ynagani oqibatida yuragi ushlab qolib vafot etdi. Xitoyning Nantun shahrida yashovchi 19 yoshli yigit kompyuter o‘ynash kasalligidan qutulish uchun o‘z qo‘lini kesib tashladi…

Yaqinda O‘zbekistonda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda ishtirok etgan 12-16 yoshli o‘smir bolalarning yarmi ko‘pincha tengdoshlari bilan suhbat qurish, kompyuter o‘ynashni afzal biladi. O‘smirlarning 43,7 foizi o‘quv adabiyotini o‘qish bilan cheklanar ekan. Har o‘n ishtirokchidan birining tan olishicha, o‘quv adabiyotidan boshqa kitob o‘qimaydi.

Bular o‘ylab topilgan voqealar emas, bugungi kunda atrofimizda sodir bo‘layotgan hodisalardir.

"O‘lim guruhlari"

Kundalik turmushimizda mustahkam va ta’bir joiz bo‘lsa asosiy o‘rin egallab olgan smartfonlar ham keyingi vaqtda ijobiydan ko‘ra ko‘proq salbiy ta’sirga ega bo‘lib bormoqda. Turli messenjerlar orqali o‘smirlarni o‘z joniga qasd qilishga undovchi "o‘lim guruhlari" faoliyati ayniqsa xavotirli.

Qozog‘iston ichki ishlar vaziri K.Kasimov bayonotiga ko‘ra 2017-yilning yanvar, fevral oylari davomida Qozog‘istonda 63 ta "o‘lim guruhlari"ga jalb etish va 15 bolaning o‘z sog‘lig‘iga shikast yetkazish holatlari aniqlangan.

Kompyuter o‘yinlarini yaxshi ko‘radigan bolakay - Sputnik O‘zbekiston
Ehtiyot bo‘ling! "O‘lim guruhlari" Toshkentgacha yetib keldi

OAVda "o‘lim guruhlari" deb nom olgan bunday guruhlar odatda ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan maktab yoshidagi bolalarni jalb qiladi. Guruhlar tajribali psixologlar tomonidan boshqarib boriladi.

Kasimov Qozog‘istonda faoliyat yuritgan ana shunday guruhlardan ikkitasining nomini tilga oldi: "Ko‘k kit" va "Tinch uy". Ushbu guruhlar o‘z faoliyatini o‘yin sifatida olib borgan.

Guruh a’zolari turli topshiriqlarni bajarib, uni videoga olishi va guruhda namoyish qilishlari kerak bo‘lgan. Masalan, badaniga pichoq yordamida turli tasvirlar chizish yoki tez ketayotgan avtomobil oldidan so‘nggi damda yugurib o‘tish kabi…

Bu o‘yinlarda "topshiriqlar" bosqichma-bosqich murakkablashib boradi va eng oxirgi topshiriq o‘z joniga qasd qilish bo‘ladi. Topshiriqni bajarishdan bosh tortgan bolalarni esa ularning oila a’zolarini o‘ldirish bilan qo‘rqitishadi.

Vazir xabariga ko‘ra "o‘lim guruhlari" bilan kurashishda ma’lum qiyinchiliklar bor, chunki guruh boshlovchilarining ko‘pi chet elda turib faoliyat yuritmoqda. Ayni damda Qozog‘iston IIV tomonidan ularni texnik blokirovka qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. O‘tgan yil davomida Qozog‘iston huquqni saqlash organlari tomonidan ushbu kabi jinoyatlar uchun 44 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, 16 nafar bola qurbon bo‘lgan.

OAV ma’lumotlariga qaraganda, 2016-yilda Rossiyada 720 nafar, Qirg‘izistonda 95 nafar va Qozog‘istonda 33 nafar o‘smir shu o‘yin tufayli o‘z joniga qasd qilishgan.

"Laykparast" avlod

Afsuski, o‘z taqdirini o‘zgalar qo‘liga topshirish, o‘zgalarning fikri bilan harakat qilish bugungi yoshlarni borgan sari o‘z domiga tortmoqda. Ota-ona e’tibori, mehridan chetda qolayotgan yoshlar virtual olamdan mehr izlamoqda, virtual olamdagilarning fikriga qarab ish tutmoqda.

Yo‘lovchilar Kaluga aeroporti binosi yaqinida. - Sputnik O‘zbekiston
Selfi qilaman deb, to‘qqizinchi qavatdan quladi

Bugungi kunda smartfon va internet olamiga begona bo‘lmaganlar lug‘atidan "selfi" so‘zi o‘rin olgan. O‘zini turli holatlarda suratga tushirib ijtimoiy tarmoqqa joylashga ishqibozlarning fikri zikri bir narsada — imkon boricha ko‘proq foydalanuvchilarning "layk"ini yig‘ish, suratlari bilan internetdagi yetti yot begonalarni qoyil qoldirish.

Statistikaga ko‘ra, "selfi" so‘zi har kuni Facebookda 365 000 marta va Tvitterda 150 000 marta tilga olinar ekan. Instagramda esa bu so‘zdan foydalanilgan xeshteglar 5 000 000dan oshadi.

So‘rovlardan ma’lum bo‘lishicha, 18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lganlar tomonidan olingan fotosuratlarning 30%i selfi ekan.

O‘zgalarning bahosini olish istagidagi yoshlar o‘z sahifalarida hayratlanarli suratlarni joylash maqsadida o‘zlarini turli xatarlarga qo‘yishmoqda. Ular ko‘pincha uylarning tomlarida, yirtqich hayvonlar oldida, yaqinlashib kelayotgan poyezd ro‘parasida suratga tushishmoqda. Maqsad, "layk" yig‘ish.

Haqiqatan ham ular bu maqsadlariga erishishadi, foydalanuvchilar ularning bu "jasorati"dan hayratlanib qoyil qolganliklarini bildirishadi, bundan ham xavfli joylarda suratga tushishini so‘rashadi. Lekin suratga tushayotgan odam bir narsani o‘ylamaydi: u jonini xatarga qo‘yayotganligi boshqalarni qiziqtirmaydi.

Selfiga tushish vaqtida halok bo‘lgan shaxs haqidagi ilk xabar OAVda 2014-yil martida paydo bo‘lgan. O‘shandan buyon selfiga tushish chog‘ida halok bo‘lganlar soni muttasil oshib bormoqda: 2014-yilda 15 kishi, 2015-yilda — 39, 2016-yil sakkiz oyi davomida —73 kishi halok bo‘lgan.

16ta holatda bir vaqtning o‘zida ikki kishi selfiga tushayotib halok bo‘lgan, beshta holatda uch kishi, ikkita holatda yetti kishi va bitta holatda besh kishi bir vaqtning o‘zida halok bo‘lgan!

Ko‘lbarlar - Sputnik O‘zbekiston
Ahmoqona o‘lim: selfi deb ko‘lbarni o‘pmoqchi bo‘lgan hindistonlik halok bo‘ldi

Selfi jarayonida o‘limga sabab bo‘lgan holatlar orasida birinchi o‘rinda balandlikdan yiqilish tursa, ikkinchi o‘rinda suvga cho‘kib ketish turadi. Bundan tashqari, YTH, poyezd ostida qolish, quroldan o‘lish, hayvonlar hujumi va tok urib o‘lish holatlari ham uchramoqda.

Masalan, 2015-yil martida Hindistondagi Nagpur ko‘lida yettita bola qayiqda selfiga tushmoqchi bo‘lib cho‘kib ketishgan. Yana to‘rtta bola Narmada kanalida qirg‘oqda suratga tushmoqchi bo‘lib kanalga tushib ketish oqibatida halok bo‘lgan.

2015 yil avgustida xitoylik 25 yoshli yigit Long Men sharsharasi ustida selfiga tushmoqchi bo‘ladi va ehtiyotsizlik oqibatida sirpanib ketib 30 metrli jarlikka qulab halok bo‘ladi.

Bir oydan so‘ng rossiyalik 17 yoshli talaba to‘qqiz qavatli bino tomida osilib selfiga tushmoqchi bo‘ladi. Lekin osilib turgan qo‘li chiqib ketib pastga qulaydi.

Filippinda 19 yoshli qiz 20 qavatli bino tomidan selfiga tushaman deb narigi dunyoga ravona bo‘ladi.

Ruminiyada Anna Ursu ismli qiz yurib ketayotgan poyezd tomida selfiga tushmoqchi bo‘lganida elektr simiga urilib jizg‘anak bo‘lgan.

AQShning Kolorado shtatida ikki o‘rinli samolyot halokatga uchradi. Halokatga esa uchuvchining parvoz vaqtida selfiga tushishga urinishi sabab bo‘lgan.

Yaqinda Hindistonda balog‘at yoshidagi yigit selfi uchun ko‘lbar ilonni o‘pishga urinib, halok bo‘ldi.

Olti nafar o‘spirin Nyu York shahri Markaziy parkidagi hovuzni qoplagan muz ostiga tushib ketdi. Ular birgalikda to‘planib selfiga tushmoqchi bo‘lishganda, og‘irlikka bardosh bera olmagan muz yorilib, o‘smirlar suvga tushib ketgan. Yaxshiyamki, ular qutqarib olindi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Eng achinarlisi, ana shunday suratlarni ko‘rgan yoshlar ularnikidan ham zo‘r suratini joylash, minglab "layk" yig‘ish istagida jonlarini jabborga berishmoqda.

Morj - Sputnik O‘zbekiston
Xitoyda selfi qilmoqchi bo‘lgan suratkashni morj suv ostiga tortib ketdi

Kuni kecha do‘stim bilan televizorda tasodifiy guvohlar olgan tasvirlar haqidagi ko‘rsatuvni ko‘rib qoldim. Lavhalardan birida sarkash daroda ag‘darilib ketgan qayiq va qayiqdan yiqilib toshga osilib suvdan chiqolmayotgan qiz aks etdi. Qiz bilan bir qayiqda bo‘lgan sherigi unga qo‘lini uzatib yordam berish o‘rniga telefonini olib qizning qiynalayotganini tasvirga olmoqda. Bir lahzada internet yulduziga aylanish istagi undagi insoniylikni chetga surib tashlagan.

Do‘stim ham xuddi shunga o‘xshash voqeani boshidan kechirganligini aytib qoldi.

"Jizzaxdan mashinamda kelayotgandim. Birdan tutab yonib ketdi. Darhol to‘xtatib pastga tushdim va yerdan qum olib olovni o‘chirishga tushdim. Nariroqda uch-to‘rtta yigit turgan ekan, ular menga yordam berish o‘rniga cho‘ntaklaridan telefon chiqarib yonayotgan mashinamni suratga olishga kirishib ketishdi", deydi u.

Yutub kanalidagi ayrim lavhalarni ko‘rsangiz, nahotki shu lavhalarni insonlar qo‘ygan bo‘lsa degan shubhaga borasiz. Bu lavhalardagi behayoliklar, ayollar va qizlarning og‘zidan chiqayotgan so‘zlardan ilon po‘st tashlaydi. Qaysidir ayol eri bilan nima qilishini aytib maqtansa, yana kimdir qo‘shni viloyatning yigitlariga "videojavob" yo‘llaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim san’atkorlarning o‘z badanlarini reklama qilib suratga tushish orqali yoshlarga "o‘rnak" bo‘lishlariga ham faqat "qoyil" deyish mumkin.

Bularning bari foydalanuvchilarning "olqish"ini olish, atrofdagilarni qoyil qoldirish maqsadida qilinmoqda va ko‘pincha salbiy oqibatlarga olib kelmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi "dindor"lar

Ijtimoiy tarmoqlar nafaqat o‘zaro muloqot vositasi, balki kuchli va ta’sirchan targ‘ibot quroliga ham aylanib ulgurdi. Din borasida tushunchaga ega bo‘lmaganlar, har narsaga qiziquvchan va ta’sirchan yoshlar ana shunday targ‘ibotchilar ta’siriga osongina berilib qolmoqda.

Sud belgisi - Sputnik O‘zbekiston
Jizzaxda "Iyegova shohidlari" sektasiga qiziqqan qiz jazolandi

Aeroportlardagi bojxona tekshiruvlarida telefonida taqiqlangan diniy tashkilotlarga tegishli tasvir va eshittirishlar, lavhalar saqlab kelgan, taqiqlangan adabiyotlarni olib o‘tishga uringanlar aniqlanganligi haqida xabarlar chop etilmoqda.

Ijtimoiy tarmoq orqali targ‘ibot ta’siriga tushgan Varvara Karaulova universitetdagi o‘qishini tashlab, Suriyaga ketmoqchi bo‘lganida Turkiyada qo‘lga olingandi.

Jizzaxda 24 yoshli qiz "Iyegova shohidlari" sektasiga tegishli diniy mazmundagi videolavha va yon daftarchasida turli mazmundagi yozuvlar saqlab kelganligi sababli jarimaga tortildi.

"Qaniydi, parolini bilvosam…"

Bolalarning kompyuter va internetga tobe bo‘lib qolishlariga aksariyat hollarda ota-onalarning o‘zlari sababchi bo‘lib qolishmoqda. Farzandga ortiqcha mehr ko‘rsatish, uning barcha istaklarini muhayyo qilish va yoki aksincha, unga butkul e’tiborsiz bo‘lish, uning yurish-turishi bilan qiziqmaslik bolalarning virtual olamga kirib ketishlariga olib kelmoqda.

Tanishlarimdan biri shunday hikoya qiladi: uyda ham ancha-muncha ishlarimni bajarish uchun kompyuter sotib oldim. Olti yoshli o‘g‘lim ba’zi-ba’zida o‘ynab turadi deya unga ikki-uchta o‘yin ham o‘rnatdim va kunda yarim soat unga o‘yin qo‘yib berib turdim.

Bir-ikki haftadan keyin u kompyuter bo‘shashi bilan yugurib o‘yin o‘ynashga o‘tiradigan bo‘lib oldi. Keyin esa ovqatlanishga chaqirsak "qornim to‘q" deb, kompyuter oldidan ketmaydigan bo‘lib qoldi.

Kompyuterga parol qo‘yganimdan keyingina ovqatga chaqirsak chiqadigan, kompyuterning oldiga hadeb bormaydigan bo‘ldi. Har kuni kechqurun yotishdan oldin esa "qaniydi, parolini bilvosam" deydigan odat chiqardi. "Nima qilarding?" deb so‘rasam, "maza qilib kompyuter o‘ynardim" degan javobni aytdi. Uning fikr-xayoli kompyuter o‘ynash bo‘lib qolganligini tushunib, barcha o‘yinlarni o‘chirib tashladim.

Virtual olam fuqarolari yoki "bir qo‘lli" bolalar

Psixologlarning fikricha, kompyuterga bog‘lanib qolish o‘z ichiga uch bosqichni oladi. Birinchi bosqichda o‘smir kompyuter imkoniyatlarini o‘rganadi, o‘zini virtual voqelikka tayyorlaydi. Ikkinchi bosqichda o‘smir bor imkoniyatlarini ishga solishni o‘rganadi va ko‘p vaqtini kompyuter oldida o‘tkaza boshlaydi.

Internet uning uchun yagona axborot va muloqot manbaiga aylanadi. O‘smir virtual voqelikni haqiqiy hayot deb qabul qiladi.

Tobelikning uchinchi bosqichida esa u butun vaqtini kompyuter oldida o‘tkazadi, uni bu olamdan olib chiqishga bo‘lgan har qanday urinishga nisbatan g‘azab bilan munosabatda bo‘ladi.

Sharmandali roliklarni O‘zbekistonga olib kirmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi

O‘smirlarning virtual olamga tobeligi quyidagi guruhlarga bo‘linadi:

O‘yinga tobelik — turli qiziqarli o‘yinlarga mahliyo bo‘lgan o‘smir borliqni unutadi. U faol hayotdan uzoqlashadi, hattoki ovqatlanish, o‘ziga qarash, dam olish, tabiiy ehtiyojlari uchun sarflash lozim bo‘lgan vaqtini ham o‘yinga bag‘ishlaydi;

Virtual tanishuvlarga ruju qo‘yish — faqat Internet tarmog‘idan do‘st qidirish bilan band bo‘ladi, real hayotdagi do‘stona munosabatlarni unutadi;

Web-serfing — uzzukun Internetda o‘tirish. U aniq maqsadsiz u saytdan bu saytga o‘tadi. Asosiysi, Internet bo‘lsa bo‘ldi.

Kiberseksual tobelik —pornosaytlarni tomosha qiladi, virtual seksga mukkasidan ketadi.

Virtual olamga tobe bo‘lganlarda quyidagilar namoyon bo‘ladi:

Uning kayfiyati Internetga ulanish imkoniyatiga bevosita bog‘liq. Internet bo‘lmasa asabi buziladi;

Hamma bilan faqatgina kompyuterga aloqador mavzuda suhbatlashadi va odamlarga bu qiziq ekanligiga ishonadi;

Kompyuter qarshisida o‘tirganida har qanday qiziq taklif bilan ham uni joyidan qo‘zg‘atish mushkul bo‘ladi;

Ish yoki o‘qish bilan band bo‘lgan chog‘ida ham pochtasini, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini ko‘rishga vaqt topadi (ba’zi o‘smirlarga ish buyursangiz, ish qilayotgan vaqtida ham bir qo‘lida smartfoni bo‘ladi va asosiy e’tibori ishga emas, smartfoniga qaratiladi);

U vaqtni his qilmaydi, soatlab o‘yin o‘ynashi yoki Internetda sayr qilishi mumkin;

Xotirasi yomonlashadi. Ko‘p narsani kompyuteri yordamida eslaydigan, ammo miyasida hech narsa turmaydigan bo‘lib qoladi;

Moddiy imkoniyati yo‘q bo‘lsa ham Internetsiz tura olmaydi. U yeyish-ichish, kiyinishdan tejab bo‘lsa ham birinchi navbatda Internet uchun pul sarflaydi;

Kompyuter qarshisida rohatlanadi, boshqa vaqt esa atrofdagilarga befarq bo‘ladi;

Ko‘chaga chiqmay qo‘yadi;

Do‘stlari bilan uchrashmaydi, haqiqiy hayotdagi tanishlari bilan muloqot qilmay qo‘yadi.

Bugungi o‘smir ertaga xalq bo‘ladi

Yoshlarni yuqorida aytib o‘tilgan xatarlardan asrash uchun nima qilmoq kerak?

Birinchi navbatda e’tibor kerak. Ota-onalar farzandining smartfon, planshet yoki kompyuterida qanday o‘yinlar o‘ynayotganini, ijtimoiy tarmoqlarda kimlar bilan muloqot qilayotganidan xabardor bo‘lib turishi lozim. Haftada bir marta bo‘lsa ham uning gadjetlarini tekshirib tursangiz (bunga ko‘p vaqt ketmaydi), farzandingiz turli bema’niliklarga yo‘liqishining oldini olgan bo‘lasiz.

Koloniya - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda odamlarni IDga yollagan shaxs sakkiz yilga qamaldi

Internet deyarli nazorat qilib bo‘lmaydigan tarmoq. Undagi mavjud axborotlardan foydalanishni to‘la nazorat qilish ham mushkul. O‘smirning Internetdan foydalanishini cheklash bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Chunki u Internetga kirish uchun baribir imkon topa oladi.

Shuning uchun uni imkon qadar ko‘proq mashg‘ulotlar bilan band qilingki, kompyuterga ruju qo‘ygan o‘smir undan uzoqlashsin. Turli sport mashg‘ulotlari, to‘garaklar, musiqa darslari, uy yumushlari bu borada eng yaxshi vosita hisoblanadi.

Farzandingizga ko‘proq e’tibor qarating, o‘z ishlaringizdan ortib, uning qiziqishlari, orzulari, yurish-turishi bilan qiziqing.

Bugungi o‘smirlar ertaga xalq bo‘ladi. Ma’naviyati butun, o‘z dunyoqarashiga ega, o‘zgalar fikriga qaram bo‘lmagan xalqning kelajagi buyuk bo‘ladi.

P.S. OAVning xabar berishicha, Xitoy hukumati 18 yoshga to‘lmagan kompyuter o‘yinchilari uchun komendantlik soatini tatbiq etmoqda. Hukumat voyaga yetmagan geymerlarga yarim tundan ertalabki soat 8ga qadar o‘ynashni taqiqlamoqchi.

Bu qonun loyihasi mobil va boshqa qurilmalarni ham ko‘zda tutadi. Uning bajarilishi maxsus dasturiy ta’minot tomonidan nazorat qilinadi.

Avvalroq Xitoyda o‘yinchilar onlayn-o‘yinlarda ro‘yxatdan o‘tishlari jarayonida shaxsni tasdiqlovchi hujjatdan foydalanishlari majburiy qilib qo‘yilgani, shuning uchun hukumat geymerlar faolligini kuzatib borishda hech qanday qiyinchilikka duch kelmasligi xabar qilingandi.

Bu jarayonda qandaydir qoidabuzarliklar ro‘y bersa dasturiy ta’minot geymerlarni o‘yindan chiqarib yuboradi. Yangi talablarni bajarishdan bosh tortgan kompaniyalar yoki jarimaga tortiladi yoki butunlay yopiladi.

Yangi qonun loyihasi 2017-yilning martidan kuch kiradi.

Internet ma’lumotlari asosida D.Asqarov tayyorladi.

Yangiliklar lentasi
0