00:06 12 Avgust 2020
Efir
  • RUB138.65
  • EUR12059.09
  • USD10231.71
Jamiyat
Havola olish
552 0 0

Tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi tahlil qilindi

TOSHKENT, 2 avg – Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu tadbir joriy yil 23 iyul kuni oʻtgan yigʻilishning mantiqiy davomi boʻldi. Oʻshanda sohadagi tizimli muammolar chuqur muhokama qilinib, kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash va yanada rivojlantirish boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan edi. Bu galgi yigʻilishda shu boradagi ishlar qanday tashkil etilayotgani yuzasidan mutasaddi vazirlik va tashkilot, hududlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Ular tadbirkorlar tashabbuslarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan qator muammolarni respublika idoralari aralashuvisiz, joyida hal qilish mumkinligini taʼkidladi.

Masalan, yer ajratish hamda infratuzilmaga ulanish bilan bogʻliq masalalar hal etilsa, tadbirkorlarning aksariyat muammosi yechiladi. Lekin yer ajratish uchun xulosa beradigan sakkizta idora tomonidan hujjatlarni koʻrib chiqish muddatlari asossiz ravishda, oylab choʻzib yuborilmoqda.

Prezident mazkur tashkilotlarning ruxsat berishga oid funktsiyasini muvofiqlashtirish, ulardagi maʼlumotlar bazasini integratsiyalash orqali bunday “ruxsat beruvchi” idoralar sonini qisqartirish, bu boradagi tartibni takomillashtirish zarurligini taʼkidladi. 

Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga yirik korxonalarning boʻsh turgan obʼyektlari negizida qoʻshimcha kichik sanoat zonalari tashkil etish, ularni elektr, suv, gaz, yoʻl va aloqa kommunikatsiyalari bilan taʼminlashga ketadigan xarajatlarning 65 foizini respublika byudjetidan qoplash tartibini joriy qilish vazifasi qoʻyildi.

23 iyulda boʻlib oʻtgan yigʻilishda tadbirkorlar mulklarini kompensatsiya toʻlamasdan buzish va yer maydonlarini olib qoʻyishga mutlaqo yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan edi. Davlat rahbari shu masalada Bosh vazir oʻrinbosari rahbarligida respublika ishchi guruhi tuzish, ular joylarga chiqqan holda tadbirkorlarga yetkazilgan zararni xatlovdan oʻtkazib, bu mablagʻlarni bozor qiymati asosida toʻlab berish zarurligini taʼkidladi.

Joriy yil 5 avgustdan bu boradagi ishlarni qatʼiy tartib bilan, uch bosqichda tashkil etish belgilandi. Birinchi bosqichda hududiy hokimliklar buzilishiga zarurat tugʻilgan joy boʻyicha materiallar toʻplamini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Ikkinchi bosqichda shaharsozlik talablari boʻyicha Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari hamda moliyaviy hisob-kitoblar boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosari tomonidan xulosa tayyorlanadi. Uchinchi bosqichda mazkur xulosa koʻrib chiqish va qaror qabul qilish uchun Bosh vazirga kiritiladi. 

Videoselektor yigʻilishida tadbirkorlikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, shu bilan birga, ajratilgan mablagʻlarning maqsadli va samarali ishlatilishini taʼminlash masalasi ham muhokama qilindi.  

Davlat rahbari banklar ish uslubini tubdan oʻzgartirib, tadbirkorlarni ularning butun faoliyati davomida qoʻllab-quvvatlashi, oʻz mijozlari bilan haqiqiy maʼnoda biznes-hamkor sifatida ishlashi kerakligini taʼkidladi.

Xalqaro kredit liniyalari mablagʻlarini tadbirkorlik sohasiga kengroq jalb qilish, ularni oʻzlashtirish borasida mamlakatning har bir hududi kesimida takliflar ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Tijorat banklarida tashkil etilgan “Investitsiya markazlari” orqali bu kreditlarning yoʻnalishlari va shartlari toʻgʻrisida har bir mijozga toʻliq maʼlumot berish zarurligi qayd etildi.

Yigʻilishda faoliyatini toʻxtatgan kichik biznes subʼyektlarini qayta tiklash masalalari ham tahlil qilindi. Mutasaddilarga soliq va statistika maʼlumotlarini tahlil qilib, har bir korxonaning faoliyat koʻrsatmaslik sabablarini aniqlash vazifasi qoʻyildi. Hokimlarning tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari va joylardagi iqtisodiy kompleks idoralari rahbarlari faoliyatini tiklash imkoni boʻlgan korxonalar bilan manzilli ishlab, ularning muammolarini hal etishga yordam berishi kerakligi taʼkidlandi. 

Faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalarni tiklash, ish oʻrinlarini legalizatsiya qilish, yangi loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish hisobiga soliq bazasini kengaytirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Asosiy mavzular