05:30 19 Fevral 2020
Efir
  • RUB150.07
  • EUR10319.35
  • USD9528.49
Jamiyat
Havola olish
586 0 0

Nigʻmatilla Yoʻldoshevning maʼlum qilishicha, “har qanday millatni yoʻq qilish uchun atom bombasi yoki uzoq masofali raketa shart emas”. Buning uchun taʼlim sifatini tushirib, imtihonlarga aldov aralashtirishning oʻzi kifoyadir.

TOSHKENT, 19 yanv — Sputnik. Oʻzbekiston bosh prokurori Nigʻmatilla Yoʻldoshev Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiyasining yigʻilishida oliy taʼlim sohasida korruptsiya tarqalgan yoʻnalishlarni sanab oʻtdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Taʼkidlanishicha, korruptsiya holatlari, asosan, talabalik safiga qabul qilish, oʻqish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning oʻqish joyini koʻchirish, oʻqish yoʻnalishini oʻzgartirish hamda oʻqishga qayta tiklashda kuzatilmoqda.

Toshkentda stajyor-oʻqituvchi firibgarlikka qoʻl urdi

Yigʻilishda soʻnggi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim taʼlim jarayoni bilan bogʻliq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganligi, ularning 220 nafari kollej va litseylarga, 106 nafari oliy oʻquv yurtlariga toʻgʻri kelishi tanqid ostiga olindi.

Institut va universitetlarning jinoyat sodir etgan xodimlaridan 3 nafarini rektorlar, 5 nafarini prorektorlar, 15 nafarini dekan va dekan oʻrinbosarlari, 62 nafarini oʻqituvchilar tashkil etadi. Kolej va litseylarda esa 34 nafar direktor, 31 nafar direktor oʻrinbosari, 94 nafar oʻqituvchi jinoyatga qoʻl urgan.

2018 yilda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik Markazi oʻtkazgan soʻrovda ishtirok etganlarning 29 foizi oliy taʼlim tizimida korruptsiya keng tarqalgan degan fikrni bildirgan boʻlsa, 2019 yilda bu salbiy koʻrsatkich 35 foizni tashkil etgan.

Komissiya raisi talabalik safiga qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish zarurligini koʻrsatib oʻtdi. Jumladan, oʻqishga kiritish vaji bilan 115 nafar, jumladan, 58 nafar oliy va 57 nafar oʻrta maxsus taʼlim xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Soʻnggi ikki yilda 21 nafar talabaning bunday jinoyatlarga aralashib javobgarlikka tortilganligi tizimdagi korruptsiya oqibati sifatida keskin tanqidga olindi.

Yigʻilishda komissiya raisi, korruptsiya holatlariga taʼlim jarayonlarning ochiq va shaffof tashkil etilmaganligi sabab boʻlganligini koʻrsatib, bundan sohadagi har bir rahbar xodim oʻziga tegishli xulosa chiqarishi lozimligini taʼkidladi.

Maʼruza yakunida bosh prokuror Janubiy Afrika Respublikasi Stellenboss universiteti peshtoqiga yozib qoʻyilgan quyidagi iborani iqtibos sifatida keltirdi.

“Har qanday millatni yoʻq qilish uchun atom bombasi yoki uzoq masofali raketa shart emas. Buning uchun taʼlim sifatini tushirib, imtihonlarga aldov aralashtirishning oʻzi kifoyadir.Bu tarzda taʼlim olgan shifokorlar qoʻlidan bemorlar oʻlim topadi, quruvchilar qurgan uy va binolar vayron boʻladi, iqtisodchi va hisobchilar qoʻlida moliyaviy resurslar sovuriladi, adolat ham shunday huquqshunos va sudyalar qoʻlida zavol topadi. Taʼlimning inqirozi – bu millat inqirozidir”, - dedi Yoʻldoshev.

Yigʻilish yakuni boʻyicha oliy taʼlim sohasini “korruptsiyasiz soha”ga aylashtirish, qonun buzilishi va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha kompleks tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.

Asosiy mavzular