12:06 18 Fevral 2018
Efir
Sotrudnik SNB Uzbekistana

Yonib ketgan avtobus, MXX kelajagi va Babayan futboldan umrbod chetlashtirilishi

AP Photo / Anvar Ilyasov
Jamiyat
Havola olish
Anton Kurilkin
442232

Qozogʻiston choʻlidagi mudhish fojia, Milliy xavfsizlik xizmatidagi islohotlarning xalq muhokamasiga qoʻyilishi va oʻzbek futboli haqida shov-shuvli xabarlar - oʻtgan haftaning eng muhim voqealari boʻldi

TOSHKENT, 23 yanv — Sputnik, Anton Kurilkin. Samvel Babayanni futbol faoliyatidan umrbod chetlashtirilishi, Qozogʻiston fojiasi va MXX islohotlari haqida oʻzbekistonliklarning takliflari — haftaning eng muhim voqealari Sputnik muxbiri jamlanmasida.

MXX vakolatlarini qisqartirish

Oʻzbekistonda "Milliy xavfsizlik toʻgʻrisidagi Qonun" yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilishi muhokama qilindi. Aksariyat fuqarolar MXX vakolatlarini qisqartirish va hodimlar sonini qisqartirishni taklif qilishmoqda.

Eng keskin fikrlovchi fuqarolar esa maxsus xizmat vakolatiga global tahdidlarga qarshi kurashni qoldirish kerakligini bildirishdi, negaki ularning nazdida korruptsiyaga qarshi kurashishga IIV, chegarani qoʻriqlash uchun esa armiya yetarli.

Umuman olganda, barcha takliflar Shavkat Mirziyoyevning murojaati doirasida boʻldi. Prezident ushbu xizmat vakolatlari "asossiz kengayib" ketganligi tufayli isloh qilinishi boʻyicha topshiriq bergandi.

Kontr razvedkachilar bilan nima qilish oʻylab turilgan paytda, bojxonachilar tanqid va stressga tayyorgarlik koʻrishi zarur — davlat rahbari oʻtgan haftada mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini yanada kuchliroq taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.

Hujjatning asosiy qismida prokuratura organiga taalluqli boʻlgan vazifalar oʻrin olgan. Prokuratura bojxona qonunchiligi, bojxonachilar ish faoliyati va qabul qilingan chora-tadbirlarni taftish qiladi.

Bundan tashqari, farmon alohida ishlab chiqaruvchilar va korxonalarga berilgan imtiyozlarni bekor qildi — endi imtiyozlar butun ishlab chiqarish tarmoqlariga beriladi. Qarorga binoan birinchi imtiyozlar Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan shakar ishlab chiqaruvchi zavodlariga nasib qildi.

Qozogʻiston fojiasi

18 yanvar kuni Qozogʻiston trassasida avtobus yonib ketdi, unda 52 nafar Oʻzbekiston fuqarolari halok boʻldi. Faqat 5 nafar kishi omon qoldi. Ikki qavatli "Ikarus" Qozogʻiston davlat raqamlari bilan Rossiya tomon yoʻlga chiqqandi.

Hozircha yongʻin kelib chiqishi sabablari toʻliq aniqlanmagan. Fojea qisqa elektr simi tutashuvi, salon ichida yongʻin chiqishi va olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanishi oqibatida sodir boʻlgan boʻlishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Qozogʻiston IVV maʼlumotlariga koʻra, odamlar birdaniga sarosimaga tushishlari hamda yon eshiklarning bloklangani sababli avtobusni takr etishga ulgurmaganlar. Shuningdek, yoʻlovchilar oʻta kuchli tutundan zaharlangan boʻlishlari, avtobus ichida bagaj soni koʻp boʻlgani singari variantlar ham aytilmoqda.

Voqea joyiga Oʻzbekistondan mutaxassislar yetib borishdi. Ushbu hodisani tergov qilish maqsadida Qozogʻiston va Oʻzbekistonda maxsus komissiyalar tuzildi. Shuningdek, shaxslarni aniqlash boʻyicha ishlar olib borilib, halok boʻlgan fuqarolarning jasadlari Oʻzbekistonga olib kelindi.

Babayan diskvalifikatsiyasi va 89 dollarlik krossovkalar

Sobiq Oʻzbekiston milliy terma jamoasi murabbiyi Samvel Babayan futbol faoliyatidan umrbod chetlashtirildi. Futbol federatsiyasining Ijroiya Qoʻmitasi Samvel Babayan "Paxtakor" futbol klubida faoliyat yuritgan vaqtida futbolchilarning shartnomasi bilan bogʻliq hujjatlarga noqonuniy oʻzgartirishlar kiritganini aniqladi.

OʻFF Ijroiya Qoʻmitasi qaroriga koʻra, Samvel Babayanning 2018 yilgi Jahon Chempionatining saralash oʻyinlari davomida tartib-intizomni yoʻlga qoʻymagani, futbolchilarning jismoniy holatini nazorat qilmagani va ularni oʻz holiga tashlab qoʻygani, ishiga masʼuliyatsizlarcha qarab, oʻzbek futbolining yuzi boʻlgan milliy jamoa darajasini tushirib yuborganini ham inobatga olib, uning bu kabi noxolis faoliyati millionlar oʻyini boʻlgan futbolga nisbatan xalqning noroziligiga sabab boʻlgan.

Bu qarorga Samvel Babayan qanday munosabat bildirgani noʼmalum. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, u hozir Moskva "Spartak" futbol klubida amaliyot oʻtab, jamoa bilan BAAlarda yigʻinlarda ekan.

Bundan tashqari, oʻtgan haftaning eng shov-shuvli xabarlaridan biri sifatida "Paxtakor" stadionida 37 juftlik krossovka oʻgʻirligini ham aytib oʻtish mumkin.

Tekshiruv natijasida oʻgʻirilik 4 nafar yosh yigit tomonidan sodir etilgani aniqlandi. Umumiy hisobda oʻgʻirlangan mol-mulk narxi — 3,3 ming dollarni tashkil qilgan. Jinoyatchilar uzoqqa ketishga ulgurishmadi, ular qoʻlga olindi.

Goʻzallik va nafosat koʻrgazmasi

Haftaning Oʻzbekistonga aloqador boʻlgan yana bir yorqin voqeasi — bu Moskva savdo majmualaridan birida milliy "Doʻppi" koʻrgazmasi oʻtkazilishi boʻldi. Ushbu festival oʻzining doimiy muhlislariga ega. 

Koʻrgazma 15-21 yanvar kunlari oʻtkazildi.

Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlaridan tashrif buyurgan hunarmandlarning yorqin ishlari namoyish etildi. Koʻplab taniqli va yosh ijodkorlar oʻzlarining liboslar toʻplamlari bilan kelishdi.

Koʻrgazma-yarmarkada mehmonlar nafaqat oʻzlariga yoqqan milliy esdalik sovgʻalarni xarid qilish bilan birga oʻzbek milliy taomlaridan tanovvul qilishdi va sharqona kuy-ohanglarni tinglab, bahra olishdi.

Asosiy mavzular