TOSHKENT, 13 apr — Sputnik. Oʻzbekistondagi "Yagona darcha" markazida 86 turdagi davlat xizmatlari koʻrsatiladi, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri.
Oʻzbekiston prezidentining 2017 yil 1 fevraldagi "Tadbirkorlik subʼyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qaroriga asosan "Yagona darcha" markazlari tuman hokimliklari tuzilmasidan adliya organlari tasarrufiga oʻtkazilgan edi.
Unga koʻra, 2017-2020 yillarda "Yagona darcha" markazlari orqali koʻrsatiladigan 16 turdagi davlat xizmatlari bosqichma-bosqich koʻpaytirilib, 86 turga yetkaziladi. Bunday xizmat turlarining 34 tasi esa joriy yilda amalga oshiriladi.
Yana bir afzalligi shundaki, yakka tartibdagi tadbirkorlar internet tarmogʻi orqali roʻyxatdan oʻtganda toʻlanadigan davlat bojlari eng kam ish haqining bir barobari oʻrniga yarim barobar miqdorida belgilandi.
Tadbirkorlik subʼyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishdagi yangi tartibning joriy etilishi ishlab chiqarish hajmining ortishi va ishbilarmonlarning koʻpayishiga yordam beradi.
Masalan, Oqdaryo tumani "Yagona darcha" markazidan joriy yil 20 yanvardan 1 martgacha 605 ta tadbirkorlik subʼyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazildi va tumandagi jami tadbirkorlar soni 7 mingdan oshdi.
Shuningdek, 2016 yilda markazga 16 turdagi davlat xizmatlari boʻyicha kelib tushgan 238 ta arizaning 99 %i toʻliq qanoatlantirilgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan oylarida tadbirkorlarga 29 ta ana shunday davlat xizmatlari koʻrsatildi.
Qolaversa, biznesni roʻyxatdan oʻtkazishni arizachiga qulay vaqtda boshlash, toʻxtatish yoki davom ettirish mumkin.
Bunda hujjatlarda elektron raqamli imzo boʻlishi talab etilmaydi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar oʻz faoliyatini vaqtinchalik toʻxtatib turish yoki qayta tiklash toʻgʻrisidagi arizani avtomatlashtirilgan tizim orqali topshirishlari mumkin boʻladi.
Shuningdek, qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi axborotni bosma ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish toʻgʻrisidagi talab bekor qilinadi.
Bu ham tadbirkorlarning ortiqcha ovoragarchiligi va mablagʻini tejashga yordam beradi.