Qiynalib qolgan halol soliq to‘lovchilarga soliq ta’tillari berilishi mumkin

Obuna bo‘lish
Soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish muddati ikki baravarga qisqartirilmoqda

TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda 2018-yil 1-yanvardan soliqchilik tizimida qator yangiliklar joriy etilmoqda. Bu O‘zbekiston prezidentining "Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonida ko‘rsatib o‘tilgan.

Farmon bilan soliq organlari va halol soliq to‘lovchilar o‘rtasida ularga joriy soliq solish masalalarini hal qilishda har tomonlama ko‘maklashgan holda kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringi joriy etilmoqda.

Soliq, hisob - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston budjetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qiluvchi inspeksiya tashkil etiladi

Ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda, yirik xo‘jalik yurituvchi subyektlarga o‘z vaqtida va samarali xizmat ko‘rsatish maqsadida ular bo‘yicha soliq ma’muriyatchiligi funksiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalariga yuklatilmoqda.

Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga to‘qnash kelgan halol soliq to‘lovchilar – xo‘jalik yurituvchi subyektlarga soliq ta’tillari berish tarzidagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi shakli nazarda tutilmoqda (soliq ta’tillari – soliq to‘lovchiga ma’lum muddatga soliq to‘lashdan ozod qilish ko‘rinishida imtiyoz berish).

Shuningdek soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish muddati ikki baravarga qisqartirilmoqda. Endilikda ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish soliq to‘lovchi vakolatli organlarga murojaat etgan sanadan boshlab 15 ish kuni ichida amalga oshiriladi.

Yangiliklar lentasi
0