21:39 15 Noyabr 2018
Efir
  • RUB121.79
  • EUR9374.66
  • USD8271.27

Artikxodjayev Yunusobod "raygaz" rahbarini majlis zalidan nega quvib yubordi?

Ramiz Baxtiyarov
Jamiyat
Havola olish
493440

Chilonzor va Yunusobod tumanlarida is gazining sizib chiqishi oqibatida 7 kishi halok boʻldi. Baxtsiz hodisalar arzon boshpana qurish bilan shugʻullanadigan tadbirkor tomonidan qurilgan yangi uylarda yuz bergan

TOSHKENT, 3 noya - Sputnik. Oʻzbekiston poytaxtidagi "Xalqlar doʻstligi" saroyida oʻtkazilgan fuqarolar hayoti xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan katta yigʻilishda Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjayev Yunusobod tumani gaz taʼminoti korxonasi rahbarini ishdan oldi va majlis zalidan quvib yubordi, deb xabar bermoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.

© Sputnik / Dilshoda Raxmatova.
Toshkent shahrida fuqarolar hayoti xavfsizligiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi

Yunusobod "raygaz" rahbarining ishdan olinishi 1-noyabr kuni Yunusobod tumanida yuz bergan hodisa - uch kishining gaz isidan zaharlanishi va vafot etishi bilan bogʻliq. Maʼlum boʻlishicha, uch nafar fuqaro Toshkentda ishlayotgan yollanma ishchilar boʻlgan va ular tabiiy gazdan isinish maqsadida foydalanishgan.

Artikxodjayev yigʻilish davomida Oʻzbekiston poytaxtida soʻngi vaqtlarda yuz bergan qator koʻngilsiz hodisalar: ovqatdan va is gazidan zaharlanish holatlari birinchi darajadagi rahbarlarni ham qattiq oʻylantirayotgani va ular bu masalalarga aniq javob va choralar koʻrilishi talabini qoʻyishganini maʼlum qildi.

Toshkent shahar gaz taʼminoti rahbari oʻz hisobotida Yunusoboddagi yollanma ishchilarning oʻlimiga tabiiy gazdan oʻzboshimchalik bilan foydalanganlik sabab boʻlganini aytib oʻtilgan boʻlsada, Toshkent hokimi Jahongir Artikxodjayev yangi qurilgan uylardagi (Yunusobod va Chilonzordagi hodisalar yangi qurilgan uylarda yuz bergan) isitish qozonining gaz chiqib ketadigan qismiga plastmassa (kanalizatsiyaga oʻrnatiladigan) truba oʻrnatilgan degan faktga eʼtibor qaratdi.

Gaz taʼminoti xodimlari bunday holat xavfli ekanligi va fuqarolarning oʻlimiga sabab boʻlishini tasdiqladilar. Yunusobodda arzon uy-joy qurish bilan shugʻullanadigan tadbirkor tomonidan qurilgan barcha turar-joylarda huddi shunday holat qayd etilgani aytib oʻtildi. 

Artikxodjayev shundan soʻng, uy qurishga ruxsat beradigan korxonalar rahbarlarini "qurilishda oʻzboshimchalikka yoʻl qoʻyadigan, yongʻin va gaz, arxitektura va boshqa talab etiladigan normalarga amal qilinmagan uylarning barchasi buzilishi" haqida ogohlantirdi va bunday uylarga "SOS-uylar", deb baho berilishini qoʻshimcha qildi.

Toshkent hokimi yigʻilishda ishtirok etayotgan Toshkent tumanlari hokimlarini jiddiy ogohlantirdi. Gaz oʻrnatish loyihasiga ruxsat bergan Yunusobod gaz taʼminoti korxonasi rahbariga majlisning oʻzidayoq u ishdan boʻshatilgani aytildi va hokim iltimosiga binoan u yigʻilish zalini tark etdi. Ishdan boʻshatilgan rahbar bundan buyogʻiga gaz sohasiga yaqinlashtirilmasligi maʼlum qilindi.

Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston hududlarida tabiiy gazdan notoʻgʻri foydalanish oqibatida oxirgi 2 yilda favqulodda hodisalar sodir boʻlishi darajasi ortgan. Ikki yillik tahlillarga koʻra, is gazi bilan zaharlanish va gazdan chaqnash bilan bogʻliq 21 ta favqulodda vaziyatlar qayd etilgan, buning oqibatida 20 nafar fuqaro jabrlangan, 48 nafari vafot etgan, shulardan 18tasini yosh bolalar tashkil etgan.

Asosiy mavzular