06:31 17 Avgust 2018
Efir
  • RUB115.07
  • EUR8888.62
  • USD7790.20
Snos doma

Zarar oʻrni qoplab beriladi: Oʻzbekistonda mulk daxlsizligi kafolatlari kuchaytirildi

© Sputnik / Vitaliy Belousov
Jamiyat
Havola olish
289 0 0

Oʻtgan ikki yil ichida respublika boʻyicha 4 689 ta turar va 1 456 ta noturar-joy buzilgani, yer uchastkalarini olib qoʻyishda ayrim hokimliklar tomonidan qonunchilik talablariga rioya etilmagani aniqlandi.

TOSHKENT, 9 avg — Sputnik. Oʻzbekiston prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni koʻplab qonun buzilish holatlarini bartaraf etdi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar qildi.  

Davlat organlari va mansabdor shaxslar hokimiyat vakillari hisoblanadi. Ular oʻz vazifalarini davlat nomidan amalga oshirishadi. Aholi va tadbirkorlik subʼyektlari davlat organlari tomonidan qabul qilingan qarorlarni davlatning qarori, deb bilishadi va unga ishonch bildirishadi.

Demak, har qanday maʼmuriy qaror davlatning aytgan soʻzi, deb tushuniladi. Investor yoki tadbirkor maʼmuriy hujjat asosida davlatga ishonib, oʻz mablagʻlarini maʼlum bir faoliyat turiga yoʻnaltiradi.

Biroq, qonun hujjatlaridagi ayrim boʻshliqlar tufayli qator muammolar yuzaga kelayotgani sir emas. Maʼmuriy hujjatlarning baʼzi sabablarga koʻra, yuqori turuvchi organ tomonidan yoki shu hujjatni qabul qilgan organning oʻzi tomonidan bekor qilinishi, sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi kabi holatlar kuzatiladi. Bunday hollarda bekor qilingan maʼmuriy hujjatga ishonib, oʻz faoliyatini boshlagan tadbirkor yoki investor zarar koʻrib qolar va bu zarar qoplab berilmas edi.

Yer uchastkalarini olib qoʻyilishida qonun hujjatlariga rioya etilishi ahvoli oʻrganilganda, oʻtgan ikki yil ichida respublika boʻyicha 4 689 ta turar va 1 456 ta noturar-joylar buzilganligi, yer uchastkalarini olib qoʻyishda ayrim hokimliklar tomonidan qonunchilik talablariga rioya etilmagani aniqlandi. 

Jumladan, 688 ta holatda buzilgan turar-joy egalari oldindan yozma ravishda xabardor qilinmagan, 985 ta holatda xabardor qilish muddatiga rioya qilinmagan. Shu bilan birga, qonun hujjatlariga zid ravishda 100 ta holatda buzilgan turar-joy uchun baholanmasdan kompensatsiya toʻlangan hamda 391 ta holatda esa turar-joylar buzilgandan keyin baholangan.

Bundan tashqari, respublika boʻyicha turar-joylari buzilgan 37 nafar mulkdorga – 3 mlrd. 252 mln. soʻm kompensatsiya toʻlovi umuman toʻlanmagan, 215 nafariga esa – 15 mlrd. 67 mln. soʻm kompensatsiya toʻliq toʻlab berilmagan.

Shu kabi qonun buzilishlarini bartaraf etish va mulk daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya muhitni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, qator kafolat va imtiyozlar yaratildi. Xususan:

Farmonda birinchi marta “Ishonchni himoya qilish printsipi” tushunchasi qoʻllanildi. Unga koʻra, davlat organining maʼmuriy hujjati haqiqiy emas, deb topilsa yoki bekor qilinsa, uning natijasida investor va tadbirkorga yetkazilgan mulkiy zararning oʻrni qoplab beriladi.

Buning uchun quyidagi shartlarga amal qilingan boʻlishi kerak:

1) tadbirkor tomonidan maʼmuriy hujjat asosida maʼlum bir qiymatda investitsiya kiritilgan boʻlishi;

2) investor va tadbirkorning insofli boʻlishi (qonun hujjatlariga rioya qilgan holda ish olib borgan, maʼmuriy hujjatni chiqarish uchun pora bermagan);

3) hujjat qabul qilingandan keyin maʼlum vaqt oʻtgach, haqiqiy emas, deb topilgan yoki bekor qilingan.

Mulkiy zarar birinchi navbatda, tegishli organlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi, keyinchalik aybdor mansabdor shaxsdan regress tartibida undirib olinadi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarma tashkil etilgan.

Investor va tadbirkorning qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan maʼmuriy hujjatni bekor qilish yoki unga oʻzgartirish kiritish faqat sud tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Ilgari tuman hokimi oʻzi chiqargan qarorga oʻzi oʻzgartirish kiritish huquqiga ega boʻlgan. Bu korruptsion holatlarning paydo boʻlishiga olib kelar edi. Endilikda investor va tadbirkorlar sudda oʻzlarining manfaatlarini tomonlarning tengligi printsipi asosida himoya qilish imkoniyati ega boʻldilar.

Asosiy mavzular