18:18 19 Iyul 2018
Efir
  • RUB124.54
  • EUR9100.06
  • USD7787.81
Shavkat Mirziyoyev vo vremya vыstupleniya pered deputatami Oliy Majlisa

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Prezident tabrigi

Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Jamiyat
Havola olish
59930

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi eʼlon qilindi.

TOSHKENT, 14 yanv – Sputnik. Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari! 

Qadrli vatandoshlar!

Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bu qutlugʻ sana mamlakatimizda vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat, mardlik va jasurlik kabi ezgu qadriyatlarni, xalqimizga, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislariga xos boʻlgan yuksak fuqarolik fazilatlarini oʻzida mujassam etadigan tom maʼnodagi umumxalq bayramiga aylandi.

Hozirgi kunda dunyoda oldindan aytish qiyin boʻlgan vaziyat hukm surayotgan murakkab bir sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni taʼminlash naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini chuqur anglagan holda, biz 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha qabul qilgan Harakatlar strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirishni ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgiladik.

Ushbu Strategiya asosida biz oʻtgan yil davomida mamlakatimiz hayotining boshqa tarmoqlari qatorida harbiy qurilish sohasida koʻpgina eng dolzarb va muhim masalalar boʻyicha aniq chora-tadbir va harakatlarni koʻzda tutadigan qarorlar qabul qildik, ularni amalga oshirish boʻyicha ishlarni samarali tashkil etdik.

Shu tariqa qisqa vaqt mobaynida aniq natijalarga erishdik, Qurolli Kuchlarimizning kelgusidagi qiyofasini belgilab beradigan strategik tamoyillar va ana shu maqsadga erishishga qaratilgan keng koʻlamli kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishga muvaffaq boʻldik.

Avvalo, tashqi siyosatimizning moslashuvchanligi va ochiqligi, qoʻshnilarimiz bilan doʻstona va amaliy munosabatlarni rivojlantirish, Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini saqlash eng ustuvor vazifa ekani haqidagi printsiplar asosida Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi yangilangan holda qabul qilindi.

2017 yilda Milliy gvardiya va Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi tashkil etildi, harbiy okruglarning tarkibiy tuzilishi va vazifalari tubdan qayta koʻrib chiqildi, qoʻshinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, ularni bosqichma-bosqich zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan taʼminlash boʻyicha muhim qadamlar qoʻyildi.

Mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, armiya va xalq birligini taʼminlash borasida joylardagi davlat hokimiyati organlarining rolini oshirish boʻyicha ishlar butunlay yangi sifat bosqichiga koʻtarildi.

Har bir hududda harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi, ularga bevosita rahbarlik qilish mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari zimmasiga yuklandi.

Unib-oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbida mustahkam hayotiy pozitsiya va Vatanimiz taqdiri uchun yuksak masʼuliyat tuygʻusini shakllantirish maqsadida vatanparvarlik tarbiyasi sohasida mohiyat eʼtiboriga koʻra noyob tizim yaratilib, uning doirasiga mamlakatimiz aholisining keng qatlamlari qamrab olindi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tashkil etilishi va Qurolli Kuchlar tizimida uning birlamchi tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi mamlakatimizda yosh avlod manfaatlarini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati samaradorligini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarimizning mantiqiy davomi boʻldi.

Harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari va faxriylarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish boʻyicha oʻzining koʻlami va miqyosiga koʻra misli koʻrilmagan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hududlarimizda uzoq muddatli, imtiyozli kreditlar berish asosida koʻp qavatli uy-joylar bosqichma-bosqich barpo etilmoqda. Biz bu ishlarni doimiy ravishda davom ettiramiz.

Qadrli doʻstlar!

Amalga oshirayotgan saʼy-harakatlarimiz, armiya va xalqning faol hamkorligi natijasida Qurolli Kuchlarimiz tom maʼnoda jamiyatning ajralmas qismiga, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotining ishonchli kafolatiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylanib bormoqda.

Ayni vaqtda xalqaro terrorizm va ekstremizm xavfining tobora ortib borayotgani, dunyoning ayrim mintaqalarida qurolli toʻqnashuvlar davom etayotgani, tahlikali vaziyat saqlanib qolayotgani Oʻzbekistonning barqaror rivojlanishiga tahdid solmasdan qolmaydi, albatta. Bularning barchasi oldimizda paydo boʻlayotgan tahdid va xatarlarga munosib zarba berishga doimo tayyor boʻlishni talab etadi.

Shu munosabat bilan Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish, uning jangovar tayyorgarligi va qobiliyatini oshirish doimo eʼtiborimiz markazida boʻladi va davlatning eng muhim vazifalaridan biri boʻlib qoladi. Biz ana shu vazifalarni amalga oshirishda Qurolli Kuchlar, harbiy okruglar qoʻmondonligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining faol pozitsiyasiga tayanamiz.

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Mana shu bayram kunida sizlarning jangovar mehnatingiz oʻtgan yillar davomida Qurolli Kuchlarimizning obroʻyi va nufuzini oshirishga katta hissa boʻlib qoʻshilganini alohida taʼkidlashni zarur, deb bilaman.

Aynan sizlarning saʼy-harakatlaringiz bilan Oʻzbekiston milliy armiyasi jadal rivojlanmoqda, uning jangovar qobiliyati va tayyorgarligi izchil oshib bormoqda, mamlakatimizning mudofaa qudrati mustahkamlanmoqda, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti taʼminlanmoqda.

Siz, azizlarni hamda oila aʼzolaringizni Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Jonajon Vatanimizni himoya qilishdek gʻoyat sharafli va masʼuliyatli vazifani ado etishda barchangizga katta yutuqlar, oilaviy baxt-saodat tilayman. 

Shavkat Mirziyoyev,

zbekiston Respublikasi Prezidenti,

Qurolli kuchlar Bosh Qoʻmondoni

Asosiy mavzular