07:44 24 Oktyabr 2019
Efir
  • RUB147.70
  • EUR10553.06
  • USD9448.53
Ferma

Qashqadaryoda chorvachilik va baliqchilikka alohida eʼtibor qaratiladi

© Sputnik / Vitaly Timkiv
Jamiyat
Havola olish
145551

Prezident chorvachilik kompleksiga xorijdan nasldor qoramollar olib kelish, ularni zarur texnologiyalar asosida parvarishlash, yetishtirilgan mahsulotni shu yerning oʻzida qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi

TOSHKENT, 24 fev — Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida bugun Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Qashqadaryoga safari davomida Shavkat Mirziyoyev Qarshi tumanida qishloq xoʻjaligi sohasidagi istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda uz24.uz xabar berdi.

"Nishon koʻzgu" koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi tomonidan Qarshi shahrida chorva mollarini avtomatizatsiyalashgan kushxona, goʻshtni saqlash va qadoqlash kompleksi tashkil etilmoqda. Buning uchun xorijdan zamonaviy uskunalar olib kelib oʻrnatilgan.

Zamonaviy kushxona va muzlatkich oziq-ovqat mahsulotlarining moʻl-koʻlligi hamda xavfsizligini taʼminlaydi. 100 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi.

Prezident bunday kushxonalarni barcha hududlarda tashkil etish, veterenariya va sanitariya xizmatlarini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.

Yakkabogʻ tumanida tashkil etilayotgan "Qorabayir otchilik majmuasi" xoʻjaligi naslchilikni saqlash va rivojlantirish, qorabayir zotli otlarni koʻpaytirishga ixtisoslashgan. Majmuada 200 tagacha yilqi boqilib, ichki va tashqi bozorlarga sotiladi. Qirqdan ortiq kishi ish bilan taʼminlanadi.

Davlat rahbari Koson tumanida barpo etiladigan chorvachilik kompleksi loyihasini koʻzdan kechirdi. Ikki ming bosh qoramol boqishga moʻljallangan zamonaviy tipdagi chorvachilik kompleksi nafaqat viloyat, balki mamlakatning boshqa hududlari aholisini ham goʻsht va sut bilan taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Umumiy qiymati 14 milliard soʻm boʻlgan loyihani kelgusi yilning birinchi choragida toʻliq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Majmua qurilishi uchun 12 gektar, chorva mollariga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun 750 gektar yer maydoni ajratiladi. Bu yerda yiliga 4 ming 280 tonna sut va 210 tonna goʻsht yetishtirish, 140 ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.

Prezident chorvachilik kompleksiga xorijdan nasldor qoramollar olib kelish, ularni zarur texnologiyalar asosida parvarishlash, yetishtirilgan mahsulotni shu yerning oʻzida qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Mutaxassislarga zarur tavsiyalar berdi.

Qamashi tumanida 5 ming bosh kurka boqishga moʻljallangan majmua tashkil etiladi. Zamonaviy texnologiyalar oʻrnatiladigan majmuada yiliga 20 ming bosh kurka joʻjasi yetishtirilib, aholiga yetkazib beriladi. Uni joriy yilning dekabr oyida ishga tushirish, 30 ish oʻrni yaratish moʻljallanmoqda.

Davlat rahbari mazkur loyiha har bir xonadonga 100 tadan joʻja tarqatish va oilalar daromad manbaini yaratishda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

Shavkat Mirziyoyev Tallimarjon suv omborining tabiiy havzasida baliq yetishtirish loyihasi bilan ham tanishdi.

Yangi agrofirma viloyatdagi baliqchilik xoʻjaliklariga oʻz faoliyatini samarali tashkil etishi uchun mashina-mexanizm xizmatlari, baliq uvildiriqlari, omuxta yem yetkazib beradi. Yetishtirilgan baliqni sotish yoki qayta ishlashni tashkil etishda ham koʻmaklashishi koʻzda tutilgan.

Agrofirmada baliq uvildiriqlari yetishtirilib, suv omboriga oʻtkaziladi. Bu yerda baliq chavoqlari yetishtiruvchi inkubatsion tsex, 600 tonnalik muzlatkich, baliq mahsulotlarini qayta ishlovchi korxona, 800 tonna maxsus omuxta yem ishlab chiqaruvchi tsex tashkil etilishi rejalashtirilgan. Yiliga 500 tonna baliq qayta ishlovchi agrofirmada 90 ish oʻrni tashkil etiladi.

Qashqadaryo viloyatida yil boʻyi baliq boqish, koʻpaytirish va aholiga yetkazib berish, eksportni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari mavjudligi taʼkidlandi. Bunday agrofirmalar ushbu sohani yanada rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, mamlakatimizning oziq-ovqat dasturi rivojiga muhim hissa qoʻshishi qayd etildi.

Qamashi tumanida quyon yetishtirish, quyon goʻshti va terisini qayta ishlashga ixtisoslashgan xoʻjalik tashkil etilmoqda. "Qamashi momiq quyonlari" agrofirmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha samarasida 30 ming bosh quyon yetishtirilib, yiliga 120 tonna goʻsht va 40 ming dona jun tayyorlanadi.

Xoʻjalikda 30 kishi ishlaydi. Bundan tashqari, quyonlar 500 xonadonga tarqatiladi. Aholi parhez goʻsht va qoʻshimcha daromad bilan taʼminlanadi.

Asosiy mavzular