20:31 27 Yanvar 2021
Efir
  • RUB139.72
  • EUR12798.46
  • USD10518.99
Jamiyat
Havola olish
4453482

Shavkat Mirziyoyev 30 mart kuni oʻtkazgan videoselektor davomida televideniye sohasini tanqid qildi. Prezident "Axborot" koʻrsatuvi yangilanishi kerakligi haqida gapirdi hamda jurnalistlar voqealarni yoritishda "ura-urachilik"dan voz kechishlari lozimligini aytdi

TOSHKENT, 3 apr — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Oʻzbek televideniyesining bugungi ahvoli haqida nima deya olamiz? Bugungi kunda oynai-jahondan oʻrin olayotgan dasturlar xalqqa manzur kelyaptimi? Bu sohaga biriktirilgan rahbarlar oʻz vazifalarini qay darajada uddalay olyaptilar?

Oʻzbek televideniyesining bugungi holati haqida televideniye sohasida faoliyat yuritgan shoir Muhammad Ismoil fikr bildirdi.

Tanqid sababini rahbarlardan izlash kerak

"Alisher Xoʻjayev (Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining sobiq raisi, tahr.) yuzlab iqtidorli telejurnalistlarni, rejissyorlarni, muharrirlarni ishdan haydab, televideniyeni chala oʻlik holatga keltirgan edi. Uni ishdan boʻshatishdi-yu, lekin uning oʻrniga kelganlar bundan saboq olmadi. Yana eski hammom, yana eski tos vujudga keldi. Nuritdinov Xoʻjayev nega ishdan olinganini oʻylab koʻrmadi".

Oʻzbekiston minbari

"Televideniya, istaymizmi yoʻqmi, matbuotning yuragi. Uni har kuni millionlab odam koʻradi. Televideniya, qudratli davlatimiz yuritayotgan siyosatning yalovbardori. Buyuk mamlakatimiz minbari. Bu minbarga har kuni oʻttiz ikki million aholi qarab oʻtiradi.

Ammo unga nima deyotganini bilmaydigan, fahm-farosati haminqadar artistlar, toʻrtta odamga gapi oʻtmaydigan mahalla faollariyu, chuchmal qiziqchilarni chiqarishadi.

Bu kimning asabini oʻynatmaydi?

Davlatimiz televideniye faoliyat yuritishi uchun mustaqilligimizni mafkurasini kuchaytirish uchun millatimizni maʼnaviyatini kuchaytirish uchun mamlakatimizda gʻoyaviy barqarorlik hukmron boʻlishi uchun har yili byudjetdan milliardlab mablagʻ ajratadi.

Ammo televideniyega qarasangiz, faqat kurakda turmaydigan gap soʻzlarni eshitasiz, chet el seriallarini tomosha qilasiz, tuturuqsiz ashulachilarni tinmay tomosha qilaverasiz…

Elchi qayerdayu, hokim nega ishdan olindi?..

Oʻzbekiston televideniyesida birorta tahliliy, tanqidiy koʻrsatuv yoʻq. Biror telejurnalist jurnalistlik tadqiqot olib bormaydi. Biror atoqli olim, faylasu, vazir, viloyat hokimi chiqmaydi. Birorta elchimiz qayerda, nima ish qilayotganini gapirmaydi. Birorta partiya rahbari nimani oʻylayotganini, nima toʻgʻriyu, nima notoʻgʻri boʻlayotganini gapirmaydi.

Partiya rahbarlari faqat saylov payti koʻrinish beradi, qolgan payt ular yoʻq.

Tuman hokimlari, viloyat hokimlari almashadi, ular nega almashgani haqida tahliliy koʻrsatuvni hali koʻrganimiz yoʻq. Vazirlar almashadi, ularni nega almashgani haqida biror kishi chiqib bir narsa demaydi. Ularning yoʻl qoʻygan xato va kamchiligi boshqalarga oʻrnak boʻlsin, bu ishlar boshqa qaytarilmasin degan maʼnoda tahliliy koʻrsatuvlar qilinmaydi. Xuddi biz boshqa sayyoradamizu, odamlar boshqa sayyorada yashayotgandek. 

Televizorda faqat serial, kino, ashula…

Otga atalgan qamchi boshimga tushmasin desangiz…

Xullas, gapirsak gap koʻp. Shavkat Mirziyoyev "Axborot" dasturini juda toʻgʻri tanqid qildi.

Bu tanqid nafaqat "Axborot"ga, balki barcha telekanallarga tegishli. Barcha telekanal dasturlariga ham tegishli. Shuningdek, Oʻzbekistondagi barcha ommaviy axborot vositalariga ham tegishli. Rasmiy gazeta va jurnallarimiz ham prezident tanqidlaridan toʻgʻri xulosa chiqarib olishlari shart. Otni qamchilash davri keldi.

Agar otni qamchilamasalar, bu qamchi oʻzlarini boshiga albatta, tushadi.

Teglar:
televideniye, tanqid

Asosiy mavzular