06:09 21 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Jamiyat
Havola olish
445564

Jizzaxlik yosh ayol Rossiya oʻrmonlarida eri tomonidan ayovsiz kaltaklandi va tahqirlandi. Qariyb 10 yil davomida zolim erning xoʻrlashlariga chidab kelayogan ayol, endi yaqinlari va tegishli idoralar yordamila u bilan ajrashishga harakat qilmoqda

TOSHKENT, 22 okt — Sputnik, Dilshoda Raxmatova. Bu yosh ayol hayoti asosida qalblarni larzaga soluvchi psixologik triller suratga olish mumkin. Ayol uzoq yillar davomida birgina oʻziga ayon boʻlgan dahshatli sirni hech kimga aytolmay keldi, ammo bundan buyogʻiga sukut saqlamoqchimas. Qariyb oʻn yillik turmushi davomida boshdan kechirgan koʻrguliklar haqida jizzaxlik Muhayyo Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga soʻzlab berdi.

Muhayyo oʻz yurtiga qaytganiga endi bir haftadan oshdi. Rossiyadan Jizzaxga u chorasizlikdan yoʻlovchi mashinada kelgan. Begona yurtda ayovsiz kaltaklangan, sariq chaqasiz holatda u qonuniy eri tomonidan tashlab ketilgan. Albatta, ayol erining ortidan quvish uchun yoʻlga chiqqani yoʻq, u qizlari yonida boʻlishga shoshilgan edi.

Suyanchiq deb oʻylagani, sadist boʻlib chiqdi

Muhayyoni erkin munosabatlarga oʻrgangan ayollar qatoriga qoʻshib boʻlmaydi, biroq u "koʻz ochib koʻrgan" insoni bilan toʻyga qadar qovushgan: romantik uchrashuv davomida sevgilisi tomonidan uzatilgan spirtli ichimlik toʻldirilgan bir necha qadahdan soʻng, u ertasiga nima roʻy berganini koʻradi va "taqdir shu ekan, nega unga turmushga chiqmay" degan qarorga keladi.

Ayolning aytishicha, shafqasiz kaltaklar ilk homilador boʻlgan vaqtidan boshlangan. Muhayyoning turmush oʻrtogʻi hisoblanmish Faxriddin uchun sabablar ham kerakmas edi. U shuningdek, ayolining qoʻliga hech qachon pul tutmagan. "Pul - yomon, u ayolni quturtiradi", degan gapni takrorlashni xush koʻrgan.

"Shunday yashardik. Men uydagilar yuzini qora qilishdan qoʻrqqanim uchun erimning kaltaklariga chidardim. Tahqirlanishim, kamsitilishim, muntazam kaltaklanishim haqida onamga deyarli aytmasdim. Bir-ikki aytganimda ham, "chida, qizim, hammasi oʻtib ketadi", deganlar. Ortga yoʻl yoʻq edi", - deya hikoya qiladi turmushining ilk yillari haqida Muhayyo.

Er-xotin ish topish ilinjida maʼlum vaqtga Toshkentga keladi. Bu yerda Faxriddin "Xalqlar doʻstligi" saroyida barmenlik qila boshlaydi. Xuddi shu kunlarning birida muntazam boʻladigan oilaviy janjallar qatoriga, gruppaviy seksga majburlar holati ham qoʻshiladi.

"Men bu haqda hozirgacha hech kimga aytolmagan edim. Hatto eng yaqinlarim - onam va opalarimga ham. U menga yana ikkita erkakni yotogʻimizga olib kelishni xohlaganini aytganida, avval dahshatdan shokka tushib, agar shunday qilsangiz, oʻzimni oʻldiraman, deb undan bunday qilmaslikni yigʻlab, yolborib soʻraganman. U meni shu uchun ham koʻp kaltaklardi", — deb xotirlaydi Muhayyo.

Begona yurt sari baxt izlab

2019 yilning may oyida oila pul topish ilinjida Rossiyaga yoʻl oladi. Boshida patent, kvartira ijarasi va hokazolar uchun Muhayyoning opasidan qarz olib turishadi.

"Patentim tayyor boʻlishi bilan restoranlarning biriga idish-tovoq yuvuvchi boʻlib ishga kirdim. Ish haqim kunlik berilardi - 1300 rubl olardim. Bu pullar patent va registratsiya uchun toʻlov, yashash va erimning mayda-chuyda xarajatlariga yetardi. Ikki oy oʻtgach, u meni mashina sotib olishga koʻndirdi - pitstsa tashisam, pul topaman, hayotimiz yaxshilanadi, degan vaʼdalaridan keyin yana qarz olib, eskiroq "Matiz"li boʻldik. Ammo erim menga shundan keyin ham oyligini koʻrsatmadi", - deydi Muhayyo.

Aksincha, endi uning yangi talablari paydo boʻladi. Faxriddin oʻz xotiniga shim va ochiq koftalar kiyishni taʼqiqlaydi.

"Kunlarning birida, ishdan qaytsam, erim krovatda oʻtirib, pichoq bilan bor kiyimlarimni burdalab oʻtirgani ustidan chiqdim. Hayratdan qotib qoldim, ammo bu safar ham indamadim, ishga uzun koʻylak va roʻmolda qatnay boshladim", - deydi ayol.

Ish beruvchilar Muhayyoni ishga rasmiylashtirishga qaror qilib, maosh endi kunda emas, balki oyda bir marta berilishini eʼlon qilgan kun oilada yana janjal avj oldi. Turmush oʻrtogʻi ayolni pulni undan qizgʻanishda ayblab, yoʻq joydan urush chiqaradi va Muhayyoga hatto pichoq bilan tahdid qiladi.

Faxriddinning tanishlari ham undan oʻzgarishlarni allaqachon payqashgan edi. Tanishlaridan biri Muhayyoga qoʻngʻiroq qilib, undan oʻziga ehtiyot boʻlishni soʻraydi. Kelinchakni qoʻrquv bosadi, u hamkasblari bilan bogʻlanib, samolyotga chipta olishga yordam berishlarini soʻraydi.

Kutilmaganda uyga kirib kelgan Faxriddin xotinining telefoniga sms kelganini koʻrib, qoʻlidan yulib oladi va xabarni ovozini chiqarib oʻqiydi: "Sizga chipta topdik, bizga qoʻngʻiroq qiling". Faxriddinning aft-angori oʻzgarib: "Xoʻsh, qayerga otlanding?", - soʻraydi Muhayyodan. Shundan keyin roʻy bergan voqealarni ayol bugun ham titroq bosgan holatda esga oladi.

"Hammasi tamom, deb oʻylagandim"

Muhayyo eri janjal koʻtarmaganiga avvaliga hayratlandi ham. Faxriddin undan shunchaki kiyinishni soʻraydi va koʻchaga aylantirib kelishini aytadi.

Uy egasi oʻrtada roʻy berayotgan voqealardan xabardor boʻlgani uchun, Faxriddindan darhol Muhayyoni qayoqqa olib ketayotganini soʻraydi. Erkak unga barmogʻini tekizmasligini aytib, ont ichadi. Ehtimol, shu qasam Muhayyoni ajaldan saqlab qoladi ham.

"Shahardan tashqariga chiqishimiz bilan u mashinani juda katta tezlikda hayday boshladi - dachalar, poselkalar, oʻrmonzor koʻz oldimda bir-bir almashardi. Avvaliga nima roʻy berayotganini tushunmadim. Nihoyat, u oʻrmonzor ichiga qarab haydadi va bir joyda mashinani toʻxtatdi. Kutilmaganda qoʻlidagi kalit bilan boshimga ura ketdi. Soʻng biqinim, sonlarimga kalitni chuqur botirib ola boshladi. Qoʻlimni kalit uchi bilan kesdi", — ovozida titroq bilan hikoya qiladi ayol.

Soʻngra mashinadan sudrab tushirdi va duch kelgan joyimga tepib, kaltaklay boshladi. U meni xiyonatda ayblar, "Kim bilan boʻlgansan, ayt", deya qilmagan ishimga iqror boʻlishimni talab qilardi. Oradan undan va qizlarimizdan voz kechishim kerakligini aytardi. Koʻz yoshlarim, qasamlar, yolvorishlar unga umuman kor qilmasdi, deydi Muhayyo.

"Doʻpposlashdan charchagach, mashinaning bagaj qismidan benzil toʻldirilgan bakni olib keldi va ustimdan quydi. Oʻzi esa chetga oʻtib, sigareta tutatdi. Dagʻ-dagʻ qaltirayotganimni koʻrib, beoʻxshov iljaydi va "Xohlaysanmi, hozir shundoq sigaretni tashlayman, "voshillab" yonib ketasan?", - dedi. Shu onda men hammasi tamom endi, deb oʻyladim. Undan oxirgi marta qizlarim va onamni koʻrishga imkon berishini soʻrab, yalina boshladi", - deya yodga oladi Muhayyo.

U hozirgacha, oʻshanda erini qotillikdan nima toʻxtatib qolganini bilmaydi. Ammo, ayolning yuz-qoʻllarini oʻzi koʻtarib kelgan besh litrli suvda yuvib, mashinani yurgʻizmoqchi boʻlganida, Muhayyoni kaltaklashda "qurol" sifatida ishlatilgan kalit sinib ketadi va "Matiz"ni oʻrmonzorda qoldirishga toʻgʻri keladi.

"U kurtkasini yechib, menga kiydirdi, kapyushoni bilan momatalogʻi chiqqan yuzimni berkitdi va shu alfozda katta trassaga yetaklab chiqdi. Yoʻlovchi mashinalarning birida uyga qaytdik", - deya oʻz hikoyasini davom ettiradi Muhayyo.

Kelinchakni bu ahvolda koʻrib, kvartira egasi Faxriddinni uydan koʻchaga quvib soladi va politsiya chaqirish bilan poʻpisa qiladi.

Zoʻravondan qurbon chiqdi

Muhayyoning aytishicha, shundan soʻng u bir necha kun davomida koʻrpa-toʻshak qilib yotib qoladi. Boshidagi yoriqlar, burnidagi koʻkarish biroz yaxshi boʻlgach, uy egasi unga Oʻzbekistonga qaytish kerakligini maslahat berib, chipta olishga yordamlashishini aytadi. Sumkasini ochgan Muhayyo, hayratdan dong qotadi, Faxriddin uydan quvilgan kuni xotinining barcha hujjatlarini oʻzi bilan olib chiqib ketgan ekan. Ustiga-ustak, "xotinimni Oʻzbekistonga yubormoqchiman", degan vaj bilan Muhayyoning ishxonasidan oyligining qolgan qismini ham olishga ulgurgani maʼlum boʻladi. Shundan soʻng chindan politsiyaga murojaat qilishga toʻgʻri keladi. Faxriddin qoʻlga olinadi, hujjatlar ayolga qaytariladi. Oradan bir necha kun oʻtgach, er vatanga uchib ketadi, pulsiz qolgan ayol qarz olib yoʻl mashinada qaytishdan oʻzga chorani topolmaydi.

Vatanda, Jizzax viloyatida Muhayyo nimaiki boʻlmasin, zolim er bilan ajrashishga qaror qiladi. Ammo ayol hozircha koʻmakka muhtoj. Muhayyoning aytishicha, turmush oʻrtogʻi uning mahallasiga kelib, goʻyoki xotini opasi bilan birgalashib uning bor budini shilib olib, uydan quvib solgani haqida mish-mish tarqatgan. Er barcha instantsiyalarga qatnab, Muhayyo ustidan shikoyat qilmoqda, va ayovsiz kaltaklangan Muhayyo emas, oʻzini "qurbon" qilib koʻrsatmoqda.

Kelinchak bugun ikki qizini onasi va opasi koʻmagida tarbiyalamoqda. Muhayyo eri bilan qonuniy ajrashishni va barcha azoblarni esdan chiqarishni istaydi. U mahalladagi profilaktika inpektoriga murojaat qilgan, ammo hech qanday yordam yoki maslahat olmagan. Ayol yashaydigan shaharchada zoʻravonlikka uchragan ayollar uchun reabilitatsiya markazi mavjud emas. Muhayyo shunga ishonadiki, agar oʻzi kabi zoʻravonlik qurboni boʻlgan ayollar oʻzlarini qiynayotgan muammolar haqida gapirsalar, jamiyat ham, tegishli xizmatlar ham bunga befarq boʻlmaydi, toʻliq qoʻllab-quvvatlashadi.

Sputnik Oʻzbekiston jarbdiydaga koʻmaklashish maqsadida Respublika xotin-qizlar qoʻmitasi bilan bogʻlandi. Tashkilot murojaatni qabul qildi va shu zahoti ish materiallarini Jizzax xotin-qizlar qoʻmitasiga yoʻnaltirdi. 24 oktyabr holatiga koʻra, Jizzax xotin-qizlar qoʻmitasi vakillari Muhayyo bilan telefon orqali bogʻlanishgan va boʻlib oʻtgan voqealarni oʻrganish, ayolga qanday koʻmak kerakligini aniqlash maqsadida uni oʻz idoralariga chaqirtirishgan.

Muhayyo nafaqat yuridik, balki psixologik koʻmakka muhtoj.

Sputnik tahririyati voqea rivojini kuzatib boradi.

Asosiy mavzular