05:18 07 Iyul 2020
Efir
  • RUB142.48
  • EUR11455.78
  • USD10184.73
Jamiyat
Havola olish
731 0 0

Karantin davrida magistratura va bakalavriat bosqichi talabalariga stipendiya toʻlanadimi? Shu kabi boshqa savollarga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari oydinlik kiritdi.

TOSHKENT, 22 mar — Sputnik.  Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidagi brifingda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov koronavirus infektsiyasi profilaktikasi munosabati bilan taʼtil berilishi sababli fuqarolar tomonidan berilayotgan  savollarga javob qaytardi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

OTMlardagi toʻlov-shartnoma asosida tahsil olayotgan talabalar karantin munosabati bilan kontrakt pulini toʻlashga ulgurmagan boʻlsa, ularga muddat uzaytiriladimi?

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari: 2019/2020 oʻquv yilida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga joriy oʻquv yilining birinchi yarmi uchun kontrakt pulini 2020 yil 20 martga qadar toʻlashga ruxsat berilgan edi. Yaʼni ushbu muddatga qadar kontrakt toʻlagan abituriyent talabalikka qabul qilinadi, aks holda talaba boʻla olmaydi.

Oʻzi shundoq ham bu muddat istisno tariqasida 2019 yil sentyabr oyidan beri muntazam ravishda darslarga qatnab turgan, ayrim sabablarga koʻra kontrakt pulini 2019 yil 31 dekabrgacha toʻlay olmagan abituriyentlar uchun imkoniyat sifatida berilgan edi. Hozirgacha 20 martga qadar toʻlay olmaganlik va muddatni uzaytirish haqida hech qanday murojaat kelib tushmadi.

Agar 1 kurslardan shunday murojaat boʻlgan taqdirda, ushbu masala Davlat qabul komissiyasi tomonidan oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqiladi.

Talabalikka qabul qilinib, birinchi semestrni yakunlagan 1-bosqich hamda boshqa barcha bosqichlardagi talabalarning kontrakt pulini toʻlash muddatlari oliy taʼlim muassasasining rektori ruxsati asosida amalga oshiriladi.

Karantin tugaganidan keyin oliy taʼlim muassasalari rahbarlariga tavsiya qilamiz ular kontrakt toʻlash muddatini uzaytirish boʻyicha oʻzlarining qarorlarini qabul qiladilar.

Kontrakt masalasida muammo boʻlmaydi. Har yili ham turli sabablarga oʻz vaqtida toʻlay olmaganlarga sharoit yaratib berilgan. Bu yilgi holatda qachon va qanday tartibda toʻlov davom ettirilishi mumkinligi yuzasidan navbatdan tashqari taʼtil tamomlanganidan soʻng albatta xabar beramiz.

Germaniyaga grant yutib olganman, u yerga diplom nusxasini iyul oyining oxirigacha topshirish kerak. Agar topshirmasa grant kuyib ketadi. Karantin tufayli qoldirilgan darslar keyinchalik diplom himoyasi va diplom olish vaqtlariga taʼsir qiladimi?

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari: Maʼlumki, hozirda barcha talabalar taʼtilda. Shunday boʻlsa ham darslarni onlayn maʼruzalar va mustaqil taʼlimga moʻljallangan elektron resurslar asosida oʻzlashtirish imkoniyatini yaratganmiz.

Qoldirilgan darslarni oʻzlashtirish boʻyicha tegishli  choralar koʻriladi, diplom ishini himoya qilish uchun ham tashkiliy choralar belgilanadi.

Garchi muddatlar uzaytirilsa, shuni ham aytish kerakki, nafaqat Germaniya, balki boshqa davlatlardagi taʼlim muassasalari ham ushbu holatni inobatga olishga qaratilgan qarorlar qabul qiladi deb oʻylaymiz.

Koronavirus tufayli qoldirilgan darslar va oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari nima boʻladi?

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari: Birinchidan, shuni aytish kerakki, darslar hammasi ham qoldirilayotgani yoʻq. Biz oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida oʻquv dasturlarimizdagi mavzularni onlayn oʻtkazib borish tizimini yoʻlga qoʻydik.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi taʼtil vaqtida talabalarning bilim olish darajasini masofadan turib qoʻllab-quvvatlash maqsadida Telegram ijtimoiy tarmogʻida ham @eduuz_online loyihasini yoʻlga qoʻydi.

Maʼlumki, oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlari odatda avgust oyida oʻtkaziladi. Oʻsha vaqtga kelib vaziyat barqarorlashadi degan umiddamiz.

Karantin davrida magistratura va bakalavriat bosqichi talabalariga stipendiya toʻlanadimi?

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari: Talabalar uchun toʻlab beriladigan stipendiyalar avvalgi holatida davom etaveradi. Faqat toʻlov turida oʻzgarish boʻlishi mumkin. Yaʼni kimdir hozirgacha stipendiyasini naqd pul koʻrinishida olib kelgan boʻlsa, taʼtilda ekanini inobatga olib, ularning roziligi asosida plastik kartasiga toʻlaqonli tushirib beriladi.

Stipendiya toʻlashda hammaga bir xil qaraladi: bakalavrlar, magistratura, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida oʻqiyotganlarning barchasi belgilangan tartibda stipendiyalarini olishda davom etadilar. Yaʼni stipendiyali va stipendiyasiz kontrakt asosida oʻqiyotganiga qaraladi.

OTM oʻqituvchilarining barchasi mehnat taʼtiliga chiqishlari mumkinmi? Karantin davrida ularga haq toʻlanadimi?

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari: 23 martdan boshlab Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchi va xodimlarining aksariyat qismi belgilangan tartibda mehnat taʼtiliga chiqariladi, qolgan xodimlarning faoliyati maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distantsion tarzda) tashkil etiladi.

Talabalarga oʻqish qachon boshlanadi? Karantin tufayli berilgan taʼtil sabab yozda taʼtil berilmaydimi?

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari: Talabalarga oʻqish bugungi kundagi koronavirus infektsiyasi xavfi pasayib, dars oʻtish va jamoviy tadbirlarni oʻtkazishga doir xavf-xatarlar bartaraf etilganidan keyin boshlanadi. Bu jarayon albatta ommaviy axborot vositalari orqali tegishli vazirlik va idoralar tomonidan eʼlon qilinadi.

Karantin sabab yozdagi taʼtil muddati qisqarishi tabiiy, uning muddati karantin sababli berilgan taʼtilning qanchalik davom etishiga bogʻliq.

Sirtqi taʼlimdagilar, qayta tayyorlash va malaka oshirishdagilarga ham taʼtil beriladimi? Aprel oyida bizda darslar boshlanishi kerak edi?

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari: Taʼtil barchaga tegishli. Nafaqat kunduzgi yoki sirtqi taʼlimdagi, balki qayta tayyorlash va malaka oshirishda oʻqiyotgan va oʻqishi lozim boʻlganlarga ham tegishli.

Aprel oyida karantinning davom etish yoki etmasligi hozircha bizga nomaʼlum. Shuning uchun aprelga qadar vaziyatga qarab yana qoʻshimcha xabar berib boriladi.

Asosiy mavzular