Mirziyoyev Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisini tayinladi

Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev mart oyi oxirida Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasini tashkil etish haqida farmon imzolagandi

TOShKENT, 7 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq Azim Ahmadxo‘jayev Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Bu haqda RIA Novosti "Asaka" banki matbuot xizmatiga asoslanib xabar bermoqda.

Ahmadxo‘jayev 2016-yil mayidan buyon "Asaka" bankini boshqarib kelayotgandi. U ilgariroq O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankida boshqaruv raisining 1-o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

"O‘zbekiston prezidenti farmoniga muvofiq Ahmadxo‘jayev yaqinda tashkil etilgan Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga rais etib tayinlandi", — dedi agentlik suhbatdoshi.

O‘zbekistonda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev mart oyi oxirida Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasini tashkil etish haqida farmon imzolagandi. Yangi qo‘mita O‘zbekistonning investitsiya salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratish, jalb etiladigan chet el investitsiyalari samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan.

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining chet el kompaniya va tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish vazifasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga o‘tkazildi.

Investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida texnologik uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallar yetkazib berish, shuningdek, bitta shartnoma bo‘yicha qiymati 100 ming AQSh dollaridan ortiq hajmdagi ishlar (xizmatlar)ning bajarilishi yuzasidan tender (tanlov) savdolari natijalarini muvofiqlashtirish, ekspertizadan o‘tkazish, kelishish hamda ularga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklatildi.

Yangiliklar lentasi
0