16:13 15 Avgust 2020
Efir
  • RUB138.65
  • EUR12059.09
  • USD10231.71
Jamiyat
Havola olish
173230

Ayrim xorij OAVlari Buxoro markazidagi "Dilkusho" bozori tadbirkorlar roziligisiz buzib tashlanayotgani, tovon puli toʻlanmayotgani, oʻrniga oʻrin doʻkon qurib berish haqida esa mutlaqo gap bormayotgani haqida xabar tarqatgan edi. Buxoro hokimligi ushbu oʻzgarishlar faqat xalq manfaatlari uchun boʻlayotganini taʼkidlab, aholidan qoʻllab-quvvatlashni soʻradi

TOSHKENT, 9 may — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Buxoro hokimligi "Ozodlik radiosi" tarqatgan xabarga raddiya eʼlon qildi.

Jumladan, Buxoro viloyati hokimligi matbuot-xizmati tomonidan chop etilgan "Oʻzgarishlar xalq manfaatlariga xizmat qiladi" nomli maqolada bu borada toʻxtalib oʻtilgan va sarlavhada "Buxoro shahridagi "Dilkusho" dehqon bozori xususida ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan xabarlarga munosabat", degan soʻzlar keltirib oʻtilgan.

Hammasi qanday boshlangan edi?

Aniqlik kiritish lozimki, joriy yilning 18 aprel kuni "Ozodlik" Buxoro markazidagi "Dilkusho" bozori buzilib, gipermarketga aylanishi haqida xabar tarqatdi. Xabarda tadbirkorlar roziligisiz amalga oshirilayotgan bu ishlar ayrim tadbirkorlarning qon bosimi oshib ketishiga sabab boʻlgani taʼkidlandi.

Buxoro hokimligi matbuot-xizmati xorij OAVlarida eʼlon qilingan xabarlarga javoban "Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan har bir islohot avvalo aholi manfaatlarini himoya qilish, ular turmush darajasini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilayotganini" aytdi.

Oʻzgarishlar zamirida ezgu maqsad yotibdi

Hokimlik Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga uyushtirgan tashrifi hudud ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yuksaltirish, aholiga qulay turmush sharoitlarini yaratish borasida yangi davrni boshlab berganini qayd etgan.

"Davlatimiz rahbarining tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosini amalga oshirish maqsadida 2017-2021 yillarga moʻljalangan, shaharsozlik, sanoat, kichik biznes, transport, qurilish industriyasi, qishloq xoʻjaligi, turizm, fan, taʼlim, madaniyat, sport va boshqa sohalarni rivojlantirishga oid umumiy qiymati 3 trillion soʻmdan ortiq 4,5 mingta loyiha ishlab chiqilib, bu maqsadlar uchun joriy yilning oʻzidayoq banklar, xorijiy investorlar hamda ishbilarmonlar hisobidan 1 trillion 32 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan", — deb hisobot bergan hokimlik.

Ana shunday yirik loyihalardan biri sifatida 2017-2019 yillarda viloyatdagi barcha dehqon bozorlarining qayta rekonstruktsiya qilinib, ushbu majmualarda zamonaviy savdo majmualari bunyod etilishi koʻzda tutilgani taʼkidlangan.

Bozorlarni rekonstruktsiya qilish haqidagi qarorlar xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, savdoni tashkil etish sohasida zamonaviy talablarga muvofiq savdo xizmati koʻrsatishning ilgʻor tajribasi va yuksak madaniyatini keng targʻib qilish, mavjud dehqon bozorlarini mukammal rekonstruktsiya qilish singari ezgu maqsadlarni oʻzida mujassam etgani taʼkidlangan.

Buxoroda qayta quriladigan bozorlar roʻyxati

Hokimlik xabariga koʻra, 2017 yilda Buxoro shahridagi "Dilkusho", "Markaziy dehqon bozori", Kogon shahridagi "Sohibkor", Gʻijduvon tumanidagi "Gʻijduvon" dehqon bozorlari, 2018 yilda esa Buxoro shahridagi "Sharq", Kogon shahridagi "Saxovat", Gʻijduvon tumanidagi "Zafarobod", Buxoro tumanidagi "Gala Osiyo dehqonobod", Peshku tumanidagi "Peshku-Navoiy", shuningdek, Olot, Vobkent, Jondor, Shofirkon, Qorovulbozorlari, shuningdek, 2019 yilda Buxoro shahridagi "Toʻqimachi" hamda Qorakoʻl va Romitan dehqon bozorlari rekonstruktsiya qilinadi.

Bozorlarning har birida turli tipdagi zamonaviy supermarketlar quriladi, deyilgan xabarda.

Dilkushoning buzilishi sabablari

Hokimlik ayni paytda Buxoro shahridagi yirik savdo majmualaridan biri hisoblangan "Dilkusho" dehqon bozori kapital rekonstruktsiya va qayta qurilishi koʻzda tutilganini aytib oʻtgan.

Oʻtgan asrning 70-yillarida barpo etilgan bozor ham meʼmoriy yechim, ham aholi xavfsizligi, ham sanitariya nuqtai nazaridan bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermay qolgan edi, deyiladi xabarda.

Taʼkidlanishicha, bundan tashqari, bozor atrofidagi rastalar, noqonuniy qurilmalarning koʻpligi, ularning rejasiz joylashtirilganligi xaridorlar harakatlanishiga koʻpgina noqulayliklar tugʻdirardi.

Ayni ushbu omillar tufayli bozor faoliyatini bugungi zamon standartlariga mos tarzda qayta tashkil etish ehtiyoji tugʻilgani aytilgan.

"Bu borada yangi koʻrinishdagi bozor hududi aniqlanib, uning loyihasi bir necha variantlarda ishlab chiqilib, ular orasida eng maqbuli tasdiqlanadi", aniqlik kiritgan hokimlik.

Barcha zarar qonunchilik asosida qoplanadi

Qarorda bozor qurilishi uchun hududlar tayyorlanishi hamda bino va inshootlar buzilishi tufayli yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlar amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi koʻrsatib oʻtilgan.

Bunda savdo doʻkoni binosiga egalik huquqi mavjud tadbirkorlar tegishli hujjatlarni viloyat hokimining 2017 yil 31 martdagi qarori asosida tuzilgan hududiy ishchi komissiyasiga taqdim etgan taqdirda ularga yangitdan quriladigan bozor hududidan teng hajmda joy ajratib beriladi, deyilgan.

Hokimlikning buxoroliklarga murojaati

"Shahar hududida keng koʻlamli obodonchilik tadbirlari, koʻp qavatli turar-joy binolari, universal sport majmuasi qurilishi ishlarining amalga oshirilishi ham shahar chiroyiga koʻrk qoʻshish bilan birga aholini ish bilan taʼminlash, ular turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Ushbu dasturlarning amalga oshishi oʻz navbatida hududda turizmning rivojlanishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir soʻz bilan aytganda, yuqorida qayd etilgan amaliy harakatlar va istiqboldagi dasturlarning amalga oshirilishi yurtdoshlarimizning bevosita qoʻllab-quvvatlashlariga ham bogʻliqdir. Zero shahrimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshishni istamagan yurtdoshlarimiz boʻlmasa kerak", — deyilgan hokimlik murojaatida.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Teglar:
dehqon bozorlari, Dilkusho, Buxoro

Asosiy mavzular