21:59 15 Noyabr 2018
Efir
  • RUB121.79
  • EUR9374.66
  • USD8271.27
Portfel s dokumentami

Toʻlov, propiska va soliq: xorijlik mutaxassislarni jalb qilishga oid muhim qaror

Sputnik / Vladimir Fedorenko
Jamiyat
Havola olish
305 0 0

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi malakali chet ellik mutaxassislarga ularning Oʻzbekiston hududida mehnat qilishiga koʻmaklashadi.

TOSHKENT, 8 noya — Sputnik. Xorijlik malakali mutaxassislarni Oʻzbekistonda ishlashiga qulay shart-sharoitlar yaratishga oid prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga bir qator qoʻshimcha vazifalar yuklandi. Xususan, agentlik malakali chet ellik mutaxassislarga ularning Oʻzbekiston hududida mehnat qilishiga koʻmaklashadi va malakali chet ellik mutaxassislarning elektron maʼlumotlar bazasini yuritadi.

Ilgari chet ellik fuqarolar Oʻzbekistonda ishlashi uchun 2 ta hujjat talab qilinar edi: ish beruvchi tomonidan olingan ruxsatnoma, mehnat faoliyati huquqi tasdiqnomasi.

2018 yil 1 dekabrdan malakali chet ellik mutaxassislarga nisbatan mehnat qilish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni olish (berish) boʻyicha tartib-taomilni saqlagan holda xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ruxsatnomalarni olish (uzaytirish) zaruriyati haqidagi talab bekor qilinadi.

Tasdiqnomalarni rasmiylashtirish va berish (uzaytirish) uchun yuqori malakali mutaxassisdan eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdorida, malakali chet ellik mutaxassislardan – eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida toʻlov undiriladi.

Tasdiqnomalar muddati 3 yilni tashkil qiladi, uni uzaytirish mumkin.

Qaror bilan yuqori malakali mutaxassis va malakali mutaxassis tushunchasiga taʼrif berildi.

Xususan, tegishli reytingda birinchi 1 000 oʻrinlardan birida turuvchi oliy taʼlim muassasasini bitirgan, 5 yildan kam boʻlmagan ish stajiga ega boʻlgan, Oʻzbekistonda ishlashi uchun yiliga 60 ming AQSH dollaridan kam boʻlmagan summada ish haqi olishi nazarda tutuvchi shaxslar yuqori malakali mutaxassislar deb eʼtirof etiladi.

Malakali mutaxassislar deb eʼtirof etilishi uchun oliy maʼlumot, 5 yillik ish staji hamda Oʻzbekistonda ishlashi uchun yiliga 30 ming AQSH dollaridan kam boʻlmagan summada ish haqi olish lozim boʻladi.

Yuqori malakali va malakali mutaxassislar tasdiqnoma olmasdan oʻrindoshlik asosida ishlash huquqiga ega. Ularga mehnat vizasi mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi amal qiladigan, biroq 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatga beriladi.

2018 yil 1 dekabrdan eng kam oylik ish haqining 8 500 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda xoʻjalik jamiyatlarining aktsiyalari va ulushlarini sotib olish, shuningdek, xorijiy korxona tashkil etish shaklida investitsiya kiritgan chet el fuqarolari hech qanday ruxsat beruvchi tartib-taomillarni oʻtmagan holda mazkur tashkilotning istalgan lavozimida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻladi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab yuqori malakali mutaxassislardan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undiriladi.

Xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 1 000 oʻrinni egallagan oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarini nostrifikatsiyalash toʻgʻridan-toʻgʻri (maxsus sinovlarsiz) amalga oshiriladi.

Tashqi ishlar vazirligiga manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda uch oylik muddatda “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunini ishlab chiqish yuklandi.

Shuningdek, qarorga koʻra 3 oy muddatda bir necha xalqaro tillarda (ingliz, nemis, arab, xitoy, rus va boshqalar) ishlaydigan Oʻzbekistonga kirish va undan chiqish tartib-taomillari, viza, yashash guvohnomasi olish, roʻyxatga turish, propiska qilinish tartibi, soliq va mehnat munosabatlari xususiyatlari, chet el fuqarolari uchun imtiyoz va preferentsiyalar boʻyicha batafsil axborotni nazarda tutuvchi hamda ish va uy-joy izlash boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga oluvchi maxsus axborot portali ishga tushiriladi.

Asosiy mavzular