08:55 25 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Jamiyat
Havola olish
88710

Fuqaro chetga chiqqandan keyin ikki oydan ortiq muddat aliment pulini toʻlamasa, undiruv u tomonidan qoʻyilgan garov mulkiga qaratiladi

TOSHKENT, 23 okt - Sputnik. Aliment ijro hujjatlari tartibi boʻyicha qarzdor tomonidan aliment oʻz vaqtida toʻlanmagan davrda uning chetga chiqish huquqlari cheklanadi. Huquq cheklangach, qarzdor tomonidan aliment toʻlab yurilishi ushbu cheklovni bekor qilishga asos boʻlmaydi, dedi Majburiy ijro byurosi faoliyatining 9 oylik yakunlari va istiqboldagi rejalar mavzusida oʻtkazilgan matbuot anjumanid Boshqarma boʻlim katta inspektori Bekzod Rahmatov.

MIB vakilining soʻzlariga koʻra, qoʻyilgan cheklovni bekor qilishning ikkita yoʻli mavjud: alimentni oldindan toʻlash yoki garov qoʻyish yoʻli bilan cheklovni bekor qilish.

Oldindan toʻlash tartibida qarzdor davlat ijrochisiga ariza bilan murojaat qiladi. MIB vakili uning ish haqi (ishlamaydigan boʻlsa) boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasidagi oʻrtacha oylik ish haqidan kelib chiqqan holda aliment toʻlovlarini farzandlar voyaga yetgunga qadar, lekin 5 yildan kam boʻlmagan muddatga oldindan hisoblab beradi.

Agar farzandlar voyaga yetishiga 5 yildan kam muddat qolgan boʻlsa, hisob oʻsha qolgan muddatga binoan amalga oshiriladi. Qarzdor hisoblash qarorini olgach, tegishli hujjatni bergan sudga ijro etish usuli va tartibni oʻzgartirish boʻyicha murojaat qiladi. Sud murojaatni koʻrib chiqib, oldindan chiqarish qarorini tasdiqlab bergach qarzdorning chiqish huquqiga boʻlgan taʼqiq bekor qilinadi.

Garov shartnomasi esa - qarzdor va undiruvchi oʻrtasida kelishgan holda tuziladi. Garov mulki sifatida eng kam oylik ish haqining 200 baravaridan kam boʻlmagan mulk qoʻyiladi. Bu holda ham qarzdor yuqoridagi tartibda sudga murojaat qilishi lozim.

"Fuqaro chetga chiqqandan keyin ikki oydan ortiq muddat aliment pulini toʻlamasa, undiruv oʻsha garov mulkiga qaratiladi", deya aniqlik kiritdi Rahmatov.

Joriy yilning 9 oyi davomida Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi va hududiy tuman boʻlimlariga aliment undiruvi bilan bogʻliq boʻlgan 27 215 ta ijro hujjatlari kelib tushgan. 

Shu asosda, 324ta qarzdor maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, 20 nafar alimentchi otalarga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 122-moddasi (Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash)ga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Aliment pullarini toʻlamasdan yashirinib yurgan 168 nafar qarzdorlar qidirib topilgan va ulardan aliment puli undirilgan. 65 nafar qarzdorga nisbatan qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Shuningdek, aliment toʻlovi boʻyicha qarzdor shaxslar bilan oʻtkazilgan profilaktika va tushuntirish ishlari natijasida 229ta oila yarashtirilishiga erishilgan.

Asosiy mavzular