TOSHKENT, 4 dek — Sputnik. Dushanbe shahri raisi Rustam Emomali boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Tashkent city`da boʻldi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, mehmonlar umumiy maydoni 43 ming kvadrat metr boʻlgan Kongress-xoll, uning 4500 kishiga moʻljallangan anjumanlar zali, ikki taraflama uchrashuvlar uchun xonalari, restoran, kichik kontsert zali va dam olish xonalarini koʻzdan kechirganlar.

Shuningdek, Tashkent City`dagi “Toshkent planetariysi” va “Madam Tyusso” muzeyidagi muhit va sharoitlar bilan tanishdilar.
Xabarda delegatsiya aʼzolari Tashkent city`ning kechki, yogʻdular ogʻushidagi goʻzal manzarasi va musiqali favvoraning yoqimli koʻrinishidan ham bahramand boʻlgani aytilgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Emomali Rahmonning toʻngʻich oʻgʻli, Dushanbe shahri raisi Rustam Emomali Toshkentga kelgani va Toshkent shahar hokimi hamda prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgani xabar qilingan edi.