13:11 30 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Jamiyat
Havola olish
318 0 0

Qayd etilishicha, mulklarni qaytarish boʻyicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada Oʻzbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.

TOSHKENT, 19 mar — Sputnik. Oʻzbekiston Adliya vazirligi Gulnora Karimova ishi yuzasidan izoh berdi.

Xabarda yozilishicha, 2019 yilda xalqaro tuzilmalar va fuqarolardan Gulnora Karimovaga nisbatan oldin olib borilgan tergov harakatlari bilan qamrab olinmagan jinoyatlar haqida xabarlar kelib tushdi. Bu esa yangidan ochilgan holatlar boʻyicha yangi jinoyat ishi ochilishiga asos boʻlgan.

Tergov Gulnora Karimova oʻziga yaqin shaxslardan iborat bir nechta uyushgan jinoiy guruh tuzib, jinoiy uyushmaga rahbarlik qilganligi, respublikaning sanoat korxonalarida faoliyat yuritib, unga jinoiy yoʻl bilan orttirilgan daromaddan ulush berib turgan yana bir uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, jinoiy ish materiallariga koʻra, G.Karimova fuqarolarga va turli kompaniyalar egalariga bosim oʻtkazish va qoʻrqitish yoʻli bilan oʻzlarining mulklarini unga qarashli kompaniyalarga qayta rasmiylashtirib berishga majburlagan.

Ish boʻyicha tergov davomida Gulnora Karimovaning qonuniy huquq va manfaatlarini u va uning yaqin qarindoshlari tomonidan jalb etilgan 7 nafar advokat himoya qilgan.

Oldin koʻrilgan jinoiy ishlar, shuningdek, soʻnggi jinoiy ish doirasida yetkazilgan zarar miqdori 3,8 trillion soʻm va 165 million AQSH dollarini tashkil etgan.

Xorijiy davlatlarda olib borilayotgan tergov materiallari va rasmiy manbalarda keltirilishicha, G.Karimova va unga aloqador shaxslar tomonidan Latviya, Shveytsariya, Frantsiya, Shvetsiya, Niderlandiya va ehtimol boshqa davlatlarda jinoiy yoʻl bilan orttirilgan mablagʻlarni yuvish boʻyicha noqonuniy korruptsion sxemalar amalga oshirilgan.

Qayd etilishicha, mulklarni qaytarish boʻyicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada Oʻzbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.

“Xususan, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yoʻl bilan orttirilgan 1,3 milliard AQSH dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish boʻyicha Shveytsariya, Frantsiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Mazkur mulklar xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan hibsga olinganligi munosabati bilan, ular anchadan buyon G.Karimova (uning oila aʼzolari) tasarrufida emas.

Shu bois, Oʻzbekistonga mulklarni G.Karimovaning oʻzi qaytarganligi yoki qolgan mulklar bevosita G.Karimova yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi taʼkidlar huquqiy asosga ega emas va haqiqatga toʻgʻri kelmaydi",-  deyilgan xabarda.

Eslatib oʻtamiz, 2020 yil 18 mart kuni Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma aʼzolariga nisbatan jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi eʼlon qilindi. Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Asosiy mavzular