O‘zbekistonda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tashkil etildi

© Sputnik/Viktor TolochkoPodpisanie dokumentov
Podpisanie dokumentov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Band bo‘lmagan aholini ishga joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, aholi bandligini ta’minlashda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlarining mas’uliyatini tubdan kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston prezidentining farmoni qabul qilindi

TOShKENT, 25-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining "Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq,Mehnat vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga aylantirildi.

Hujjat band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini kuchaytirish, aholi bandligini ta’minlashda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlarining mas’uliyatini tubdan kuchaytirish maqsadida qabul qilindi.

Mehnat bozoridagi haqiqiy holatni respublika mintaqalari kesimida chuqur tahlil qilish asosida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha hududiy va tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va ularning bajarilishini muvofiqlashtirish vazirlikning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

Sex ishchisi - Sputnik O‘zbekiston
Noqulay mehnat sharoiti uchun qo‘shimcha haq to‘lanadi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi kam ta’minlangan oilalarga nafaqalar va moddiy yordam to‘lanishi bo‘yicha monitoringni amalga oshiradi, mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faolligini oshirish orqali oilani kam ta’minlanganlikdan chiqarish yuzasidan individual dasturlarni ishlab chiqadi.

Ishsiz aholini, yoshlarni, avvalambor kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini, shuningdek, aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini ixtisoslashtirilgan ish o‘rni yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish, aholi va ish beruvchilar uchun mehnat organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati va hammabopligini oshirish yo‘li bilan ishga joylashtirishga ko‘maklashishni amalga oshirish Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri va uning o‘rinbosarlariga shaxsiy javobgarlik etib yuklandi.

Farmonga muvofiq, 2018-yilning 1-yanvaridan ilk bora ishga joylashgan kollej, litsey va oliygohlar bitiruvchilarining mehnati daromadi uchun birinchi mehnat yili davomida yagona sotsial to‘lov stavkasi 50 foizga, ikkinchi va uchinchi yillarda esa 25 foizga qisqartiriladi.

Shuningdek, o‘sha sanadan boshlab nodavlat tashkilotlarga pulli asosda O‘zbekiston hududida fuqarolarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqi taqdim etiladi.

Vazirlik huzurida tashkil etiladigan Jamoat ishlari jamg‘armasining asosiy vazifalari vaqtinchalik ishsiz aholining yirik investitsion loyihalarda, yo‘l va uy-joy va kommunal infrastruktura qurilishida, ta’mirida va rekonstruksiyasida, shahar va tumanlarni obodonlashtirishda, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarida ishtirok etishini ta’minlashdan iborat bo‘ladi.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0