04:33 19 Noyabr 2019
Efir
  • RUB149.01
  • EUR10498.56
  • USD9500.96
Shavkat Mirziyoyev provel soveщaniye, posvyaщennoye voprosam sozdaniya atomnoy energetiki v Uzbekistane

Mirziyoyev atom elektr stantsiyasini qurish boʻyicha muhim topshiriqlar berdi

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Jamiyat
Havola olish
Oʻzbekistonda atom elektrostantsiyasi qurilishi (26)
143450

Atom elektr stantsiyasi barpo etilishi natijasida yiliga 3,7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.

TOSHKENT, 10 iyul — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni respublikada atom elektr energetikasini barpo etish boʻyicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda elektr energiyasiga boʻlgan talab 69 milliard kilovatt-soatni tashkil etadi. Bu quvvatning qariyb 85 foizi gaz va koʻmirni yoqish orqali, qolgan 15 foizi gidroelektr stantsiyalarida ishlab chiqariladi. Buning uchun yiliga 16,5 milliard kub metr tabiiy gaz, 86 ming tonna mazut va 2,3 million tonna koʻmir sarflanadi.

Kelgusida iqtisodiyot oʻsishi, aholi soni va turmush darajasi oshishi evaziga elektr energiyasiga boʻlgan talab yanada ortadi.

"Bu sohada faqat tabiiy gaz va koʻmirdan foydalanishni davom ettiraversak, ularning mavjud zaxirasi maʼlum vaqtdan keyin tugab qolishi mumkin. Bu esa kelajak avlod oldida kechirib boʻlmaydigan xato va jinoyat boʻladi", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois Oʻzbekistonda tinch maqsadlarda foydalanish uchun atom energetikasini barpo etishga kirishildi. Rossiyaning "Rosatom" davlat korporatsiyasi hamkorlikda atom elektr stantsiyasini qurish boʻyicha kelishuvga erishildi. Mazkur kompleks 2 ta energoblokdan iborat, har birining quvvati 1 ming 200 megavatt boʻladi. Atom elektr stantsiyasi uchun dunyodagi eng xavfsiz va zamonaviy egergoblok tanlab olingan. Uni 2028 yilgacha ishga tushirish rejalashtirilgan.

Atom elektr stantsiyasi barpo etilishi natijasida yiliga 3,7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bu manba qayta ishlanib, yuqori qoʻshilgan qiymatli neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Atom energiyasi ekologik toza ham. Bunday stantsiyalar zararli is gazini hosil qilmaydi. Natijada tabiiy gazni yoqishdan hosil boʻladigan va atrof-muhitga tarqaladigan is gazi hajmi yiliga 3 million tonnaga kamayadi.

Yigʻilishda atom elektr stantsiyasini qurish, undan foydalanish, xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq tashkiliy-texnik va amaliy ishlar muhokama qilindi.

Prezident shunday obʼyektlarni qurish boʻyicha rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ish tutish, atom elektr stantsiyasini joylashtirish boʻyicha texnik shartlarni ishlab chiqish va geologik-qidiruv ishlarini sifatli bajarish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Oʻzbekistonda yangi boʻlgan ushbu sohaga doir normativ-huquqiy baza yaratish, "Atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisida"gi qonun va tegishli qaror loyihalarini ishlab chiqish, ularning MAGATE talablari va xalqaro hujjatlarga muvofiqligiga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

"Bu boradagi barcha ishlarni muvofiqlashtirish, hujjatlarni tayyorlash, loyihalashtirish ishlari va muzokaralar olib borish uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida yangi tashkilot tuzish kerak. Shu bilan birga, ushbu tashkilot huzurida atom elektr stantsiyasini qurish direktsiyasini ham tuzish zarur. Keyinchalik ushbu direktsiya atom elektr stantsiyasining operatori boʻlib qoladi", — dedi Oʻzbekiston rahbari.

Maʼlumki, atom elektr stantsiyasini qurish va undan foydalanishda eng zamonaviy va murakkab texnologiyalar qoʻllaniladi. Buning uchun esa yuqori saviyali va chuqur bilimga ega boʻlgan mutaxassislar kerak. Shu bois Toshkentda fizika sohasida dunyoda yetakchi taʼlim muassasalaridan biri hisoblangan Moskvaning muhandislik-fizika institutining filialini ochish moʻljallanmoqda.

Shuningdek, fizika va texnika yoʻnalishlaridagi oliy oʻquv yurtlarini bitirgan salohiyatli kadrlarni tanlab olib, ularni Moskva va Minskka oʻqishga hamda atom elektr stantsiyalarida tajriba orttirishga yuborish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Yigʻilishda har bir bosqichdagi ishlarni puxta ishlab chiqish va amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini qatʼiy nazoratga olish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Mavzu:
Oʻzbekistonda atom elektrostantsiyasi qurilishi (26)

Asosiy mavzular