22:49 16 Oktyabr 2019
Efir
  • RUB147.25
  • EUR10438.58
  • USD9455.24
Shaxnoza Turaxujayeva

Oʻzbekistonning eng yaxshi blogeri mukofotga olgan 15 mln soʻmni nimaga sarflashini aytdi

Farrux Aliyev
Jamiyat
Havola olish
246 0 0

Toshkentda nihoyasiga yetgan Oʻzbekiston blogerlari chempionatida Shahnoza Toʻraxoʻjayeva gʻoliblikni qoʻlga kiritdi

TOSHKENT, 20 iyun — Sputnik, Shahnoza Toʻrabekova. Sputnik muxbiri blogerlar chempionati gʻolibi bilan uchrashdi.

Bloger deganda odatda koʻp vaqtini internetda oʻtkazadigan inson tushuniladi. Bizning qahramonimiz esa undaylarga aslo oʻxshamaydi. Darvoqe, chempionat natijalari eʼlon qilinganidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda Shahnozaning qanday qilib chempionatda paydo boʻlib qolganiyu nima uchun bosh mukofot unga berilgani borasida munozaralar ham boʻldi.

Birinchidan, oʻzbek tilida yozadigan ayol muallifni eʼtirof etishgani uchun tashkilotchi va hakamlarga minnatdorlik bildirishimiz lozim, zero bunday ayollar sanoqli. Ikkinchidan, Shahnozaning shaxsiy sahifasining mavzusi ijtimoiy muammolarga bagʻishlangan. Shuningdek, yana bir alohida sahifasi – adabiy blogi bor.

Chempionatda aynan ijtimoiy mavzudagi ijodiy ishlar baholandi. Chempionat 12 aprelda boshlandi. Unda toʻrt yuzga yaqin bloger ishtirok etdi. Blogerlar tomonidan 470dan ortiq post taqdim etildi. Ikki saralash bosqichidan  soʻng finalga 21 bloger yetib keldi. Ular oʻz ishlarida taʼlim, sogʻliqni saqlash, huquqiy savodxonlik, ekologiya va boshqa sohalardagi eng dolzarb muammolarni olib chiqishdi.

Shahnoza maʼlumoti boʻyicha adabiyotshunos-filolog. U nashriyot korxonasida ishlagan. Bundan tashqari, koʻp yillar davomida “Soʻgʻdiyona” gazetasida ayollar mavzusidagi ruknni olib borgan. "Chempionatdagi birinchi postim ayollar huquqi, ularning qanday muammolar bilan toʻqnash kelishi va bu muammolarni qanday hal qilish mumkinligiga bagʻishlangandi. Zamonaviy jamiyatda ayollarni ular avvalgidek emas deya koʻpchilik ayblaydi. Ammo men barcha muammolarga boshqa tarafdan qarashga harakat qildim. Davlatimiz ular haqida qaygʻuradi, turli ijtimoiy toʻlovlar, alimentlar beriladi. Ammo insonga baliq bersang, uni yeb qoʻyadi, oʻzini oʻzi boqishi uchun unga qarmoq berish kerak, degan gap bor. Va bu qarmoq – bilim, ayollarni oʻqitish kerak, ular yordam va oʻzlariga kerakli maʼlumotlarni olishlari uchun markazlar ochish kerak", — deydi Shahnoza Toʻraxoʻjayeva.

Blogerning aytishicha, u muntazam ravishda yozmaydi, baʼzan kuniga ikki-uch marta, baʼzan esa haftada bir marta yozishi mumkin.

Shahnozaga gʻoliblik keltirgan maqola esa oʻzbekistonliklarning eng ogʻriqli nuqtalaridan biri haqida boʻlib, unda mavjud muammolarni hal qilish uchun hayotiy takliflar berilgan.

Shahnozadan gʻolibligi uchun qoʻlga kiritgan 15 million soʻmni nimaga sarflamoqchi ekanligini soʻradim.

"Bu borada har kuni yangi fikr paydo boʻladi. Ammo aniq bilamanki, kitoblar bilan bogʻliq ishga sarflayman. Xalqaro kitob koʻrgazmasiga borishni yoki oʻz kitobimni nashr etishni istardim. Aytgancha, tez orada birinchi kitobim chop etiladi. Unda oilaviy muammolar va ularni qanday qilib hal etish mumkinligi haqida “Soʻgʻdiyona” gazetasida chop etilgan maqolalarim jamlangan", — deydi Shahnoza.

Qahramonimizning barcha orzulari amalga oshadi deb umid qilamiz. Oʻzbekiston blogerlari chempionati esa mazkur musobaqada bundan keyin ham qatnashish shart ekanligini koʻrsatib berdi.

Asosiy mavzular