08:52 18 Sentyabr 2019
Efir
  • RUB146.51
  • EUR10421.13
  • USD9411.30
Shavkat Mirziyoyev

Mirziyoyev zargarlik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar qoʻydi

Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Jamiyat
Havola olish
287 0 0

Shavkat Mirziyoyev zargarlik tarmogʻini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

TOSHKENT, 8 may – Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni zargarlik tarmogʻini rivojlantirish, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga sharoitni kengaytirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. 

Davlat rahbari buning uchun xomashyodan samarali foydalanish, tarmoqqa faol investitsiya jalb etib, zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish kerakligini taʼkidladi.

Tilla, platina va kumush narxining yuqoriligi sababli tizim korxonalari aylanma mablagʻi koʻp emas. Shu bois zargarlik sanoatida soliq yukini qayta koʻrib chiqish, import qilinadigan xomashyo va uskunalarni bojxona toʻlovlaridan ozod qilish boʻyicha topshiriqlar berildi. 

Davlat zargarlik korxonalariga xalqaro brendga ega kompaniyalar investitsiyalarini jalb qilish, ishlab chiqaruvchilar uchun qimmatbaho metallar xarid qilishga imtiyozli kredit ajratib, ularni qoʻllab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.

Oʻzbekistonda zargarlik asosan taqinchoqlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Aslida esa bu sohaning yoʻnalishlari koʻp. Tilladan yasalgan soat, ruchka va turli esdalik sovgʻalari, kumushdan tayyorlangan oshxona toʻplamlari jahon bozorida juda xaridorgir. 

Masalan, 4 kilogramm kumush ishlatiladigan bitta oshxona toʻplami oʻrtacha 4 ming dollar turadi. Mamlakatda yiliga yuz tonnadan ziyod kumush ishlab chiqarilishini inobatga olsak, bunday mahsulotlar eksportini bir necha million dollarga yetkazish mumkinligi oydinlashadi. 

Yana bir masala. Oʻzbekistonda berill, ametist, feruza, malaxit, lazurit, opal kabi qimmatbaho toshlar zaxiralari boʻlsa-da, ular sanoat darajasida oʻzlashtirilmagan.

Shulardan kelib chiqib, yigʻilishda zargarlikning barcha turlarini rivojlantirish, tarmoq uchun zarur toshlarni oʻzlashtirishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Hozirda yakka tartibdagi zargar-tadbirkorlar oʻz mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri sotish huquqiga ega emasligi sababli vositachi doʻkonlarga topshirishga majbur boʻlmoqda. Shuningdek, asillik darajasini belgilash, tayyor zargarlik buyumlarini chet elga olib chiqishga oid tartiblarning murakkabligi ham aholi va tadbirkorlarga noqulaylik tugʻdirmoqda.  

Prezident mazkur masalalarni hal etish uchun zargarlik mahsulotlarini erkin bozorga olib chiqishdagi toʻsiqlarni olib tashlash, yakka tartibda zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga oʻz mahsulotlarini sotish huquqini berish zarurligini taʼkidladi. 

Asillik darajasini belgilovchi tamgʻani mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonaning oʻzi qoʻyishi, jismoniy shaxslar tomonidan zargarlik buyumlarini chet elga olib chiqish tartibi soddalashtirilishi lozimligi qayd etildi. Chakana savdo nuqtalarida zargarlik buyumlarini qabul qilish va sotishning elektron hisobini yuritish, noqonuniy savdoning oldini olish boʻyicha topshiriqlar berildi. 

“Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. 

Yigʻilishda berilgan topshiriq va zarur chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan qaror loyihasi tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Asosiy mavzular