23:34 23 Aprel 2019
Efir
  • RUB131.78
  • EUR9493.15
  • USD8441.36
Rabochiye podgotavlivayut fundament na stroitelnoy ploщadke jilogo kompleksa

"Uy oʻrniga, gʻavgʻo sotib olmang": Toshkent hokimligi yangi firib turi haqida ogohlantirdi

© Sputnik / Aleksandr Kryajev
Jamiyat
Havola olish
123720

Koʻpqavatli yangi turar-joydan kvartira xarid qilayapman, deb oʻylagan odamlar, aslida, yakka tartibdagi uy-joylarni barpo etish huquqiga ega tadbirkordan boshpana xarid qilgan edilar

TOSHKENT, 13 apr - Sputnik. Aprel oyining boshida Toshkent shahar hokimligida quruvchi Muhammadbobur Xoʻjayev tomonidan qurilgan uylarning sifatiga   bagʻishlangan brifing oʻtkazildi. Unda OAVlari va ushbu uylarda istiqomat qiluvchi aholi ishtirok etdi.

Ikki soat davom etgan yigʻilishda tadbirkorning uylarini sotib olgan aholi nafaqat yashash joylari haqidagi muammolarni bayon etgan, balki yordam soʻrab ham murojaat qilgan. Mutasaddilar aholining oʻnlab  savollariga javob berar ekan, bu uylar faqat sifatsizgina emas, balki yashash uchun yaroqsiz ekanligini ham taʼkidlab oʻtishgan.

Masalani haqqoniy hal etish yuzasidan sudga davo arizasi bilan murojaat etilgan boʻlsada, hokimiyat vakillari aholiga boshqacha yordam koʻrsata olmasliklarini aytishmoqda. Hujjatlarga koʻra, tadbirkor Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Avayxon koʻchasida yakka tartibdagi turar joylarni qurishi lozim edi. Ammo nomaʼlum sabablarga koʻra, ushbu uylar koʻp qavatliga aylanib ketgan. Bu bilan tadbirkor boshqa tumanlarda qoʻllagan xiylasini davom ettirgan: aholida zamonaviy sharoit va barcha qulayliklarga ega, eng muhimi arzon narxdagi uy-joyga ega boʻlish istagi kuchli boʻlgani bois tadbirkorning uylariga  xaridor boʻlishgan, faqat koʻchib oʻtgandan soʻng bu uylar yashashga yaroqsiz ekanligini anglashgan. Garchi ular foydalanishning dastlabki vaqtida shartnomani buzish huquqiga ega boʻlsalarda, huquqiy savodxonliklari yetarli darajada boʻlmagani bois, hech qanday chora koʻrishmagan va hech kimga murojaat qilishmagan.

Toshkent hokimligi taʼkidiga koʻra, tadbirkor koʻp qavatli uyni qurish uchun Qurilish vazirligining qurilishga masʼul qoʻmitasi, davlat sanitariya nazorati va yongʻin xavfsizligi xizmatlari, hududiy meʼmoriy-shaharsozlik Kengashiga oʻz loyihalarini taqdim etib, ular maʼqullaganidan soʻnggina qurilishni boshlashi lozim edi. Ammo u bu tashkilotlarning hech biri bilan kelishmagan holda oʻzbilarmonlarcha loyihasini amalga oshirishga kirishgan. Xuddi shuningdek, quruvchi oʻz uylarini foydalanishga topshirayotganida ham masʼul tashkilotlarning birortasidan qabul qilish uchun tegishli tartibda ruxsat olmagan. Aslida hamma muammoning sababi ana shunda.

Eʼtiborli jihati, tadbirkor Muhammadbobur Xoʻjayev shu paytgacha  investor va qurilish tashabbuskor sifatida aslida yakka tartibdagi turar joylarni barpo qilgan boʻlsa-da, ularning barchasini koʻp qavatli uy sifatida sotuvga qoʻygan. Bundagi yana bir ahamiyatli jihat, aholi uylarining barcha kommunal toʻlovlarini toʻlash qatori, xonadonlari yakka tartibdagi turar joy roʻyxatga olingani bois yer soligʻini ham toʻlashadi, garchi koʻp qavatli uyda yer soligʻi toʻlanmasa ham.

Bugungacha ushbu tadbirkor tomonidan shaharning faqat Mirzo Ulugʻbek tumanida 700 dan ortiq yakka tartibda qurilgan uy koʻp qavatli turar joy sifatida aholiga topshirilgan. Tahlillarning koʻrsatishicha, quruvchi uylari mutasaddi birorta tashkilotlardan tegishli ruxsatlarni olmagan holda binolarning sifatini nazoratdan oʻtkazmasdan aholiga topshirgan. U qurilish meʼyorlarini qoʻpol tarzda buzganidan tashqari, sifatsiz qurilish mahsulotlaridan foydalanganligini tasdiqlovchi manbalar ham koʻp. Aholini esa bu turar joylarning arzonligi jalb qilgan xolos, ammo shunday vaziyatda odamlar tekinga mushuk oftobga chiqmasligini, bepul pishloq faqat qopqonda boʻlishini unutmasalar boʻlgani.

Mazkur tanqidiy shu bilan birga koʻpchilik ahamiyatiga molik masala yechimi uchun yagona yoʻl, uni qonuniy talablari asosida koʻrib chiqish va hal qilishdir. Tadbirkor yerni yakka tartibda uylar qurish loyihasi asosida olgani bois qurilish jarayoni va unda qanday materiallardan  foydalanilayotganini hokimiyat nazorat qilmagan. Qolaversa, tadbirkor faoliyatiga ortiqcha aralashuv ham maqsadga muvofiq emas.

Tadbirkor uy-joylar qurilishi borasida tom maʼnoda ishbilarmon ekanligini, bir necha jihatlar, xususan yakka tartibdagi uylar oʻrniga qoʻp qavatlilarini bunyod etish, qurilish mahsulotlarining sifati pastini qoʻllash, ularni iqtisod qilib qolishda namoyon etgan. Muhammadbobur Xoʻjayevning uylari boshqa qurilishlardan avvalo poydevorsiz ekanligi bilan ajralib tursa, ikkinchi jihatdan, xonalar oraligʻi anaʼanaviy devorlar bilan emas, balki gipskartonlar bilan boʻlingan. Arzimagan yer silkinishini ham uy ahli fojiadek qabul qiladi. Suv taʼminotiyu oqava suvlar masalasida ham muammolar yetarli. Yogʻingarchilik mavsumida uylar nihoyatda zah boʻlsa, bahor kelganda birinchi qavatlardan oʻt oʻsib chiqishi holatlari kuzatilgan.

Aholi esa xususiy mulk egasi sifatida hamma muammolarni oʻzi xal qilib kelmoqda.

Shunday qilib, Xoʻjayev bilan yuzaga kelgan toʻqnashuv umumiy muammoga aylangan. Toshkent hokimligi bundan buyogʻiga yakka tartibda uy qurish uchun ruxsat olib, oʻsha joylarda koʻp qavatli uylarni bunyod etayotgan va sotayotgan shunday tadbirkorlikka chek qoʻyish muhimligini taʼkidlamoqda. Aks holda boshqalar ham Muhammadbobur Xoʻjayevdan uy xarid qilib dogʻda qolganlar safiga qoʻshilishlari mumkin, deb taʼkidlangan xabarda.

Hozir bu masalaning yechimi yuzasidan qonuniy choralar koʻrishga arizalar taqdim etilishi qatori sohaga taalluqli qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha ham takliflar berilgan. Bu esa avaalo mugʻombir tadbirkor faoliyatini tartibga soladi, undan aziyat chekkanlarga yordam boʻladi. Ushbu holatni boshqalar ibrat sifatida qabul qilib, shunday masalalarda eʼtiborli boʻlsalar, tadbirkorlik niqobi ostidagi firibgarlarning tuzogʻiga ilinishmaydi.

Asosiy mavzular