O‘zbekistonda bir qator xorijiy saytlarga kirish imkoniyati tiklandi

Obuna bo‘lish
Komil Allamjonov ayrim xorijiy saytlarga kirish imkoniyati ochilganini xabar qildi va shu bilan birga OAV vakillarini jurnalist etikasiga rioya qilishga chaqirdi.

TOShKENT, 11-may – Sputnik. O‘zbekistonda bir qator xorijiy saytlarga kirish imkoniyati tiklandi, deb xabar qildi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Komil Allamjonov.

Rossiyada “Ozodlik”, “Amerika ovozi” va yana 7 OAV xorijiy agent deb e’lon qilindi

Xabarda aytilishiga ko‘ra, YeXHT ning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir tomonidan e’lon qilingan xorijiy axborot veb-resurslariga kirish imkoniyati cheklanganligi haqidagi ma’lumotni o‘rganib chiqilgan va ayrim xorijiy saytlarga kirishda texnik cheklovlar borligi aniqlangan.

“Bugundan e’tiboran «Voice of America», «Amerika ovozi», «BBC Uzbek», «Deutsche Welle», «Amnesty International», «Human Rights Watch», «Reporters sans frontieres», «Eurasianet.org», «AsiaTerra», «Fergana Agency», «Centre1», «Uzmetronom» kabi veb-resurslar va boshqa xorijiy veb-saytlardan to‘liq foydalanish imkoni mavjud bo‘ladi”, - deyilgan xabarda.

“Shu bilan birga, biz xorij ommaviy axborot vositalari, umuman jurnalistlar jamoasini jurnalist etikasi tamoyillariga rioya etishlari, tasdiqlanmagan va yolg‘on axborotlardan foydalanmaslikni, shuningdek, asoslanmagan mish-mish va gumonlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz”, - deyilgan Komil Allamjonov xabarida.

Aytish joizki, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda so‘z va axborot erkinligi zarurligini, davlat va jamiyat rivojlanishida ommaviy axborot vositalari tutgan ulkan o‘rni hamda jurnalistlar mavqeyini mustahkamlash haqida ta’kidlab kelmoqda. Yuqoridagi yangilik ham ham ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan navbatdagi qadam bo‘ldi.

Yangiliklar lentasi
0