Toshkent yuridik kolleji direktori qator ayblovlar bilan ishdan bo‘shatildi

© Sputnik / Mixail VoskresenskiyPustoe kreslo
Pustoe kreslo - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
U "2-darajali adliya maslahatchisi" maxsus unvon-martaba darajasidan ham mahrum qilingan

TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Toshkent yuridik kolleji direktori Natalya Temirova "2-darajali adliya maslahatchisi" maxsus unvon-martaba darajasidan mahrum qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda O‘zbekiston adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda bildirilishicha, adliya vazirining buyrug‘iga asosan Toshkent yuridik kolleji o‘qituvchilarining murojaati yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.

Xizmat tekshiruvi davomida Toshkent yuridik kolleji faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshirishda N.Temirova tomonidan kadrlarni ishga qabul qilishda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘yilganligi, xodimlarni ishga qabul qilish, ishda qoldirishda ta’magirlik va qonunbuzilishlar mavjudligi, xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari asossiz qo‘llanilganligi, kadrlar qo‘nimsizligi yildan-yilga oshib borganligi aniqlangan.

Toshkentdagi kollejda ikki o‘quvchi pichoqlandi: bir o‘quvchi vafot etdi

Bundan tashqari, o‘quv jarayonida hamda bitiruvchilarga diplom berishda qonunchilik talablari buzilgan, ish yuritish va ijro intizomi masalasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashilgan, topshiriq va ko‘rsatmalarning tizimli ravishda bajarilmagan hamda boshqa bir qator qo‘pol xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Shuningdek, kollej mehnat jamoasi o‘rtasida guruhbozlik va nosog‘lom muhit shakllanganligi, ma’naviy-tarbiyaviy ishlarning o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi va rahbar xodimlarning o‘z xizmat vazifalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi oqibatida 2017-yil 6-oktabr kuni o‘quvchilar tomonidan kollej hududida og‘ir jinoyat sodir etilgan.

O‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, Toshkent yuridik kolleji direktori N.Temirova tomonidan bir qator qonun hujjatlari talablari buzilgan deb topilgan.

Xizmat tekshiruvi davomida aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli huquqiy baho berish uchun tekshiruv materiallari tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi hamda bugungi kunda ular tomonidan kollejda tegishli o‘rganishlar olib borilmoqda.

7 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Adliya, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarining mas’ul rahbar xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda kollej rahbariyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar kollej xodimlari va o‘qituvchilari ishtirokida muhokama qilinib, tashkiliy masala ko‘rildi.

Yuqoridagilarga asosan, ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan jiddiy xato va kamchiliklari uchun Toshkent yuridik kolleji direktori Natalya Sabirovna Temirova "2-darajali adliya maslahatchisi" maxsus unvon-martaba darajasidan mahrum qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Yangiliklar lentasi
0