TOSHKENT, 17 mar — Sputnik. 15 mart kuni “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasiga qarashli Istanbul–Toshkent yoʻnalishidagi 274-reys bilan kelgan bir nafar fuqaroda koronavirus infektsiyasi aniqlanganligi haqida xabar berilgandi.
Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, Istanbuldan mazkur reys bilan birga kelgan bemorning turmush oʻrtogʻi va yana bir fuqaroda ham ushbu infektsiya tasdiqlangan.
Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan ushbu bemorlarning ahvoli hozircha qoniqarli boʻlib, shifokorlar tomonidan standartlar asosida davolash muolajalari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 15 mart kuni Virusologiya ilmiy tekshirish instituti laboratoriyasida Frantsiyada boʻlib qaytgan bir nafar Oʻzbekiston fuqarosida, shuningdek, uning oʻgʻli va qizi, turmush oʻrtogʻi va nabirasida koronavirus infektsiyasi aniqlanganini xabar qilingandi. Olib borilgan tahlil natijalariga koʻra, ushbu bemor bilan muloqotda boʻlgan qarindoshida ham koronavirus infektsiyasi qayd etilgan.
14 mart kuni “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasiga qarashli London–Toshkent yoʻnalishidagi 201- reys bilan kelgan Oʻzbekiston fuqarosida koronavirus infektsiyasi aniqlangan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda epidemiologik surishtiruv hamda koronavirus infektsiyasining tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.