15:00 23 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Jamiyat
Havola olish
170 0 0

Chustda oʻqituvchilar taʼtil davrida majburiy mehnatga jalb etilgan.

TOSHKENT, 17 iyul – Sputnik. Xalq taʼlimi vazirligi Namangan viloyati, Chust shahridagi 9-sonli umumtaʼlim maktabi oʻqituvchilarini majburiy mehnatga jalb etilganligi haqidagi xabarlarni oʻrganmoqda. Bu haqda XTV axborot xizmati xabar qildi.

“Vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlari mazkur xabarlarda keltirib oʻtilgan holatlarni oʻrganib chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida ushbu holatga yoʻl qoʻyganlarga chora koʻradi”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, ushbu holat Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspektsiyasi tomonidan nazoratga olingan va natijalar boʻyicha yaqin vaqt oraligʻida batafsil maʼlumot beriladi.

XTV prezident qaroriga koʻra xalq taʼlimi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish qatʼiyan taʼqiqlanganini eslatib oʻtgan.

Xalq taʼlimi vazirligi bu kabi holatlarni oldini olish va xalq taʼlimi tizimi xodimlari huquqlarini himoya qilish maqsadida shikoyatlarni qabul qilishda qulay boʻlgan virtual inspektorni ishga tushirgan. Tizimdagi xodimlar majburiy mehnatga jalb etilganida, huquqlari buzilganda yoki turli toʻlovlarga majburlangan holatlarda ovoz.uzedu.uz sayti yoki +998 99 988 10 06 telefoni va telegram raqamiga murojaatlarini yuborishlari mumkin.

Avvalroq ayrim oʻzbek OAVlarida eʼlon qilingan maqolada Chust shahridagi 9-maktab oʻqituvchilari mehnat taʼtili davrida maktabda ustalar bilan birga ishlayotgani aytib oʻtilgan edi.

Qayd etish joizki, kuni kecha Namangan viloyati, Kosonsoy tumanidagi maktab oʻqituvchilarining “Yashil xiyobon” hududida “shanbalik” niqobi ostida eni 1,5-2 metr, uzunligi 410 metr joyga beton quyish va obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb etilgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Ushbu holat yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish natijasi boʻyicha Kosonsoy tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi F.N. vazifasidan ozod etilgan edi.

Bundan maʼlum boʻladiki, ayrim mutasaddilar oʻziga tegishli xulosa chiqarmagan.

Asosiy mavzular