05:28 27 Iyun 2019
Efir
  • RUB135.34
  • EUR9731.96
  • USD8562.34

Tohir Malik aytadigan gapi boʻlgandagina qoʻliga qalam olardi - Ulugʻbek Hamdam

© Toxir Malik / Fb
Jamiyat
Havola olish
400 0 0

Tohir Malik ijodi nimasi bilan ajralib turardi ? Yosh yozuvchilar u kishidan nimalarni oʻrgansa arziydi? Ushbu va boshqa savollarga taniqli yozuvchi Ulugʻbek Hamdam javob berdi.

TOSHKENT, 16 may - Sputnik. Bugun ertalab Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, oʻzbek adabiyotining eng yorqin yulduzlaridan biri Tohir Malik vafot etgani haqidagi xabar millionlab kishilarni qaygʻuga soldi.

Ushbu munosabat bilan Sputnik muxbiri filologiya fanlari doktori, taniqli yozuvchi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti oʻqituvchisi Ulugʻbek Hamdamga Tohir Malik hayoti va ijodi borasidagi savollar bilan murojaat qildi.

- Ulugʻbek aka, siz Tohir Malikni yaxshi tanirmidingiz, balki birga ishlagandirsiz?

- Men u kishi bilan birga ishlamaganman, lekin koʻp davralarda birga boʻlganmiz. U kishining 65 yillik yubileylarini oʻtkazishda qatnashganman. Tohir aka Sharq Yulduzi jurnalida bir paytlar maʼsul kotib boʻlib ishlaganlar. Oradan bir necha yil oʻtib, men ham oʻsha yerda muharrir  vazifasida ishladim, lekin bir vaqtda bir joyda uzoq vaqt ishlamaganmiz.

- Nima deysiz, bugun ham Oʻzbekistonda Tohir Malik asarlari ommabopmi, sevib oʻqiladimi?

- Tohir aka – Oʻzbekistonda juda mashhur yozuvchi. Qaysi doʻkonga kirmang u kishining alohida javoni bor - “Tohir Malik burchagi” deb nomlanadi.

U kishining asarlari oldin ham yaxshi oʻqilgan. Masalan, oʻzbek xalqining hayotidan olib yozilgan “Alvido, bolalik” asari va boshqalar.

Bugungi kunda esa, toʻrt jildan iborat “Shaytanat” asarini har doʻkonda koʻrsa boʻladi. Uni barcha sevib oʻqiydi, hatto ichki ishlar xodimlarining qoʻlida ham koʻrganman.  

"Sharq yulduzi"da ishlab yurgan vaqtimda “Hazonrezgi” nomli asarlarini chop etgan edik. U yerda keksayib qolgan oʻzbek kishisining hayot tarzi, dunyoqarashi Tohir akaga xos boʻlgan yumor orqali ochib berilgan.

Yana bir qoʻlma-qoʻl boʻlib oʻqilayotgan diniy-maʼrifiy, publitsistik asari - “Odamiylik burchi” deya nomlanadi. Uni doʻkonlarda ham oʻquvchilar qoʻlida ham juda koʻp koʻraman.

Xullas, Tohir aka Oʻzbekistonda boshqa yozuvchilar havas qiladigan darjada sevib oʻqiladigan yozuvchidir.

- Tohir Malikning oʻzbek adabiyotida tutgan haqida nima deya olasiz?

- Tohir aka avvalgi asarlarida oʻzbek xalqining hayot tarzini aks ettirgan boʻlsalar, mustaqillikdan keyingi yillarda u kishining asarlari diniy-maʼrifiy tus oldi. Yaʼni Tohir aka diniy maʼrifatni adabiyot orqali oʻquvchiga yetkazib berishga harakat qildilar va bu yoʻlda juda katta muvaffaqiyatlarga erishdilar.

Yana, Tohir Malik asarlarida – milliy ruh bor. U kishining qahramonlaridan doim milliylik ufurib turadi. Oʻsha hamma yaxshi bilgan, videofilmlar suratga olingan “Shaytanat” asarida ham, oʻziga xos bir dunyo ochib berilgan. U yerdagi qahramonlarning koʻpining dunyoqarashida, oʻzini tutishida, muloqotlarida – barisida milliy oʻzbekona ruh ufurib turadi. Bu asar, meni nazarimda, mana shu tomoni bilan ham oʻquvchini oʻziga rom etadi.

Nega deganda, bugungi kunda dunyoning mashhur yozuvchilari Kafka, Dostoyevskiyga yoki Xemingueyga taqlid qilib yozaman deydiganlar, ularning yoʻlidan yuraman deydiganlar  juda koʻp.

Lekin har bitta millat adabiyotning oʻziga xos xususiyatlari ham boʻlishi kerak. Shu maʼnoda, Tohir Malik kabi yozuvchilar oʻzbek adabiyotining oʻz qahramonlarini olib kirib, oʻz qiyofasini belgilashda – xizmatlari katta.

- Tohir Malik uslubining oʻziga xosligi nimadan iborat?

- Tohir aka yozuvchilik uslubi, avvalombor - loʻndalik, mantiqiylik va hayotiyligi bilan ajralib turadi. U kishi hech qachon “oʻtlab ketmasdi”. Tohir aka faqat oʻziga xos, yorqin obrazlar, yorqin qismatlarni badiiy asar qahramoni sifatida tanlab olardi. U kishida xira qahramonlar kamdan-kam uchrardi.

Va mana shu yuqorida aytilgan narsalar hammasi oʻziga xos yumor bilan yoʻgʻrilgan boʻlardi. Oʻrni-oʻrni bilan hayotning kulguli taraflari Tohir akaning yozuvchilik nigohidan chetda qolib ketmasdi.

U kishining men bilgan, oʻqigan va boshqalardan eshitgan har bir asarini jamul-jam qilib, yagona xulosa qilib aytadigan boʻlsak - Tohir Malik aytadigan gapi boʻlgandagina qoʻliga qalam olardi. U kishining har bir asarida oʻziga xos badiiy niyat, badiiy gʻoya koʻrinib turadi.

Tohir aka muhim hayotiy haqiqatini, badiiy haqiqatga aytlantirishga uringan va bu yoʻlida koʻpchillik yozuvchilar havas qiladigan muvaffaqiyatlarga erishgan adibdir.

Bugungi kunda, oʻzbek yozuvchilari orasida Tohir Malik uslubida yozadigan ijodkor bormi?

Oʻzimning tengdoshlarim, Tohir akadan bir avlod yoki undan ham yosh yozuvchilar orasida, men Tohir akaning ortidan ergashib, aynan u kishining ijod yoʻlini bevosti davom ettirayotgan taniqli yozuvchini eslay olmayman.

Lekin hammamiz ham Tohir Malik ijodidan ozmi-koʻpmi bahra olganmiz, u kishidan nimalarnidir oʻrganganmiz, nimalarnidir sintez qilganmiz va oʻzimizga singdirganmiz.

- Ijod yoʻliga endi kirib kelayotgan yosh yozuvchilar Tohir Malikdan nimalarni oʻrgansa arziydi, deb hisoblaysiz?

- Yuqorida aytganimdek, yosh yozuvchilarga odamlarga aytadigan, arzigulik gapi boʻlgandagina qoʻliga qalam olishni maslahat bergan boʻlardim. Tajriba uchun, boʻlar-boʻlmas narsalarga ham oʻz umrini yerga sovurib, ham oʻquvchi vaqtini olib, ijodni oʻyinga aylantirmaslik kerak. Tohir akaning bosib oʻtgan yoʻli, u kishining adabiyotda qoldirgan izi – bizni mana shunday fikrlashga undaydi.

Tohir akaning tili – goʻzal bir til edi. Men “Sharq yulduzida” bosh muharrir boʻlib ishlagan vaqtlarimda, “Hazonrezgi” nomli qissani eʼlon qilishda uni juda jiddiy, boshqacha, ham oʻquvchi ham muharrir koʻzi bilan oʻqib chiqqanman. Ana shunda oʻzimning yonimdagilarga ham aytganman – baribir katta avlodning, Tohir Malikning tili juda shirali, juda goʻzal deb.

Xozirgi yosh avlod yozuvchilari Tohir Malikdan tilni qanday qilib oʻynatishni, qanday qilib soʻzni ishlatishni oʻrgansalar – oʻzlariga faqat foyda boʻlardi.

Yana bir muhim jihat – bu Tohir Malik asarlaridagi milliylik, oʻzbekona xulq-atvor va oʻziga xoslik. Yosh yozuvchilar oʻz ijodida mana shu tomonlarga ham eʼtibor berishlari kerak. Bu bilan “oʻz hovuzimizda”  Abdulla akaning “Tilla baliqchasiga” oʻxshab qolishimiz kerak, demoqchi emasman, lekin baribir oʻzbek qiyofasini, oʻzbek dunyosini, oʻzbek fikrini va his-tuygʻularini adabiyotda aks ettirish kerak, deb hisoblayman. Shu maʼnoda Tohir akaning bosib oʻtgan yoʻllari oʻziga xos bir maktab boʻldi.

Asosiy mavzular