07:23 14 Avgust 2020
Efir
  • RUB138.65
  • EUR12059.09
  • USD10231.71
Jamiyat
Havola olish
3964104

Oʻzbekistonda ish haqlari oʻz vaqtida berilishini nazorat qilish va ish haqidan qonunchilikda koʻzda tutilmagan ushlab qolishlarga yoʻl qoʻyilmasligiga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻriladi

TOSHKENT, 27 fev — Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi ishtirokida 2017-2019 yillar uchun moʻljallangan bosh kelishuv imzolandi.

"Mehnatga haq toʻlash, aholining real daromadlari va turmush darajasini koʻtarish masalalarida ilk bor yalpi ichki mahsulot tarkibida mehnat haqi ulushini 30 foizdan kam boʻlmagan miqdorda saqlab turish, eng kam ish haqi miqdorini belgilash boʻyicha uch tomonlama maslahatlashuvlar oʻtkazish xususida kelishib olindi", deyilgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi sayti xabarida.

Mehnatga haq toʻlashni tartibga solishda va ish haqi oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlashda jamoa kelishuvlari va shartnomalarining rolini oshirishga, ish haqidan qonunchilikda koʻzda tutilmagan ushlab qolishlarga yoʻl qoʻyilmasligiga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish maqsadga muvofiq deb qabul qilingan.

Tomonlar eng kam mehnat haqi standartlariga rioya etilishi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shuningdek mehnatga haq toʻlash fondining tarif qismi va tarifga qoʻshimcha qismi oʻrtasidagi maqbul nisbatni davlat tomonidan va jamoa shartnomalari vositasida oʻrnatilishini taʼminlash zarurligini tan olishgan.

Bundan tashqari, mehnat bozorini rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish masalalarida barqaror ish haqini va havfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlovchi doimiy ish oʻrinlari, ayniqsa qishloq joylarida yaratilishiga, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari bitiruvchilarini, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining boshqa toifalarini ishga joylashtirishga koʻmaklashishga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq deb topilgan.

Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashtirilishi, yosh mutaxassislarni oʻz ish oʻrinlarida qoʻnimliligi uchun ish beruvchilar masʼuliyatini oshirish, yuridik shaxslarning tugatilishi va qayta tashkil etilishi natijasida boʻshatib olingan xodimlarning qonuniy huquq va manfaatlariga rioya etish, mehnat migratsiyasini huquqiy tartibga solish boʻyicha amaliy choralar koʻrish ustuvor vazifalar hisoblanadi.

Kelishuvni hukumat nomidan bosh vazir oʻrinbosari Tanzila Norboyeva, xodimlar tashkilotlari nomidan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, respublika ish beruvchilar birlashmalari nomidan — Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov imzolagan.

Teglar:
Oʻzbekiston, soʻm, pul, ushlab qolish, oylik

Asosiy mavzular