08:14 01 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB132.07
  • EUR12003.57
  • USD10321.21
Jamiyat
Havola olish
465 0 0

Dunyoning 110 dan ziyod mamlakatida tarqalgan yangi koronavirus bilan bogʻliq holat Oʻzbekistonda ham qayd etildi. Aholi oʻrtasida “bozorlar yopilarkan, narx-navo oshib ketibdi” kabi asossiz tarqatilayotgan vahimali maʼlumotlarga koʻr-koʻrona ishonish holatlari yuz bermoqda.

Oʻzbekistonda koronavirus infektsiyasining tarqalishi va uning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarga  qaramay, aholi oʻrtasida “bozorlar yopilarkan, narx-navo oshib ketibdi” kabi asossiz tarqatilayotgan vahimali maʼlumotlarga koʻr-koʻrona ishonish holatlari yuz bermoqda. Baʼzi ijtimoiy tarmoqlarda esa fuqarolarning bozorlarda sarosima bilan oziq-ovqat mahsulotlarini gʻamlab qoʻyayotganliklari mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda.

 

Supermarket “Ekobozor” v Tashkente
Sputnik
Supermarket “Ekobozor” v Tashkente

Xoʻsh, bozorlardagi savdo-sotiq va narx-navo bilan bogʻliq asl vaziyat qanday?

Bunga amin boʻlish maqsadida Toshkentdagi yirik “Eski joʻva dehqon bozori” hamda Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Ekobozor” majmuasida boʻlib, haqiqiy vaziyat bilan tanishildi.

Rыnok Eski juva v Tashkente
Sputnik
Rыnok "Eski juva" v Tashkente

Biroq, “Eski Joʻva dehqon bozori”da ijtimoiy  tarmoqlarda tarqalgan vahima qadar gavjum vaziyat kuzatilmadi. Xaridorlar kayfiyatida ham sarosima yoʻq, hamma bamaylixotir, odatdagidek ehtiyojidan kelib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishmoqda.   Bozordagi har 10 ta xaridordan 1-2 tasining tibbiy niqob bilan himoyalanganini koʻrish mumkin.

Oziq-ovqat mahsulotlari oʻz rastalarida tartib bilan terib qoʻyilgan. Ammo sabzavotlar rastalari bozorning atigi ikki qatorida va yerdagi yoyma qismlarida uchraydi xolos, ularning narxi esa quyidagicha:

Yogʻ mahsuloti 12000 -13 000 soʻm, piyoz 2000-2500-3000-soʻmgacha, kartoshka 3000-3800, 4000 soʻmdan 4500 soʻmgacha, sabzi 1800-2500 soʻmni tashkil etadi.

Rыnok Eski juva v Tashkente
Sputnik
Rыnok "Eski juva" v Tashkente

 Baʼzi ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi kurashishda sarimsoqpiyozning yaxshi samara berishi haqida maʼlumot berilgandek boʻldi. Shu sabab ehtimol, ushbu mahsulotning 1 kg narxi 60000 soʻm, 1 donasi esa  5000-6000 soʻmga chiqqan.  

Oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilib boʻlgach, xaridorlar, isiriq sotib olishni ham unutayotganlari yoʻq.

Oʻram shaklida sotilayotgan isiriqning bozori chaqqon, 1 ta kichik qopcha isiriqning narxi 5000 soʻm, bir bogʻi esa 7000 soʻmdan sotilmoqda. 

“Eski joʻva dehqon bozori”da oziq-ovqat mahsulotlarining sunʼiy ravishda koʻtarilmasligi ustidan kim nazorat qilmoqda yoki doimiy narxlarda muvozanatning saqlanishi yuzasidan qanday choralar olib borilmoqda? Ushbu savol bilan bozor maʼmuriyatiga murojaat qilindi.

Ismini oshkor etishni istamagan bozor maʼmuriyati xodimiga koʻra, narx-navoning sunʼiy ravishda oshirganlik javobgarlikka tortilishiga asos boʻlishi yuzasidan maʼmuriyat ham, bozordagi barcha sotuvchilar ham birdek xabardor.

Sektor mudirlari bor, narx-navoni nazorat qilib turadigan...  koʻpchilik kartoshkani oʻzi tashib keladi. Biz bozor nomidan arzon yarmarkalar tashkillashtirdik, xaridorlarning sotib olishga qurbi yetishi uchun.  Imkon darajasida sotuvchilarga kartoshka narxini 2,500 dan sotinglar deya tayinlayapmiz. Masalan, oʻtgan kecha tungi 12:00 da bozordagi barcha sotuvchilarni toʻplab, ularga narx-navo sunʼiy oshirilmasin, deya qatiq tayinlandi. Ammo bozorda 3000 dan ziyod sotuvchi boʻlsa, har kuni ularning boshida turib kuzatishning imkoni yoʻq. Shunga qaramay, haftada ikki uch marotaba departament va soliq xodimlari narx-navo bilan bogʻliq holatni kuzatib turibdi,– deydi maʼmuriyat xodimi.

Shuningdek, bozor maʼmuriyati xodimiga koʻra, ayni kundagi epedemik vaziyatdan kelib chiqqan holda sanitar choralar koʻrilib, haftada bir marotaba bozorlarga kiraverish yoʻlaklar, zinalar dezinfektsiya qilinmoqda.

Kuzatuvni shu qismida  yakunlab, taxminan soat 17:00 larda Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Ekobozor” majmuasida yoʻl oldik.

Bozorga kiraverishda chap qoʻldagi dorixonada ochiqchasiga tibbiy niqob yoʻq deya yozib qoʻyilgan. Sotuvchi qizlar niqoblar tugagani, ertaga yana keltirilishini aytishdi...

Supermarket “Ekobozor” v Tashkente
Sputnik
Supermarket “Ekobozor” v Tashkente

Shaharning qator dorixonalarida tibbiy niqob tanqisligi holati kuzatilayotganligini inobatga olsak, serqatnov va gavjum, ammo kichik bozor majmuasidagi dorixonada tibbiy niqobning yoʻqligini tushunsa boʻladi.

Narx-navo bilan bogʻliq holatga kelsak,  goʻsht, un, makaron, yogʻ, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oʻzgarmagan, rastalarda tuxumning narxi 650-700-800 va 900 soʻm, kartoshka 3500-4000 soʻm, sabzi 3000-3500 soʻm, guruch 4000-4500 soʻm, pomidor 3000 soʻmdan sotilmoqda.

“Ekobozor” majmuasi rahbari oʻrinbosari Bahodir Karimovning aytishicha, narxlar Mirzo Ulugʻbek tumani soliq inspektsiyasi hamda bozor majmuasi rahbari oʻrinbosari tomonidan nazoratga olingan.

Shuningdek, bozordagi sanitar holatga ham jiddiy eʼtibor berilmoqda. Nafaqat xaridorlar, balki sotuvchilar sogʻligini saqlash maqsadida xodimlar kuniga ikki marotaba bozor ichkarisini dizinfektsiyalash choralarini koʻrishmoqda.

Bundan tashqari korzinka aravachalari har kuni har soatda spirtli aralashmalar bilan zararsizlantirilib, eshikdan kiraverishdagi gilamlar xlorli eritma bilan artilmoqda.

Asosiy mavzular