15:28 20 Avgust 2019
Efir
  • RUB138.47
  • EUR10092.14
  • USD9061.00
Tanzila Narbayeva

Norboyeva siyosat va ayollar, zoʻravonlikka qarshi qonun hamda oʻzgarayotgan nikoh yoshi haqida

© Sputnik / Dilshoda Raxmatova.
Jamiyat
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
152833

Oʻzbekiston ayollari yetakchisi Tanzila Norboyeva soʻzlariga koʻra, bugungi kunda oʻzbek ayollari orasida faollashuv kuzatilmoqda. Kechagi "jurʼatsizlik" ularni sekin boʻlsa-da, tark etmoqda. Buning boisi esa yangi rahbar boshchiligida ulkan islohotlar maydoniga aylangan Oʻzbekistonda ayolga boʻlgan eʼtibor va munosabatning tubdan qayta koʻrib chiqilishida

- Tanzila Kamalovna, avvalambor, intervyuga rozilik berganingiz uchun tashakkur.

- Xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatiga, ayniqsa, ayollar huquqini taʼminlash masalalariga bildirayotgan qiziqishingiz uchun sizga tashakkur.

- Sizning rahbarligingizda Respublika xotin-qizlar qoʻmitasi zoʻravonlikka qarshi kurashga qaratilgan keng koʻlamli loyihani yoʻlga qoʻydi. Bugungi kunda poytaxtda zoʻravonlik qurboniga aylangan oʻzbek ayollari uchun boshpanalar - krizis markazlar ishga tushganidan xabardormiz. Aytingchi, ushbu loyiha toʻsatdan hayotga tatbiq etildimi yoki maʼlum ishlar amalga oshirilgandimi?...

- Bilasizmi, bu uzoq yillar davomida ayollar muammosida toʻplanib qolgan eng katta “dard”lardan biri. Albatta, Mustaqillik yillarida xotin-qizlar qoʻmitasi ayollar huquqini taʼminlash, teng imkoniyatlar yaratib berish, shuningdek, bandlik va sogʻlomlashtirish masalalari, jamiyat tayanchi - oilani mustahkamlash singari muhim jabhalarda faoliyat olib borishdi. Lekin respublika boʻyicha xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatini jiddiy tahlil qiladigan boʻlsangiz, "zoʻravonlik" yoki "ayol huquqining poymol etilishi" kabi soʻzlarni uchratmas edingiz... 2017 yil muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovich tomonidan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb eʼlon qilingach, yaʼni biz aholi bilan, ayniqsa, joylarda ayollar bilan muloqot qila boshlagach, uzoq yillar davomida gapirilmay kelgan, ommaga olib chiqilmagan muammolarni aniqlay boshladik.

Bu yerda qaysidir tuzilmalarni, deylik, huquqni muhofaza qilish organlari, xotin-qizlar qoʻmitalari yoxud shu masalalar bilan shugʻullanadigan boshqa muassasalarni ayblash ham nojoiz. Bu muammolar tub negizi insonlar dunyoqarashiga borib taqaladi, deb bilaman. 

Zoʻravonlik nima oʻzi? Bu haqda hech kim bizga gapirmagan.

Ayolga nisbatan uning turmush oʻrtogʻi yoki ish joyida rahbar tomonidan, shuningdek boshqa joylarda amalga oshiriladigan harakatlar, shunchaki “tabiiy holat”dek qabul qilinib kelgan. Bu narsaga hech kim zoʻravonlik sifatida qaramagan. Qolaversa, ayollarning oʻzlari ham ushbu holatlarga koʻnikkan edilar.

Deylik, turmush oʻrtogʻi unga qoʻl koʻtardimi, demak, bu shunday boʻlishi kerak. Axir u oila boshligʻi, u bunday qilishga haqli. Yaʼni ayol itoatkor mavjudot sifatida bu narsalarning barchasini hazm qilavergan.

- Yaʼni, sizningcha, bu yerda mentalitet katta rol oʻynagan?

- Mentalitet, anʼanalar va shu vaqtgacha yillar davomida shakllanib kelgan stereotiplar rol oʻynagan, albatta. Hech kim ayol oilada xuddi erkak singari haq-huquqlarga ega degan gapni aytmagan. Albatta, oʻzbekona milliy urf-odatlarimizda turmush oʻrtoqga boʻlgan hurmat nazarda tutiladi. Muqaddas Qurʼoni Karimda ham ota-onaga, aka-ukaga, qolaversa, ayolga boʻlgan hurmat borasida yozilgan. Lekin yillar davomida bu anʼanalar buzib kelingan. Bu esa oqibatda oilalarda ajrimlar, suʼiqasdlar soni koʻpayishiga olib kelgan. Aynan oʻzbekona urf-odatlarimiz, mentalitetimiz tufayli ayollarimiz bu haqda kimgadir "yorila" olmagan.

- Maishiy zoʻravonlik boʻyicha rasmiy statistika mavjudmi?

- Yoʻq, umuman mavjud emas. Oʻzbek ayollari bu singari holatlarni "odatiydek" qabul qilishgani uchun hech kim bu holatlarni sanashni hatto xayoliga keltirmagan. Albatta, zoʻravonlik, qotillik va mudhish jinoyatlar bilan bogʻliq boʻlmagan boʻlsa.

Qolgan holatlarda, deylik, erning xotinni doʻpposlashi, ayolning sababsiz ishdan haydalishi, ayol  shaʼnining yerga urilishi – bularni hech kim sanamagan. Va bu borada hech qanday statistika yoʻq. Ayollar bilan ochiq muloqotni boshlagach, ushbu masala mamlakatimizda qanchalik chuqur ildiz otganini tushundik.

- Loyiha ishga tushdi. Bugun respublika boʻylab zoʻravonlik qurbonlari uchun shelterlar, yaʼni boshpanalar tashkil qilinmoqda. Bu ish ayollar huquqini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekistonda ilk marotaba yirik koʻlamda amalga oshirilayotgan inqilobiy loyiha, deb hisoblash mumkin. Lekin savol tugʻiladi. Loyihani boshlab, deylik, ichki ishlar organlariga ish orttirib, keyinchalik mablagʻ yetishmasligi tufayli yarim yoʻlda toʻxtab qolishlar boʻlmaydimi?

- Ushbu loyiha byudjeti aniq belgilab berilgan. Xotin-qizlar qoʻmitalari qoshida ayollarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tashkil qilingan. Mablagʻlarning bir qismi mana shu jamgʻarma hisobidan qoplanadi. Qolaversa, quyi palata qoshida tashkil qilingan ijtimioy grantlar ajratish jamgʻarmasi ham bu loyihaga koʻmak beradi.

Mustaqillik yillarining boshida viloyatlarimizda hozirgi kabi shelterlar tashkil qilingan. Xabaringiz boʻlsa, Samarqand va Buxoroda bittadan saqlanib qolgan. Lekin bugungi kunda ular achinarli holatda. Chunki moliyalash manbalari mavjud emas.

Qoʻmita tomonidan tashkil etilayotgan shelterlar esa – stabil markazlar boʻladi. Ularning material-texnik bazasi toʻlaligicha mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklatilgan. Hozirda hududlarimizda jami 130 ta markaz tashkil qilganmiz, ishlarni toʻliq 2019 yilning birinchi kvartalida yakunlaymiz.

Hozircha muammo kadrlarni tayyorlash masalasiga borib taqalmoqda. Davlatimiz rahbari jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan videoselektor yigʻilishlarining birida psixologlar faoliyati mutlaqo talabga javob bermasligini aytgan edi. Yaʼni biz yillar davomida bu yoʻnalishda ishlamaganmiz. Bugungi kunda shelterlarni ishga tushirib, biz ham kadrlar tanqisligi muammosini juda qattiq his qilmoqdamiz.

Lekin vaziyat oʻzgarishidan umidvormiz. Joriy yilda xalq taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli oliy taʼlim dargohlarida psixologiya yoʻnalishida kvotalar soni koʻpaytirilgan.

- Mana zoʻravonlik qurbonlari boʻlgan ayollar uchun 1146 raqamli ishonch telefoni ishga tushirilgach, shu vaqtgacha nechta murojaat qabul qilindi?

- Avvalambor, shuni aytishim kerak-ki, bizning ayollar, oʻzbek ayollari - uydan tashqariga gap olib chiqishni xohlamaydi. Chunki shunday boʻlgan taqdirda, deylik, qaynona kelinni umuman qabul qilmasligi mumkin. Qoʻshnilar muhokama qilishi mumkin. Agar oilada sovuq munosabat boʻlgan boʻlsa, ayolni haydashlari, undan voz kechishlari ham ehtimoldan xoli emas.

Shu bois, oʻz muammolari haqida baralla aytadigan boʻlsa, ayolga oson boʻlmaydi.

Ishonch telefonini ham aynan shu maqsadda kiritdik. U toʻliq maxfiy tarzda ishlaydi. Ayol kelib maslahat olishi yoki kimning yordamiga muhtojligini aytishi mumkin. Biz avvalo zoʻravonlikka uchragan ayolning holatiga qaraymiz. Lekin afsuski, ayollarning aksariyati hali bu yangilikka tayyor emasligi maʼlum boʻldi.

Zoʻravonlik qurbonlari uchun tashkil qilingan bu qisqa raqamlarga ayollarimiz turfa masalalarda qoʻngʻiroq qilishmoqda. Bir yarim oy ichida 700 tadan ziyod qoʻngʻiroqlarni qabul qilgan boʻlsak, shulardan 40 dan sal ziyodi zoʻravonlik boʻyicha ekani aniqlandi.

Ayollar aksariyat hollarda kvartira olish, ish topish, kredit rasmiylashtirish masalalari boʻyicha murojaat qilishgan. Hatto yarim kechasi soat uchda uyiga muzlatkich soʻrab qoʻngʻiroq qilganlar ham boʻldi...

Shu bois, biz bugun gudoklar oʻrniga operator ovozini kiritdik. Endilikda qoʻngʻiroq qilganlarga bu raqam zoʻravonlik qurboniga aylangan ayollar uchun tashkil etilgani va ular boshqa masalalar boʻyicha xotin-qizlar qoʻmitasining hududiy boʻlinmalariga murojaat qilishlari mumkinligi haqida axborot beriladi.

Oʻylaymanki, holat tez orada tartibga solinadi, ayollarimiz koʻnikadi. Bu bizning kamchiligimiz boʻlsa kerak, qisqa raqamlar maqsadi haqida kengroq tashviqot ishlarini olib borish kerakdir balki.

- Tanzila Kamalovna, mana 40 dan sal ziyod boʻlsa ham zoʻravonlik qurbonlari aniqlangani haqida aytdingiz. Jabrlanuvchilar emas, zoʻravonlar haqida ham toʻxtalsak. Ularni qay tarzda jazolash koʻzda tutilmoqda? Yoki hammasi suhbatlar, tushuntirishlar bilan yakun topadimi?

- Toʻgʻri, bu yangi tizim. Lekin shuni aytishim mumkin-ki, hozirda qonun ishlab chiqilgan oiladagi janjal profilaktikasi toʻgʻrisida. Hujjat nomi belgilangani yoʻq. Qonunda zoʻravonlik tushunchasiga aniqlik kiritiladi, qolaversa qaysi muassasa nima uchun javobgarligi aniqlashtiriladi.

Ushbu qonun qabul qilinishi bilan biz ham qandaydir choralar koʻrishga tayyor boʻlamiz. Agar zoʻravonlik faktlari oʻz tasdigʻini topsa, yaʼni ayolni kaltaklashsa va u eri ustidan ariza yozishga tayyor boʻlsa, u holda erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining maʼlum moddalari boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatiladi.

Qonunlarimizda zoʻravonlikka nisbatan jazo belgilangan, ammo bu soʻz tushunchasi mavjud emas. Zoʻravonlik sodir etganlarga nisbatan jazo jarima bilan cheklanadi, ogʻirroq jazo yoʻq. Umid qilamizki, ushbu qonun bu holatlarga ochiqlik kiritadi. Qonun hozirda vazirliklar oʻrtasida muhokama qilinmoqda. Koʻpchilik ham taklif ham tanqidiy fikrlar bildirmoqda. Yaʼni hujjat katta jamoatchilik ekspertizasidan oʻtmoqda.

Qonun loyihasi rasmiy saytimizda ham eʼlon qilingan. Bundan tashqari qoʻmitalarimiz tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Oʻylaymanki, bir-ikki oy ichida u qonunchilik palatasiga kiritiladi.

- Endigi savolim birinchi marta turmush oʻrtogʻi qoʻl koʻtargan ayol borasida. U nima qilishi kerak: ketsinmi, yoki qolib gaplashsinmi?...

- Hammasi er-xotinning oʻzaro munosabatlariga bogʻliq, deb oʻylayman. Bunday holatlarda barchaga tayyor bir xil tavsiya berish mumkin emas.

- Lekin baribir fikringiz qiziq?

- Mening fikrim shunday: hech kim ayol kishiga qoʻl koʻtarishga haqli emas. U kim boʻlishidan va nima qilganidan qatʼi nazar. Bu gap erkaklarga ham tegishli. Hech kim inson shaʼnini yerga urishga haqli emas. Biz bunday munosabatlarga mutlaqo qarshimiz. Agar shunday holat roʻy bergan boʻlsa, janjal kattalashmasligi va u salbiy oqibatlarga olib kelmasligi uchun ikkala tomon ham maʼlum muddatga bir-biridan uzoqlashgani maʼqul. Bunda ular oʻz his-tuygʻularini sinaydilar va oʻzlariga kelib oladilar. Balki erkak bu ishni jahl ustida qilgandir va ayol uni kechirar... Buni faqat ikkisi hal etadi.

Ayol erni kechiradigan taqdirda yoki aksincha, yoʻq, u jazolanishi kerak, degan toʻxtamga keladigan boʻlsa ham biz unga yordam berishga tayyormiz. Oʻsha ayol va uning eri uchun ruhshunos yordamini tashkillashtiramiz. Psixolog ular bilan individual ishlab, bunday harakatlar oilaviy munosabatlarda kelajakda boʻlmasligi kerakligiga ishontirish borasida ish olib boradi.

- Zoʻravonlik qurbonlari qaysi ijtimoiy guruhlarda koʻproq?

- Bilasizmi, uzoq yillar davomida ijtimoiy sohada faoliyat yuritib kelaman. Ayollar bilan bogʻliq muammolar nafaqat zoʻravonlik, balki jinoyatchilik bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin. Deylik, ayol adashib notoʻgʻri yoʻlga kirib qolgandir. Bu kabi ayollar birinchi navbatda oʻzini himoya qilishga qodirmas, ularning oʻz kuchiga boʻlgan ishonchi sust.

Yaʼni yetarli taʼlim olishmaganidan va kasb-hunarga ega emasligidan ular hayotdagi qiyinchiliklarni yengib oʻtishga tayyor emas. Irodasiz.

Mana shunday ijtimoiy guruhlar oʻrtasida zoʻravonlik qurbonlari koʻp.

Xotin-qizlar qoʻmitasidagi faoliyatim davomida shunday qarorga keldim, biz bugun birinchi navbatda qizlarimizning taʼlim olishiga eʼtibor qaratishimiz kerak. Biz, oʻzbeklarda "Qiz bola birovning xasmi" degan gap bor. Biz qiz bolani birovning boyligi deb bilamiz. Eʼtiborni koʻproq oʻgʻil bolalarga qaratishga intilamiz. Oʻgʻlimizni oʻqitamiz, kasb-hunarli qilamiz. Mard va vatanparvar boʻlsin deb armiyaga kuzatamiz. Oʻgʻil bolaning hayotga tayyorgarligiga jiddiy eʼtibor qaratamiz.

Qiz bolaga esa... eʼtiborlimasmiz. Uni faqat ovqat pishirish, tikish-bichish va mehmon kutishga oʻrgatamiz.

- Xizmatkor demoqchisiz yaʼni?

- Ha, xizmat qilishga. Qiz bola birinchi kundanoq mana shu narsalarga oʻrgatiladi. Shu bois, hozirda qizlar tarbiyasi, ularni hayotga tayyorlash boʻyicha juda katta kampaniyani boshlab yuborganmiz. Bu ish barcha viloyatlarda amalga oshirilmoqda.

Qizlarimiz kelajakda his-tuygʻularini boshqara oladigan, oʻziga ishonadigan va mustahkam oyoqda turadigan boʻlmogʻi lozim. Qoʻlida hunari bor ayol erta hayotida biror noxushlik roʻy berganida ham oʻzini yoʻqotib qoʻymaydi. Hatto 2-3 nafar farzandi boʻlsa ham, oʻz yoʻlini topa oladi.

Buning uchun birinchi navbatda ota-onalar bilan ishlashimiz kerak. Mana, hayotga tayyor boʻlmagan bir avlod yoshlarni oldik. Oqibatlarni ham koʻrib turibmiz. Yoshlar oʻrtasida ajrimlar, jinoyatlar soni ortib ketdi. 

Davlat rahbarimiz aynan shu holatga qattiq eʼtibor qaratganlaridan judayam mamnunmiz. U kishi muammoni tub ildizini koʻra bildi. Va bugungi kunda tarbiyaga katta eʼtibor qaratmoqdalar.

Chunki yomonlik ildizi – oiladagi tarbiyada boʻladi. Men shunday fikrdaman.

- Muntazam ravishda maishiy zoʻravonlik qurboni boʻlib kelayotgan ayollarga qanday yordam berasizlar? Bular nima qilishi kerak?

- Ayolning muntazam zoʻravonlikka duchor boʻlishi, uning hayotini xavf ostida qoldirishi mumkin. Bu ruhiyat buzilishi, asabiylik va buning oqibatida organizmning butkul buzilishi demak. Qolaversa, bu holat farzandlar tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Shu bois, bu singari zoʻravonlikni har qanaqasiga toʻxtatishimiz kerak. Agar oʻsha bosqichda masalani hal etish imkoni yoʻq ekan, er-xotinni ajratish kerak.

Bilasizmi, biz bunday oilalarni yarashtirish tarafdori emasmiz. Baʼzilar, mana mahallalarda yarashtiruv komissiyalaringiz bor, ular, albatta yarashtirishi kerak, sizlar esa bunday qilmaysizlar, deya bizni tanqid qilishadi. Bu notoʻgʻri. Ajrashuv arzimas masala tufayli boʻlsa, yarashtirish mumkin. Masalan, sarpodagi kamchiliklar yoki arzimas mojaro. Ammo siz aytgandek, muntazam ravishda zoʻravonlik boʻladigan taqdirda, juftlik ajrashishi kerak.

Menga bu masalada koʻplab ayollar murojaat qiladi. Biz shunday vaqtlarda bu ayol eridan ketishi kerak, degan qarorga kelamiz. Shu bilan birga ayol endi qayerga borishi haqida ham oʻylaymiz. Yaʼni eri bu ayol uchun nima qilib bera oladi? Aliment, boshpana bilan taʼminlash masalalari, bolalarni bogʻchaga joylash, yaʼni oʻsha ayolning normal hayot kechirishi uchun lozim boʻlgan shart-sharoitlarni yaratish masalasida ish olib boramiz.

Ayol zoʻravonlikni unutishi va hech qachon bunga dosh bermasligi lozim.

- Aytingchi, qizlar oʻrtasida turmushga chiqish tendentsiyalari hozir qanday? Ular hayotlaridagi bu muhim qarorni qabul qilish oldidan balki koʻproq mulohaza qila boshlagandir?..

- Birinchi galda aytish lozimki, bizda qizlar uchun oila qurish yoshi 17 yosh, yigitlar uchun 18 yosh etib belgilangan. Ishga layoqatlilik Fuqarolik kodeksi boʻyicha 18 yoshdan boshlanadi. Oila kodeksiga ikkala jins uchun ham oila qurish yoshini 18 yosh etib belgilash boʻyicha taklif kiritdik.

...Bilasizmi, tahlillar davomida bizga shu narsa ayon boʻlmoqda-ki, qizlar hozir oʻrtacha 21-23 yoshda, yigitlarimiz 24-25 yoshda oila qurishmoqda. Erta turmushga chiqish holatlari juda kam, deyarli yoʻq. Bu kechagi yoshlar emas. Ular shoshilishmayapti.

- Bugungi kunda oʻzbek ayolining jamiyatdagi mavqei oʻzgarayaptimi?

- Tubdan oʻzgarmoqda. Faoliyatim tufayli oldingi davrlarda xotin-qizlar qoʻmitalari qanday ishlashganini koʻrganman. Oʻsha vaqtda ayolning jamiyatdagi oʻrni qanday boʻlganini bilaman. 

Oʻzbekistondagi mehnat resurslarining 46%ini ayollar tashkil etadi. Yaʼni ayollarimiz iqtisodiyotimiz rivojiga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Ular barcha jabhalarda faoliyat yuritishadi.

Xalqaro tashkilotlar bizni koʻpincha qaror qabul qilishda ayollar kamchilikni tashkil etayotgani uchun tanqid qiladi, yaʼni rahbarlik lavozimlarida ayollar kamligi uchun.

- Siyosatda, deylik...

- Ha, siyosatda. Lekin bu holat bugun oʻzgarmoqda. Agar besh yil oldinni olib qaraydigan boʻlsak, birorta ham vazir ayol boʻlmagan. Saidova Galina Karimovnadan boshqa. Hatto vazir oʻrinbosalari ham boʻlmagan. Endi olib qaraydigan boʻlsak, Senat raisi oʻrinbosari, mehnat masalalari boʻyicha Senat qoʻmitasi raisi - ayol. Maktabgacha taʼlim vazirligiga Agrippina Shin rahbar etib tayinlandi. Madaniyat vaziri oʻrinbosarlari, sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosarlari, bundan tashqari yirik jamoat tashkilotlari rahbarlari orasida ham ayollarimiz bor.

Parlamentda 15%, senatda 17% ayollar boʻlgani bilan, quyida, xalq deputatlari tuman kengashlarida ular 50%ni tashkil etadi.

Ayollarning siyosiy jabhada soni kamligi sababini - ularni ushbu jarayonlarga tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarning kamchiligida, deb bilaman.

Shuni taʼkidlamoqchimanki, ayol rahbar boʻlgan joylarda jinoyatchilik foizi past, ayniqsa, oʻz-oʻzini boshqarish organlarida. U yerda tartib bor, ajrimlar kam.

Bilasizmi, Oʻzbekistondagi ayollar juda isteʼdodli. Ilm-fan taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan olima ayollarimiz soni juda koʻp.

2017 yilda innovatsiyalar boʻyicha bir loyihani boshlagan edik. Oʻzbekiston ayollarining eng yaxshi 100 ta innovatsion gʻoyalari boʻyicha.

Menda avvalida ikkilanish boʻlgan boʻlsa, hatto chekka viloyatlardan ushbu loyihada ishtirok etish istagini bildirgan ayollarimiz borligini koʻrib, hayratim yanada oshgan. Oʻzbekiston ayollari robototexnika yaratish sohasidan tortib, fermerlikkacha boʻlgan sohalarda oʻzining innovatsion gʻoyalarini taqdim etishdi, ishonasizmi?!

Biz 4000 ishtirokchidan 100 nafarini ajratib oldik va ularni diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirladik. Ammo gap sovgʻada emas, muhimi, biz ayollarimizga ular qilgan kashfiyotlarni xalq xoʻjaligida joriy etishda koʻmaklasha boshladik.

Masalan, patent olishda koʻmaklashdik. Va bu ayollarga ular maʼlum bir vazirlik bilan hamkorlik qilishlari uchun sharoit yaratdik.

Yuz nafar ayollar orasidan eng iqtidorlilarini saralab olib, joriy yil Janubiy Koreya hamda Xitoy davlatlarida oʻtkazilgan xalqaro tanlovlarga yubordik. Xitoyda bizning oʻzbek ayollarimiz Gran-pri olishga muvaffaq boʻlishdi.

(davomi bor)

Asosiy mavzular