To‘ylar - 1 kun dafn marosimlari - 3 kun davom etishi mumkin – yangi Nizom

© Sputnik / Dmitriy MatveyevUgosheniya na uzbekskoy svadbe
Ugosheniya na uzbekskoy svadbe - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Bundan buyon to‘ylarda “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” kabi qo‘shimcha rasm-rusmlar bekor qilinadi - Senat yangi Nizom qabul qildi.

TOShKENT, 14 sen – Sputnik. O‘zbekistonda kelajakda To‘ylar va boshqa marosimlarda meyoridan ortiq dabdaba, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yishga chek qo‘yiladi. Ushbu haqida Oliy majlis Senati yangi Nizom ishlab chiqdi.

Svadebniy kortej. - Sputnik O‘zbekiston
To‘y kortejlari yo‘l harakatiga xavfsizligiga tahdid solmoqda - IIBB

Senat raisi Tanzila Norboyevaning qayd etishicha, ayrim fuqarolar dabdabali to‘y marosimlari va ularni o‘tkazishga sarflanadigan katta xarajatlar oqibatida qarzga botmoqda va undan qutulish maqsadida chet elga ishlash uchun chiqib ketmoqda, - deb yozadi O‘zA.

Bunday holatlarga chek qo‘yish maqsadida “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom ishlab chiqildi.

Nizomga ko‘ra, oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishda ijtimoiy adolat va qonuniylik, milliy urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik, boshqa din va millat vakillarining urf-odatlarini hurmat qilish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olish tamoyillariga rioya etiladi.

Ushbu hujjat bilan bunday tadbirlarni o‘tkazish tartibiga umumiy talablar qo‘yildi.

To‘ylarni o‘tkazishda quyidagi talablarga rioya etish shart:

  • to‘y-hashamlarni o‘tkazuvchi shaxslar tadbirlarni o‘tkazishdan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini xabardor qilishi;
  • nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish,
  • oilaviy tadbirlar faqat bir kun soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi. Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
  • tadbirlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi. Qo‘shaloq to‘y-hashamlarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.
  • kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda 3 tadan ko‘p bo‘lgan yengil avtomashinadan yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalaridan foydalanmaslik;
  • oilaviy tadbirlarda pulli avtotransport xizmati litsenziyaga ega bo‘lmagan tashuvchilar tomonidan ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik, to‘y egalarining shaxsiy avtomashinalaridan hamda homiylar yordamida jalb etilgan avtotransport vositalaridan foydalanilgan hollar bundan mustasno;
  • shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik;
  • mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga putur yetkazmaslik, jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qat’iy amal qilish.

Undan tashqari, oilaviy tadbirlarda diniy mavzuda ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu ma’ruza din idorasining vakolatli vakili tomonidan o‘qiladi.

Milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” va hokazolarni) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dafn etish marosimi 

Dafn etish va motam marosimlari ko‘pi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida o‘tkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno. 

Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlarni - “yetti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Oliy Majlis palatalari kengashlari a’zolari, deputatlar, senatorlar, vazirlik va idoralar mutasaddi rahbarlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etan tadbirda ushbu masala bo‘yicha Senat va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma qarori qabul qilindi.

Yangiliklar lentasi
0