10:06 21 Yanvar 2020
Efir
  • RUB155.06
  • EUR10585.77
  • USD9547.05
Jamiyat
Havola olish
595 0 0

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Ikkinchi Jahon urushi yillarida Germaniya kontslagerlarida qurbon boʻlganlarni esga oldi. 

TOSHKENT, 16 yanv - Sputnik. “Ikkinchi jahon urushida oʻlim lagerlarida asir olingan minglab begunoh bolalar, ayollar, keksalar tiriklayin oʻtda yodirildi, gaz kameralarida boʻgʻilib oʻldilar”...   Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bu haqda yoritilgan hujjatni “feysbuk” ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasi orqali havola qildi.

Qayd etilishicha, XX asrning 30 yillarida Germaniya hokimiyati tepasiga kelgan fashizm insoniyat boshiga misl koʻrilmagan vahshiyliklarni solgan. Oʻzlarini oliy irq-oriylar deb sanagan nemis fashistlari Adolf Gitler boshchiligida dunyo xalqlarini qul qilish maqsadida Ikkinchi jahon urushini boshlagan.

Yahudiy va uchinchi dunyo aholisini oʻziga qaram qilib, ularni eng ogʻir va tuban ishlarni bajarishga majbur qilishgan yoki butunlay qirib tashlashgan.

Osventsim, Xolokost, Xatin va boshqa oʻlim lagerlarida asir olingan minglab begunoh bolalar, ayollar, keksalar tiriklayin oʻtda yondirilgan, gaz kameralarida boʻgʻib oʻldirilgan...

Shuningdek, 6 million aholisi boʻlgan Oʻzbekistondan ham 1,5 million nafar yigitlar ushbu 2-jahon urushiga safarbar qilingan. Ularning yarmidan koʻprogʻining hoki poklari begona yurtlarda qolib ketgan, qanchasi bedarak yoʻqolgan. Ular roʻyxatida 101 nafar samarqandlik yurtdoshlarimizning borligi aytiladi. Bu haqda Gollandiyalik jurnalist Remko Reyding maʼlumotlar toʻplagan va uni yoritgan.

Jurnalist Remko Reyding 19 yil muqaddam Gollandiyaning Amersfort  shaharchasi yonidagi unutilgan, xarob va qarovsiz ahvolga kelib qolgan qabristonga qiziqib qoladi. U yerda 2 jahon urushida  asir olingan,  fashizmning vahshiyona qiynoqlari qurboni boʻlgan 865 nafar sovet jangchilarining dafn etilganini aniqlaydi. Ulardan 101 nafari Samarqand shahri va viloyatidan safarbar qilingan oʻzbeklar boʻlgan. Jurnalist arxiv materiallarini oʻrganish mobaynida fashistlarning irqni aniqlash ustida oʻtkazgan labaratoriya tajribalari uchun atay mongoloid qiyofadagi oʻzbek yigitlarini tanlab olganligining guvohi boʻlgan. Bu ishda esa unga oʻsmirligida fashist tadqiqotchilarining yovuzliklariga guvoh boʻlgan, hozirda hayot boʻlsa, 95 yoshni qarshilagan boʻlishi mumkin boʻlgan gollandiyalik Xenka Brukxauzen oʻz xotiralari bilan yordam bergan.

Oʻsha paytda lager vrachi boʻlgan gollandiyalik Nikolas Van Nyuvenxauzen asirlar ustida biozoolog-anatomik tajribalar olib borgan. Lagervrachining kundaligida ham 101 nafar oʻzbekdan 24 nafari hali tajriba stoliga yotib ulgurmay halok boʻlganligi qayd etilgan. Vafot etgan yana ikki nafarining boshi tanasidan ajratib olingan va boshqa asirlarga boshchanoq suyagi qolguncha qaynatish buyurilgan. Soʻng vrach ushbu bosh suyaklarini ish stoli ustiga qoʻyib, oʻrgangan...

Jurnalist Reydingning ushbu va boshqa arxiv maʼlumotlari asosida yaratilgan “Shon-shuhrat maydonining farzandlari” kitobida oʻzbeklar ustida tajriba oʻtkazishdan oldin, uch kun davomida ularning ochlikda saqlanganligi, toʻrtinchi kuni ularni maydonga chiqarib, safga turgʻizishgani, oldilariga esa bir buxonka non tashlashgani keltirilgan. Qayd etilishicha, fashistlar bu bilan asirlarni nonga och itlardek tashlanishib, bir-birlarini gʻajib tashlashadi degan oʻyda boʻlgan. Bu jirkanch fikrga  qatʼiy ishonch bilan non talashish jarayonlarini suratga olish uchun hatto Germaniyadan kinooperatorlarni chaqirishgan. Ammo holat ular kutgandek boʻlmaydi. Taqdirga mardona tan bergan asirlar nonga tashlanmaydilar. Ancha vaqt oʻtgach, oralaridan yoshi ulugʻrogʻi chiqib, ularga nonni teng burdadan taqsimlab beradi.. 

“Oʻsha qonxoʻr, zolim iblisdan tarqagan oriylarning boshiga shunday savdo tushsa, bir-birining goʻshtini yeyishga ham tayyorligini tasavvur qilish qiyin emas”, deb yozadi jurnalist oʻz kitobida.

1942 yilda fashistlar cheksiz azob-uqubatga dosh bergan asirlarni Frantsiyadagi boshqa lagerga koʻchirish haqida yolgʻon eʼlon bilan aldaydilar, ularni Amersfort shaharchasi yaqinidagi qabristonga keltirib, otib tashlaydilar. Ular haqida na birorta hujjat, na maʼlumot qolmagan. Chekinish paytida esa fashistlar lagerga oʻt qoʻyib ketishgan.

Jurnalist Reydingning astoydil izlanishlari natijasida qabristonga dafn etilgan 865 nafar sovet jangchilaridan 200 nafarining qarindosh-urugʻlari aniqlangan. 

Lagerda shuningdek, oʻzbekistonliklarga taqdirdosh boʻlgan gollandiyalik kommunist rassom tomonidan qalamda chizilgan ikki surat saqlanib qolganligi, ularning orqasiga-biriga Hotam Qodirov, ikkinchisiga Zoir Muratov deya yozilib, imzo chekilganligi aytiladi. Ushbu surat rus cherkovining “Voskreseniye” (2017 y.7-son) gazetasida eʼlon qilingan.

Amersfort shaharchasidagi fuqarolarning har yili bahorda oʻzbekistonliklar qabrlarini ziyorat qilib, gullar qoʻyib, sham yoqib xotirlashlari anʼanaga aylangan.

“Ushbu qabristonda dafn etilgan yurtdoshlarimizning nomini aniqlash uchun arxiv xodimlari, yoshlar ittifoqi, iztopar, tarixchilar va jamoatchilik vakillari, elchixonalar, xalqaro madaniy aloqalar tashkilotlari hamkorligida qidiruv ishlari olib borsalar, savob boʻlardi. Marhumlardan qay biri qay birimizning qarindoshimiz, togʻa-jiyanimiz, urugʻ-aymogʻimiz boʻlishi mumkin”,- deya hikoyasini yakunlaydi Nuriddin Boboqandov, Samarqand hokimi eʼlon qilgan hujjatda.

Asosiy mavzular