Shavkat Mirziyoyev xalqni Navro‘z bilan tabrikladi

© Press-slujba prezidenta RUzUzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
Uzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqni kirib kelayotgan sharqona yangi yil, Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

TOShKENT, 20 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqni sharqona yangi yil — Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

Prezidentning “O‘zbekiston” telekanali orqali efirga uzatilgan nutqida quyidagi so‘zlar aytildi:

Aziz vatandoshlar!

Ona diyorimizga, barchamiz orziqib kutgan, go‘zal va dilbar fasl – Navro‘zi olam kirib kelmoqda.

Ana shu ulug‘ ayyom – sharqona yangi yil bilan, kattayu kichik barcha yurtdoshlarimizni, chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Mana shu qutlug‘ kunda siz azizlarga, sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Muhtaram do‘stlar!

Bu yilgi Navro‘z bayrami, barcha shahar va qishloqlarimizda, umumxalq sayillari tarzida o‘tayotgani, unga o‘zgacha fayz va shukuh bag‘ishlamoqda.

Navro‘z ruhi va falsafasi “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ning g‘oya va maqsadlari bilan uyg‘un va hamohang ravishda namoyon bo‘lmoqda.

El-yurtimizdagi aziz insonlar bir-birlarini qutlab, dala va qirlar, bog‘ va maydonlarda Navro‘z bayramini shodu xurramlik bilan nishonlamoqdalar. Doshqozonlarda sumalaklar pishirib, dasturxonlarga bahor ne’matlarini tortib, sayil-tomoshalar qilmoqdalar. Shu yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqda.

O‘zaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o‘tkazib, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz Navro‘zning fayziga yanada fayz qo‘shmoqda.

Hurmatli yurtdoshlar!

Bugun fidoyi dehqon va fermerlarimiz katta orzu-umid bilan yangi mavsumni boshlamoqdalar. Barchamiz ularni chin dildan tabriklab, yilimiz qutlug‘ kelsin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin, deb eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz.

Navro‘zi olam Vatanimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari uchun, butun xalqimiz uchun eng suyukli bayramdir.

Bugun biz yurtimizda mana shunday qutlug‘ bayramni nishonlash barobarida, butun dunyoda tinchlik va xotirjamlik bo‘lishini, uzoq va yaqin barcha davlatlarning xalqlariga taraqqiyot, farovonlik hamda ravnaq tilaymiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Barchangizni Navro‘z ayyomi bilan yana bir bor tabriklab, o‘zimning qalbimdagi eng samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin!

Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar ko‘p bo‘lsin!

Barchamizning ezgu orzu-niyatlarimiz ushalsin!

Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Navro‘z bayrami, barchamizga muborak bo‘lsin!"

Yangiliklar lentasi
0