09:05 01 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB132.07
  • EUR12003.57
  • USD10321.21
Jamiyat
Havola olish
3992 0 0

Parodist Tojikiston xalqini aldamagani, xalqni oʻz yurtdoshi chuv tushirgani maʼlum boʻlmoqda. Eng qizigʻi, ushbu kontsert tashkilotchisi shov-shuvdan soʻng gʻoyib boʻlgan va uni topishning imkoni boʻlmayapti

TOSHKENT, 28 dek - Sputnik. Oʻzini Oʻzbekiston xalq artisti deya tanishtirgan firibgar ayol haqidagi mish-mishlarning feyk ekanligi maʼlum boʻlmoqda. Oʻzbekistondan Tojikistonga borgan parodist Rustamxoʻja Usmonov Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga bergan intervyusida voqea aslida qanday boʻlganini soʻzlab berdi.

Eslatib oʻtamiz, bir oz avval oʻzini Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova deb tanishtirgan firibgar ayol Tojikistonning Istaravshan shahri aholisini 110 ming somoniy (taxminan 11,5 ming dollar)ga chuv tushirgani haqida xabar berilgandi. Sal oʻtib, voqea yangicha tus ola boshladi. Oʻzbekistondan qoʻshni respublikaga borgan parodist Rustamxoʻja Usmonov qanday qilib Jamshid ismli shaxsning nayrangiga uchganligi toʻgʻrisida gapirib berdi.

"Parodiya yoʻnalishida ijod qilayotganimga 10 yildan oshdi. Ammo shu paytgacha biron marta toʻy yoki marosimlarga oʻzimni Yulduz Usmonova sifatida tanishtirib, kirib bormaganman. Besh-olti oy avval Oʻzbekistonda bir toʻyga xizmatga borgan edik. Oʻshanda meni sanʼatkor Yulduz Usmonova, deb oʻylashgan ekan. Xullas, oʻshanda meni koʻrgan Jamshid ismli shaxs aloqaga chiqib, yangi yilga oʻrtoqlari uchun "korporativ" tashkillashtirayotganini aytib, Tojikistonga taklif qildi. Soʻng kelishib olish uchun Oʻzbekistonga keldi. Banketdagi xizmat haqim 1000 $ boʻlishiga kelishdik", - deya boʻlib oʻtgan voqeani soʻzlab berdi parodist.

Maʼlum boʻlishicha, u jamoasi bilan belgilangan kun xizmatga borgan va xizmatni yakunlab Oʻzbekistonga ham qaytgan. Tushga yaqin internetga kirib, oʻzi haqidagi tarqalgan shum xabarlarga koʻzi tushgan.

"Shundan bildim-ki, bizni “korporativ”ga taklif qilgan shaxs aslida kontsert uyushtirganini. Biz bundan bexabar boʻlganmiz. Oʻsha shaxs odamlarga 300 ta bilet sotib, 11 300 dollar foyda qilgan ekan. Bu haqda oʻsha Tojikiston nashrlarida oʻqidik", - deya davom etdi Rustamxoʻja Usmonov.

Oʻzini Omon deb tanishtirgan, parodist maʼmurining aytishicha, Jamshidga qoʻngʻiroq qilib, tarqalgan mish-mishlar yuzasidan izoh soʻralganda, u "Sizlar xizmatingizni qilib ketdingiz, endi ishingiz boʻlmasin, oʻzim hal qilib olaman", deya baqirib goʻshakni qoʻyib qoʻygan va boshqa koʻtarmagan. U shuningdek, Jamshid ismli shaxsdan  jabr koʻrgan insonlarning bari pullarini undirib olgan-olmaganliklarini bilmasligi,  shu paytgacha, Oʻzbekistondagi huquq tartibot idoralari tomonidan chaqiruv boʻlmaganligini qoʻshimcha qildi.

"Biz oʻzimiz aldov qurboni boʻldik. Bu vaziyat qanday yuz berganini, haqligimizni isbotlab beramiz. Chunki biz hech kimga Yulduz Usmonova boʻlib bilet sotmaganmiz", dedi suhbat yakunida parodist maʼmuri.

Asosiy mavzular