O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Sun’iy urug‘lantirish haqida"gi fatvoni e’lon qildi

Obuna bo‘lish
O‘tgan yilning 16-17 dekabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo islom kengashi fatvo assambleyasining ikkinchi yig‘ilishida aynan sun’iy urug‘lantirish va homilaga taalluqli masalalar muhokama qilindi

TOShKENT, 7 fev – Sputnik. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Sun’iy urug‘lantirish haqida"gi fatvo e’lon qilindi.

"Shu kunlarda ushbu mavzu kun tartibiga chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hatto, ayrimlar yetti yot begona insonning urug‘idan homilador bo‘lib, qilgan ishi joiz emasligini bilgach, endi nima qilaman, deb bosh qotirayotgani ko‘pchiligimizga ma’lum. Shu nuqtayi nazardan, sun’iy urug‘lantirish borasida dinimiz ta’limotida nima deyiladi, qanday usuli joiz-u, qaysinisi harom? Mo‘min-musulmonlar ham bu usullardan foydalansa bo‘ladimi? Shu kabi savollarga batafsil javob beruvchi, ushbu masalalarga aniqlik kirituvchi barcha hukm va ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan fatvo ishlab chiqish va xalqimizga yetkazish bo‘yicha ulamolar qator izlanishlarni olib borishdi", deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy veb-portalida joylashtirilgan xabarda.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mudiri Homidjon qori Ishmatbekov o‘tgan yilning 16-17 dekabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo islom kengashi fatvo assambleyasining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etdi. Ushbu yig‘ilish kun tartibida aynan sun’iy urug‘lantirish va homilaga taalluqli masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari mazkur mavzu doirasidagi barcha jihatlarni o‘rganib chiqqandan keyin "Sun’iy urug‘lantirish haqida"gi fatvoni e’lon qildi.

Fatvoga ko‘ra:

Sun’iy urug‘lantirish amaliyotini o‘ta zarur holatda va faqat o‘rtalarida shar’iy aqdi nikohlari bo‘lgan er-xotinlar orasidagina amalga oshirish mubohdir.

Sun’iy urug‘lantirish amaliyoti uchun o‘rtalarida shar’iy aqdi nikohlari bo‘lgan erkak va ayolning urug‘larini saqlashda begona shaxslarniki bilan aralashib ketmasligi uchun barcha ehtiyot choralarini ko‘rish va albatta, uni ishonchli tabib amalga oshirishi shart.

O‘rtalarida nikoh bo‘lmagan erkak va ayol o‘rtasida sun’iy urug‘lantirish amaliyotini o‘tkazish shar’an man’ etiladi.

Dinu diyonatiga bee’tibor bo‘lmagan, naslu nasabining pok bo‘lishini muhim deb bilgan mo‘min-musulmonlar sun’iy urug‘lantirishning man’ etilgan usulidan foydalanishdan hazarda bo‘lsinlar.

Fatvoning to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Yangiliklar lentasi
0