11:49 10 Aprel 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Jamiyat
Havola olish
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (626)
177810

Xitoydan boshlangan koronavirus epidemiyasi bugun xalqaro koʻlamga yetdi. Oddiy virus tufayli faqatgina odamlar aziyat chekayotgani yoʻq - davlatlarning butun boshli iqtisodiyot tarmoqlari sinmoqda. Ushbu pandemiya oʻzbekistonliklar hayotini qay darajada oʻzgartirdi

Virus mamlakatga qayerdan va qanday keldi?  

Joriy yilning 15-mart kuni ilk marotaba Oʻzbekistonda koronavirus bilan kasallanish holati qayd etildi. Bemor Frantsiyadan kelgan boʻlib, u oʻz xohishiga koʻra 14 mart kuni Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasi tekshiruvidan oʻtgan. Ertasi kuni unda COVID-19 koronavirus infektsiyasining mavjudligi aniqlandi.

Bemor ayol Oʻzbekistonga "Parij-Toshkent" reysi orqali joriy yilning  mart kuni jami 48 yoʻlovchi va 9 nafar ekipaj aʼzosi bilan birga uchib kelgan. Tekshiruv natijasidan soʻng u va uning oila aʼzolari 14 kunlik karantinga nazoratiga olindi.

Soʻng joriy yilning 15 mart kuni Oʻzbekiston havo yoʻllari aviakompaniyasiga qarashli Istanbul - Toshkent yoʻnalishidagi 274- reysi bilan kelgan Oʻzbekiston fuqarosida ham ushbu infektsiya aniqlandi va respublika Virusologiya ilmiy tekshirish institutida laborator tahlil oʻtkazilib, ushbu bemor ham malakali shifokorlar nazoratiga olindi.

Toshkentda karantin eʼlon qilinishi

Oʻzbekistonda koronavirusni yuqtirgan bemor borligi haqidagi xabar albatta, barchada tashqish uygʻotdi. Ammo hukumat bunday favqulodda holatlarga tayyorligini namoyish etdi. Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida shoshilinch yigʻilish tashkil etildi. yigʻilishda Navroʻz saylining oʻtkazilishi bekor qilindi, Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurashishga oid qator qatʼiy choralar belgilandi.

16 martdan barcha davlat va nodavlat-xususiy taʼlim muassasalari,  bogʻcha, maktab, kollej, litsey va Oliy taʼlim muassasalarida  muddatdan oldin taʼtil eʼlon qilindi, oʻqishlar toʻxtatildi. Oʻzbekistonga kirish va chiqish taʼqiqlanib, xorijdan kelishni istagan oʻzbekistonliklar uchun elchixonalar tomonidan maxsus charter- reyslari tashkil etildi.

Karantin qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanib, bu boʻyicha nazorat kuchaytirildi. Karantin vaqtida tekshirilmagan, odamlarda vahima uygʻotuvchi ruhdagi xabarlarni tarqatuvchilarga nisbatan jinoiy javobgarlik choralari ishlab chiqildi, ularning harakatlariga huquqiy baho berildi.

Musulmonlarga Juma namozi oʻrniga Peshin namozini oʻqish buyurildi

Bundan tashqari, koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Ulamolar kengashi tomonidan musulmonlarga Juma namozi oʻrniga uyda peshin namozini ado etishlari buyurildi.

Davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan majlis va boshqa tadbirlarni oʻtkazish vaqtinchalik taqiqlandi. Eʼtiborlisi, hukumat epidemik vaziyat davrida majburiy taʼtil masalasini ijobiy hal eta oldi, karantin eʼlon qilinib, maktablar yopildi, oʻquvchi va oʻqituvchilar uchun majburiy taʼtil eʼlon qilindi. Qaror bilan koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan xodimlar oylik maoshiga har kunlik qoʻshimcha 6 % miqdorda toʻlovlar toʻlanishi belgilandi.

Bogʻcha va maktablar faoliyati toʻxtatilgan vaqtda ushbu muassasalar tarbiyalanuvchilarining ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga yillik taʼtil taqdim etilishi belgilandi.

Bugungacha 3,4 mingdan ortiq maktablarda dezinfektsiya choralari amalga oshirildi va bu ishlar hozirgacha davom ettirilmoqda.

Oʻquvchilar majburiy taʼtilga chiqarilib, ular uy sharoitida onlayn oʻqitilyapti.

Maktab oʻqituvchilarining taʼtildagi vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari maqsadida, Oʻzbekiston teleradiokompaniyasining toʻrtta telekanali orqali oʻzbek,  rus va qoraqalpoq tillarida malakali oʻqituvchilar tomonidan televizion darslar avvaldan tayyorlandi va ayni damda taʼtilda boʻlgan oʻquvchilar uchun namoyish etib borilmoqda. 

Bundan tashqari, Xalq taʼlimi vazirligining rasmiy veb-sayti orqali  kundalik.com hamda “Onlayn maktab” elektron portali orqali ham videodarslarni kuzatib borish imkoniyati yaratildi. Hozirda respublika bolalar kutubxonasining www.kitob.uz saytida oʻzbek va  rus tilida boʻlgan badiiy adabiyotlar, 1083ta elektron kitob va audio resurslar joylashtirilgan.

Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonasining internet tarmogʻidagi www.natlib.uz  hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Telegramdagi @bolalikkunlarimda kanalida ham badiiy adabiyotlar va audioovozlar joylashtirilgan.

Poytaxtga kirish va chiqish taqiqlandi, faqat yuk tashuvchi transportlarga ruxsat bor

Joriy yilning 24 mart sanasidan boshlab Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Toshkent shahriga transport vositasi orqali kirish va chiqish harakatlari toʻxtatilib, faqat yuk tashuvchi transportlarning kirib chiqishiga cheklov qoʻyilmadi. 

Qarorga binoan Toshkent shahrida doimiy roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar yoki chet el fuqarolari uchun  oʻzlarining shaxsiy transport vositalarida Toshkentga kirishlari imkoni yaratildi, biroq Toshkentdan chiqish uchun esa ularga cheklov oʻrnatildi. Kirib chiqish boʻyicha ham koronavirus infektsiyasi alomatlarini aniqlash boʻyicha majburiy tibbiy nazorat oʻrnatildi.

Shahar dorixonalarida tibbiy niqob tanqisligi vujudga keldi

Aholiga tibbiy niqoblardan foydalanish va sanitar-gigiyenik qoidalariga  amal qilish lozimligi, aks holda epidemiyaga chalinishlari yoki jarimaga tortilishlari mumkinligi aytilgach, shahar dorixonalarida tibbiy niqoblar tanqisligi vujudga keldi. Imi-jimida tibbiy niqoblarning chayqovchilari, uning noqonuniy oldi-sotdi savdosi bilan shugʻullanuvchilari topila boshladi, tibbiy niqoblar va antiseptik vositalari narxlarining sunʼiy ravishda oshirilishi holatlari yuz berdi.  Ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, maʼmuriy choralar koʻrildi.

Ayrim  koʻngillilar va tadbirkorlar tomonidan tibbiy niqoblar xayriya tarzida bepul tarqatilgan boʻlsa, baʼzi dorixonalar sotuvchilari tomonidan aktsiya tarzida, arzonlashtirilgan narxlarda sotildi. 23 martdan esa  hukumat aholiga tibbiy niqobsiz harakatlanishni rasman taqiqladi. Qolaversa, Oʻzbekiston ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Aziz Ikramov ham  Xalqaro pres klubda oʻtkazilgan brifinglarning birida, 25 mart kunidan boshlab fuqarolarning jamoat joylarida niqob bilan yurishi shartligi, kimda kim ushbu tartibga boʻysunmaydigan boʻlsa, unga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllanilishi haqida ogohlantirdi. Ushbu holat takror sodir etilganda qonunga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortilishi, bu alohida qonun bilan belgilanganligini maʼlum qildi.  

Qonunda belgilanishicha, himoya niqobisiz jamoat joyida yurgan shaxslarga 25 mart kunidan boshlab,  223 ming soʻm miqdorida, mazkur holat takrorlanganda 669 ming soʻm miqdorida jarima jazosining qoʻllaniladi. Shuningdek, tibbiy himoya vositalari, xususan, niqoblar tanqisligini sunʼiy vujudga keltirib, narxini oshirgan “tadbirkor” larga nisbatan qatʼiy choralar koʻriladi.  

Yangi qaror haqida aholi OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali boxabar qilindi. Soʻng jamoat joylarida, metropolitenlarda tibbiy niqoblar aholiga bepul tarqatila boshlandi. Ayni damda aholining tibbiy niqobdan foydalanganlik holati aksariyat hududlarda nazorat qilinayotganligiga guvoh boʻlish mumkin, aholi yangi qarordan ogohlantirilib, tibbiy-himoya niqobi bilan bepul taʼminlanmoqda.  

Jumladan, Toshkent shahridagi barcha korxona va muassasalar xodimlariga asosiy ish faoliyatiga taʼsir etmagan holda mehnat taʼtili eʼlon qilinib,  ularning ishni masofadan turib davom ettirishlari mumkinligi maʼlum qilindi. Xodim va ishchilarga ham hatto oʻz ish joyida shaxsiy himoya vositalarida boʻlishlari kerakligi, karantin choralarini buzganlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy choralar qoʻllanilishi aytildi.

Epidemiya davrida shifokorlarning oʻrni qay darajada muhimligi sezildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez fuqarolar hujumiga duchor boʻlib,  u yer bu yerda kaltaklanib, ijtimoiy tarmoqlarga chiqitb kelayotgan shifokorlarning oʻrni ayni damda sezildi. Ularning insoniyatni tarqalgan kasallikdan himoya qilishi uchun  qilayotgan fidoiyliklarini payqash qiyin boʻlmadi.

Ayniqsa, Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda koronavirus infektsiyasining tarqalib ketmasligi uchun qoʻldan kelgancha barcha profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Zarur paytda Respublikaning barcha tibbiyot muassasalarida koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish va ushbu infektsiyaga chalingan bemorlarni davolash uchun sharoitlar yaratilishi vazirlik tomonidan nazoratga olindi, tibbiyot muassasalari kerakli dori-darmon vositalari hamda  mutaxassislar bilan yetarli darajada taʼminlanmoqda.

Qolaversa, Oʻzbekistonda rasman karantin eʼlon qilinguniga qadar, aholiga Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan OAV orqali tez-tez chiqishlar qilindi, targʻibot ishlari olib borildi, vaziyat yuzasidan brifinglar tashkil etilib, aholiga vahimaga berilmaslik lozimligi, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish kerakligi taʼkidlandi.  

Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida 24 soat davomida uzluksiz faoliyat koʻrsatuvchi shtab tashkil etildi va ushbu shtab hozirgacha ishlab turibdi.

Koronavirus sabab, baʼzilarning baxti kechikdi...

Koronavirusning jamoat joylarida yuqishi mumkinligi sababli, joriy yilning 23 mart kunidan boshlab, Oʻzbekistondagi barcha toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosim singari ommaviy tadbirlar oʻtkazilishi bekor boʻldi.

Respublika maxsus komissiyasi yigʻilishining qarori bilan 21 martdan eʼtiboran barcha hududlarda faoliyat yuritayotgan mavjud koʻngilochar obʼyektlar, shu jumladan tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, choyxona, oshxona, karaoke, bilyard zallari, chilim markazlari va kompyuter xizmati xonalarining faoliyati ham vaqtinchalik toʻxtatildi.

Respublika boʻyicha barcha ovqatlanish shahobchalari berkitilib, faqat ovqat tashuvchi kuryerlik xizmatlari yoʻlga qoʻyildi. Ayrim koʻngilli ovqatlanish shohobchalariningkarantin vaqtida kuryerlik xizmatlarini mijozlar uchun  bepul qilib qoʻyganliklariga ham guvoh boʻldik:

—   Koronavirusning kirib kelishi tufayli karantin eʼlon qilinganligi munosabati bilan bizning buyurtma yetkazish xizmatimiz vaqtinchalik bepul boʻldi. Bundan albatta mijozlar xursand. Qolaversa, ovqatlanish shahobchamiz ishchilarining hammasi maxsus himoya niqoblari va antiseptik vositalaridan foydalangan holda ishlashmoqda. Mijozlarga ovqat yetkazib berganimizda ham, albatta maxsus qoʻlqoplarda, tibbiy niqoblarda boʻlamiz. Shu bois hozircha mijozlardan kuryerlik xizmati boʻyicha hech qanday shikoyat boʻlgani yoʻq. Sababi, tibbiy niqoblar va antiseptik himoya vositalaridan foydalanish nafaqat mijozlarning, balki birinchi galda oʻzimiz, kuryerlarning salomatligi uchun ham muhimdir, – deydi ovqatlanish markazlaridan birining kuryeri sifatida faoliyat yuritayotgan Abdumutallib Abdujabborov. 

Bozorlar ostonasi zararsizlantirildi

Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan 24 mart soat 00:01dan boshlab koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etildi. Unga koʻra Toshkent shahrida, keyinchalik bosqichma-bosqich Nukus shahri, viloyat va tuman markazlarida joylashgan barcha yirik dehqon bozorlari va savdo majmualaridagi kirish-chiqish joylarida teplovizorlar va antiseptik vositalari bilan jihozlanishi aytildi va buning ayni damda amalga oshirilayoganini ham Toshkentdagi jamoat joylarida koʻrish mumkin.

Karantindan qochganlarga qanday chora koʻriladi?

Respublika Bosh prokuraturasi matbuot kotibining maʼlum qilishicha, Prokuratura organlari tomonidan mamlakatda Covid-19 koronavirusi infektsiyasining keng tarqalishini oldini olish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, sanitariyaga oid qonun hujjatlari va epidemiyaga qarshi kurashish qoidalariga rioya etilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilgan.

Ammo baʼzi chet eldan qaytib kelgan va karantinga joylashtirilgan fuqarolar tomonidan amaldagi qonunlarni qoʻpol ravishda buzish holatlariga yoʻl qoʻyilgan, yaʼni 3 nafar fuqarolar tomonidan epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzilib, oʻzboshimchalik bilan shifoxonadan qochib ketish holatlari kuzatilgan.

Ushbu holatlar yuzasidan joriy yilning 21 mart kuni JKning 25, 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, yuqorida qayd etilgan fuqarolarning barchasi gumondor tariqasida protsessual tartibda ushlangan. Ayni paytda ushbu huquqbuzarlarning xatti-harakatlari yuzasidan ham tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzu:
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (626)

Asosiy mavzular