12:43 26 Avgust 2019
Efir
  • RUB138.47
  • EUR10092.14
  • USD9061.00
Pribыtiye poyezda Tashkent-Moskva

Uzoq vaqt xorijda boʻlib qaytgan oʻzbekistonliklar OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtadi

© Sputnik / Aleksey Filippov
Jamiyat
Havola olish
379 0 0

OIV infektsiyasi aniqlangan mehnat migrantlarining 94,1 foiziga kasallik jinsiy yoʻl bilan yuqqanligi aniqlandi. Oqibatda kasallik ularning turmush oʻrtogʻiga va oila-aʼzolariga yuqishiga sabab boʻlmoqda.

TOSHKENT, 3 iyul – Sputnik. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan “Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” hukumat qarori loyihasini tayyorlab, umumiy muhokamaga qoʻyildi.

Qaror loyihasiga Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish qoidalari ilova qilingan.

“tibbiyot muassasasi fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan tibbiyot muassasasiga yoʻnaltirilgan, uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda boʻlib qaytgan shaxslarni OIVga ekspress usulida tibbiy tekshiruvdan oʻtishlarini taʼminlasin”, - deyilgan hujjatda.

Loyihada uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda boʻlib qaytgan shaxslarni OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish uchun ekspress test-sistemalar va boshqa sarflanuvchi materiallarni xarid qilish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi taqdim etgan hisob-kitoblar asosida har yili yetarlicha mablagʻ ajratilishi haqida Moliya vazirligiga vazifa yozilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tushuntish xatida yozilishicha, OIV infektsiyasi epidemiyasining rivojlanishida aholining migratsiya jarayonlari muhim oʻrin egallaydi.

Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda boʻlgan fuqarolar koʻp hollarda noodatiy sharoitga tushadilar hamda hulq-atvorga taʼsir etuvchi bir qator omillar natijasida ularga OIV infektsiyasi yuqishi havfi ortadi. Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda boʻlib qaytgan shaxslarni OIVga tekshiruv uchun qamrab olishdan maqsad OIV infektsiyasining yuqtirilgandan keyin yashirish davri (tegishli laboratoriya tekshiruvlarida xam aniqlmasdan qolish davri) uch oy boʻlganligi uchun ushbu muddatda ichida xorijda boʻlgan shaxslarni majburiy tekshiruv bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

“Mehnat migrantlari kasallikni yuqtirib olgandan soʻng, oʻz yurtiga qaytganida uni oila-aʼzolariga yuqtirishi ehtimoli mavjud. Oʻz yurtiga deportatsiya qilingan OIV infektsiyasini yuqtirib olgan shaxslar oʻzining OIV boʻyicha maqomini sir tutadi, bu bilan oʻz turmush oʻrtoqlarini havf ostiga qoʻyadi. Natijada OIV infektsiyali farzandlarning tugʻilishi va kasallik aholining umumiy qatlamiga oʻtishiga sabab boʻladi”, - deyilgan Sogʻliqni saqlash vazirligi axborotida.

Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda boʻlgan shaxslar xavfli xulq-atvorni oʻzida sinab koʻrishga koʻproq moyil boʻlgan aholi qatlamiga munsub boʻlib, ularning jinsiy yoʻl bilan OIV infektsiyasini oʻziga yuqtirib olish ehtimoli muqim(turgʻun) aholiga nisbatan yuqoriroqdir. Boshqa davlatda boʻlish davrida orttirilgan xavfli xulq–atvor va yangi odatlar ular oʻz yashash joylariga qaytib kelganlaridan keyin migrantlarni yanada xavfli guruhga aylantirishi mumkin. Mehnat migrantlarining OIV infektsiyasi boʻyicha bilim saviyasining pastligi esa OIVni yuqtirishiga va infektsiyani doimiy yashash manziliga olib kirishiga imkon yaratadi.

Oʻtgan 2018 yilni 11 oyi davomida 422471 nafar shaxs xorijiy davlatlarga chiqib faoliyat yuritganligini aytib OIV infektsiyasiga tekshiruvdan oʻtkazilgan.

Respublikada mehnat migrantlari orasida OIV bilan kasallanish koʻrsatkichi yildan-yilga ortib bormoqda. Agar 2018 yilni 11 oyida 571 nafar mehnat migrantida OIV infektsiyasi aniqlangan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2017 yilni 11 oyida 525 nafarni tashkil nafarni tashkil etgan boʻlib kasallanish koʻrsatkichi  8,0 foizga ortgan.

Tahlillarga koʻra, OIV infektsiyasi aniqlangan mehnat migrantlarining 94,1 foiziga kasallik jinsiy yoʻl bilan yuqqanligi aniqlandi. Oqibatda kasallik ularning turmush oʻrtogʻiga va oila-aʼzolariga yuqishiga sabab boʻlmoqda.

2017 yilda oʻtkazilgan maxsus epidemiologik tadqiqotlar koʻrsatdiki, OIV infektsiyasining migrantlar orasida tarqalganlik darajasi Respublikada  1,3% foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich Andijon va Urganch shaharlarida 2,3% ni, Buxoro shahrida 1,3%ni, Kitob va Samarqand shaharlarida 1,0% ni tashkil etgan.

Vazirlik maʼlumotida qayd etilishicha, 20,0% migrantlarning migratsiya davrida doimiy jinsiy sherigi boʻlmagan, 17,0% migrantlar ragʻbatlantirish evaziga jinsiy aloqaga kirishgan, 2,8%-migrantlar bir marta boʻlsa ham giyohvand moddalarni qabul qilgan (giyohvand modda qabul qilganlarning 79,0% –ushbu moddani tomir ichiga qabul qilgan).

Asosiy mavzular