07:09 20 Noyabr 2019
Efir
  • RUB149.01
  • EUR10498.56
  • USD9500.96
Guli Muradova s mujem

Ledi boʻlish osonmi? Ingliz lordiga turmushga chiqqan Guli Muradova bilan intervyu

Foto iz lichnogo arxiva ledi Guli Muradovoy
Jamiyat
Havola olish
232961

Oʻzbekistonlik Guli Muradova hayoti zamonaviy Zolushka haqidagi filmga asos boʻla oladi. Ledi Guli va lord Muhammad Iltaf oʻrtasidagi yosh sezilarli boʻlsa-da, ammo bu ularning baxtiyor hayotiga zarracha taʼsir qilmagan. Ular oʻz turmushidan mamnun.

TOSHKENT, 5 sen - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Ledi Guli bilan suhbatimiz uning Toshkentdagi ofisida kechdi. Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekistonga Mustaqillik ayyomi arafasida uchib kelgan lord Muhammad Iltaf janoblari Londonga qaytib ketgan. Guli xonim esa ayrim ishlar bilan bandligi tufayli Toshkentda vaqtincha yashab turibdi.

- Guli xonim, Oʻzbekistonga xush kelibsiz.

- Xushvaqt boʻling.

- Mamlakatda oʻtkazilayotgan yirik tadbirlardan biri – Sharq taronalari festivalida yuqori darajali mehmonlar safida lord janoblari - Muhammad Iltaf ham bor edilar. Keyin Mustaqillik tantanalariga bagʻishlangan yigʻinda turmush oʻrtogʻingiz bilan koʻrinish berdingiz. Oʻzbekistonga biror ish bilan keldilaringizmi yoki shunchaki mehmon boʻlib?

- Turmush qurganimizdan buyon Oʻzbekistonga ikki-uch bor kelib ketdik. Toshkentda uyim bor, shu bois Vatanimdan uzoqlashganim yoʻq. Bu galgi safarimizdan ham albatta koʻzlagan maqsadlarimiz bor edi.

- Qanday maqsadlar ekan, sir boʻlmasa?

- Hammaga maʼlum-ki, Oʻzbekiston prezidenti 2019-yilni faol investitsiyalar yili deb eʼlon qilgan edilar. Turmush oʻrtogʻim - Lord janoblari - yirik biznesmen. Har kelganimizda u kishi banklar va boshqa kompaniyalar bilan muzokaralar oʻtkazadilar. Hozirda sugʻurta sohasiga qiziqib qoldilar, koʻchmas mulk ham eʼtiborlarini tortyapti. Lord janoblari oʻzlari bilan tarjimon olib yurishlari kerak, biroq har gal ingliz tilida mukammal gapiradigan xodimlarni topish katta qiyinchilik tugʻdiradi.  Biznesmenlar,  investitsiyalar kelishini kutsak-da, ingliz tilini mukammal biladigan xodimlar kam boʻlsa, u qanaqa biznes boʻladi? Shu bois, turmush oʻrtogʻim barobarida men ham Oʻzbekistonda oʻz biznesimni boshlashim lozimligi haqida oʻylab, hozirda til oʻrgatishga ixtisoslashgan London College Of English oʻquv markazini ochish tadorigi bilan yuribman.

Guli Muradova
Foto iz lichnogo arxiva ledi Guli Muradovoy
Guli Muradova

Har gal Oʻzbekistonga kelganimizda, ota-onalardan "Farzandlarimizni Angliyaga oʻqishga yuborishga yordam bering", degan mazmunda taklif tushadi. Angliyaga borib oʻqish oson emasligini oʻzim misolimda bilaman. Shu bois, Toshkentga Angliyaning oʻzini olib kelishga qaror qildim (jilmayadi). Jiddiy aytadigan boʻlsam, til markazida dars berishlari uchun Angliyadan domlalarni olib kelyapmiz. Bu markaz xalqimga kerak, deb oʻylayman. Yurtdoshlarim ingliz tilini oʻrganishlarini istayman. Shu bois, bunday ishga qoʻl urish menga iftixor bagʻishlaydi.

- Kollejni ochishda lord janoblaridan yordam olyapsizmi?

- Yoʻq, faqat oʻzimni jamgʻarmamdan foydalanyapman. Chunki odamlar hozir aytganingizdek, uning umr yoʻldoshi lord, shunga bunday ishlarni amalga oshiryapti, deb gapirishlarini istamayman. Men 15 yildan beri Angliyada yashayman, oʻziga yarasha mablagʻ jamgʻarishga ulgurganman. Aytishim joizki, turmush oʻrtogʻim oʻzi ilm odam boʻlgani uchun, bu rejam bilan boʻlishganimda, juda xursand boʻldilar va maʼqulladilar.

Bir gapni qoʻshimcha qilmoqchi edim, Oʻzbekiston yangi prezident rahbarligida kundan-kunga shu darajada oʻzgarib boryaptiki, hatto lord Muhammad Iltaf janoblari ham "tanimay qolyapman", deya koʻp taʼkidlayaptilar. U kishi Oʻzbekistonni Dubayga oʻxshab oʻzgarib borayotganini takror-takror aytishdan charchamaydilar.

Bularning barchasi yaxshi, albatta. Chunki bu islohotlar Oʻzbekistonni imidjini oʻzgartirayapti. Misol uchun oʻn yil oldin lord janoblarini yoki mening Oʻzbekistonga investitsiya qilish masalasi hech qachon oʻylantirmagan yoki qiziqtirmagan. Hozirgi oʻzgarishlarni koʻrib, fikrimiz oʻzgardi, investitsiya kiritishga biz ham qiziqib qoldik.

- Lordga turmushga chiqqach, oʻzingizga Ledi (Xonim) titulini oldingiz. Yaʼni avvalgi Guli Murodova bilan Ledi Guli oʻrtasida qanday farq bor?

- Avvalgi Guli bilan hozirgi Guli bir xil. Hech narsa oʻzgargani yoʻq. Men oʻsha-oʻsha Guliman.

Guli Muradova s mujem
Foto iz lichnogo arxiva ledi Guli Muradovoy
Guli Muradova s mujem

- Hayotingizda nima oʻzgardi?

- Toʻgʻrisini aytsam, ledini Angliyada juda hurmat qilishadi, boshqacha qarashadi. Ledi boʻlganingizdan keyin juda koʻp bazmlarga borishingizga toʻgʻri keladi. Chunki lord va ledi bazmlarning aziz mehmoni boʻladi Angliyada. Masalan, Qirolicha bizni choyga taklif qilgan, elchixonalardagi bazmlarga koʻp boramiz. Umuman, lordlarni biror bazmga taklif qiladigan boʻlishsa, turmush oʻrtoqlariniyam birgalikda taklif qilishadi. Bu lord hamda uning turmush oʻrtogʻiga koʻrsatiladigan hurmat belgisi sanaladi. Angliyada ayol kishiga hurmat birinchi oʻrinda turadi.

Ledi boʻlishning ham oʻziga yarasha qiyinchiliklari, katta masʼuliyati bor. Masalan, bazmlarga borganingizda oʻzingizni haqiqiy Lediga oʻxshab tutishingiz shart. Bu madaniyatga kiradi.

Lekin lediman, deb oʻzimni katta tutmayman. Musulmon ayolining odobi – ledi ega boʻlishi kerak xulq-atvordan ham ustun ekan, shu bois, ledi boʻlganimdan keyin nimanidir oʻrganishga yoki dars olishga toʻgʻri kelmagan. Men uchun ledi – bu shunchaki titul. U masʼuliyatni talab etadi, men albatta, qoidalarga amal qilishga harakat qilaman va oʻzimni har doimgidek oʻzbek masʼuma ayolidek tutaman. Ehtimol, turmush oʻrtogʻim meni mana shunday oddiy ayolligim uchun sevib qolgandir.

Guli Muradova
Foto iz lichnogo arxiva ledi Guli Muradovoy
Guli Muradova

- Lordga turmushga chiqqaningizdan keyin hayotingizga mikroskop ostida qaray boshladilar. Shu tufayli siqilib qolmadingizmi?

- Odamlarni orqasidan gapirish – bu qadim-qadimdan boʻlgan va hozir bor. Hamma gapiradi. Angliyada yaxshi bir gap bor: bugun chiqqan maqola ertaga unutiladi, degan. Yaʼni britaniyaliklarga gapni orqasidan quvish yoki boʻlmasa soʻkinish yot. Meni birgina istagim, meni hayotimni gapiradigan odamlar oʻzlariga oldin bir qarashsin...

Hech kimni hayoti yuz foiz bekamu-koʻst emas. Har bitta insonni oʻziga yarasha kamchiligi bor.

Masalan, hech kim taqdiridan qochib qutulolmaydi. Men harakat qilganman taqdirimdan qochib qutulishga, lekin boʻlmagan. Buni taqdir deyishadi. Agar shu inson (lord demoqchi, tahr.) mening taqdirimga yozilmagan boʻlganlarida, Alloh menga Hajga borishga yoʻl koʻrsatarmidi? Shu inson bilan taqdir bizni birlashtirgani tufayli, ikki bor Hajga borib keldim va bu uchun shukronalar aytaman.

Guli Muradova s mujem
Foto iz lichnogo arxiva ledi Guli Muradovoy
Guli Muradova s mujem

(Oʻylanib) Bilasizmi, meni fikrimcha internet Oʻzbekiston uchun nisbatan yangi narsa. Shu bois, internet olamida yozish odamlarga qiziq. Vaqt oʻtishi bilan, albatta, odamlarimiz ongida ham oʻzgarish roʻy beradi va ular ham asta-asta xuddi britaniyaliklar kabi – odamlarni orqasidan gapirmaydigan boʻlib qolishadi. Lekin gapirsa gapiraverishsin, men oʻz yurtimni, meni yaxshi koʻradigan va yaxshi koʻrmaydiganlarni hamisha hurmat qilib qolaveraman. Chunki men shunaqa tarbiya olganman.

- Oʻzbekistonga ancha vaqtga keldingizmi?

- Hozircha hech narsa deyolmayman. Shuni aytishim mumkin-ki, bordi-keldimiz davom etaveradi. Lord janoblari shu kunlarda sohibqiron Amir Temur haqida kitob yozishni boshlamoqchilar, boshlasalar bu yerga yana koʻp keladilar. Menga esa hozircha ingliz tili oʻquv kusrlarini viloyatlarda, Qoraqalpogʻiston Respublikasida oching, degan taklif tushayapti. Shu masala bilan shugʻullanyapman.

Guli Muradova s mujem
Foto iz lichnogo arxiva ledi Guli Muradovoy
Guli Muradova s mujem

 

- Oʻzingizni baxtliman deb ayta olasizmi?

-  Albatta, baxtiyorman! Umr yoʻldoshim madaniyatli, koʻngli toza va mehribon insonlar. Ayol uchun bundan ortiq baxt boʻladimi?

- Lord janoblari bilan farzandli boʻlishni rejalashtirganmisizlar?

- Inshaalloh, Xudo xohlasa.

Asosiy mavzular