02:08 28 May 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Jamiyat
Havola olish
106330

Ulugʻ Vatan urushi davrida Oʻzbekiston frontdan ancha ichkarida edi, ammo uning front bilan aloqalari juda qalin edi. Paxta, ipak, mevalar kabi anʼanaviy mahsulotlardan tashqari respublika jang maydonlariga qurol-aslahalarni ham yetkazib berdi.

Ulugʻ Vatan urushi nafaqat urushning oʻzining tarixi, balki Qizil Armiya uchun uskunalar, oʻq-dorilar va jihozlarni ishlab chiqarish bilan shugʻullangan koʻplab fabrikalar va zavodlarning ham tarixidir. Biz bu tarixga noodatiy nuqtai nazardan qaraymiz: Chirchiq qishloq xoʻjaligi mashinasozligi zavodi rahbariyati nazaridan.

Rossiya Davlat Iqtisodiyot Arxivida (RGAE), SSSR Minomyot qurollari Xalq komissarligi qishloq xoʻjaligi mashinalari ishlab chiqarish Bosh boshqarmasining fondida ushbu korxonaning urush yillaridagi ishlab chiqarishi toʻgʻrisidagi hisobotlari saqlanib qolgan. Bugungi kunda bu "Oʻzagrotexmash" AJ tarkibiga kiruvchi "Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi"dir.

Sanoat gigantining tugʻilishi

Korxona 1942 yil 27 iyulda Stalin nomidagi Toshkent qishloq xoʻjaligi mashinasozligi zavodining 2-filiali negizida tashkil etilgan. Oʻzbekiston SSR poytaxtining oʻzdagi birinchi tsexlar 1941 yilda, Rostov-Donu shahridan Rostselmashning bir qismi evakuatsiya qilinganida paydo boʻldi. 1942 yil iyun oyida shoshilinch qurilish va uskunalarni oʻrnatilganidan soʻng, yangi ishlab chiqarish maydoni SSSR minomyot qurollari Xalq komissarligiga topshirildi.

Evakuatsiya qilingan korxonalarning uskuna va mexanizmlari koʻpincha toʻgʻri kelgan joyga joylashtirildi: Rostselmash asbob-uskunalarning bir qismi Chirchiqning chekkasida joylashgan boʻlib, u yerda temir yoʻli bor maydon topildi. Shunday qilib, alohida sanoat obʼyektiga aylantirilgan Stalin nomidagi zavodning filiali paydo boʻldi. Minomyot komissarligiga boʻysinishiga qaramay, bu zavod minomyot va oʻq-dorilarni ishlab chiqarmadi. Uning ihtisosligi aviabombalar boʻlgan. 1942 yil uchun ishlab chiqarish rejasi 60 ming FAB-100 (100 kg kalibrli fugas aviabomba) va 150 ming AO-25 (25 kg kalibrli parchalanadigan bomba) boʻlgan.

Gap aviabomba va portillatuvchilar uchun korpuslar ishlab chiqarish haqida ketgan. Urush yillarida koʻplab korxonalar ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarishga rejalashtirilgan edi. Keyinchalik bu qismlar qurollarni jamlash zavodlariga yetkazilgan, u yerda portlovchi moddalar bilan toʻldirilib va usha  yerning oʻzidan qoʻshinlarga yuborilgan. Ish juda masʼuliyatli edi: mahsulotlarni harbiy qabul qilish talablariga qatʼiy muvofiq ravishda topshirish kerak edi.

Majburiy tadbirkorlik

1942 yilda korxona hali toʻliq shakllanmagan edi. Uning Chirchiq GES podstansiyasidan bitta toʻlaqonli elektr uzatish liniyasi va loyihasiz oʻrnatilgan tsexlar uchun vaqtincha elektr taʼminoti tizimi mavjud edi. Bugʻ qozonxonasi boʻlmagan. Mavjud siqilgan havo uchun kompressorlar ehtiyojning faqat yarmiga yetarli edi. Zavod transporti toʻrtta mashina, uchta traktor, oʻta eskirgan bugʻli lokomotiv, shuningdek, toʻrtta ot va 20 eshakdan iborat boʻlgan. Hech qanday ombor ham boʻlmagan va kelayotgan materiallar ochiq maydonda saqlanar edi.

Biroq, zavod direktori oʻrtoq Galilov Moskva uchun hisobot tayyorlashda bu barcha qiyinchiliklarni asosiy deb hisoblamadi. Birinchi ishlab chiqarish rejasining bajarilmasligining asosiy sababi elektr va materiallar yetishmasligi edi. Bir sutkada kerakli 12,5 MVt*soat oʻrniga elektr energiya 1,6 dan 4,8 MVt*soatgacha berilgan (Toshkentda oʻrnatilgan qatʼiy cheklovga asosan). Baʼzi kunlarda korxona umuman toʻxtab qolar edi. Odamlar bu vaqtda yordamchi va qurilish ishlariga oʻtishdi.

Eng asosiy xom ashyo - metal yetishmayotgan edi. Choʻyanning 9,792 tonna quyish zaruriyati mavjudligida (FAB-100ning jangovar qismi pulat choʻyan quymasidan qilingan), Chirchiq atigi 1167 tonnani qabul qilgan. 2662 tonna listli metaldan, korxonagacha yarmidan ham ozi - 1174 tonna yetib keldi, 23,4 tonna quvurlardan esa atigi 2,7 tonna.

Aviabomba FAB-100
© Sputnik / Vitaliy Timkiv
Aviabomba FAB-100

Bundan ham battarrogʻi rangli metallar taʼminoti boʻlgan, ulardan bomba portillatuvchisining korpusi ishlab chiqarilgan. Kerakli 2,9 tonna misdan 196 kg, 27,3 tonna alyuminiydan 1,8 tonna, 8,3 tonna qoʻrgʻoshindan 1,8 tonna yetkazib berildi.

Ammo bunday sharoitda ham rahbariyat harakat qilib rejani hech boʻlmaganda yarmini bajarishga muvaffaq boʻldi. Dasturdan tashqari Chirchiqda frontga yana 350 ta FAB-250 bombasi, 60 mingta AO-3-8 va 400 ta AO-25M13 bombalarini tayyorladi.

FAB-250 - kalibri 250 kg boʻlgan fugasli aviabomba. AO-3-8, oʻylashimizcha, har xil chiqindilar, qiyqim va qoldiqlardan yasalgan, 2,5 va 5 kg kalibrli aviabomba partiyasidir. AO-25M13 aviabombasi - gibrid snaryad, u 132 mmli reaktiv snaryad bosh qismidan iborat boʻlib, unga stabilizatorlar va aviatsion portlatuvchilar qoʻshilgan.

Tayyor mahsulot ishlab chiqarishning ilojisi boʻlmaganda, zavod boshqa korxonalar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishga oʻtishga majbur boʻldi.

Ayollar va bolalar ishlagan

Galilovning hisobotida dastgohda kimlar ishlaganini yaqqol koʻrsatib beradi: 1874 kishining 53,5 foizini ayollar va 27 foizini 18 yoshgacha boʻlgan oʻspirinlar tashkil etgan. Barcha xodimlarning atigi beshdan bir qismi voyaga yetgan erkaklar edi - bu urush davridagi korxonalar uchun odatiy tasvir. Erkaklarning aksariyati frontga ketishgan, front orti va ishlab chiqarishda esa faqat "bron" olgan ahamiyatli mutaxassislar, harbiy xizmatga yaroqsizlar va keksa yoshdagilar qolgan.

Papka Otchet Chirchikskogo zavoda po osnovnoy deyatelnosti za 1942 g.
© Foto : Iz fondov Rossiyskogo gosudarstvennogo arxiva ekonomiki
1942 yil boʻyicha Chirchiq zavodi hisoboti

Ayollarni ogʻir va zararli ishlarga jalb qilayotib, zavod rahbariyati iloji boricha ularning oilalari haqida gʻarxoʻrlik qilgan: homilador ayollarga qisqa muddatli tugʻruq taʼtillari berilgan; bolalar uchun eng boshida, oshxona va hammomdan ham oldin yasli-bogʻcha ochildi va ularga korxonaning kassasidan doimiy ravishda mablagʻ ajratib turilgan. Hisobotlarda qancha ishchilar evakuatsiya qilinganligi koʻrsatilmagan, ammo, koʻrinishidan, aralash jamoa shakllangan. Ishlab chiqarishga mahalliy aholi orasidan ham shogirdlar jalb qilindi - 1942 yilda 52 kishi.

Dastlab uy-joy sharoitlari oʻta ogʻir boʻlgan: kichik va gavjum boʻlgan yagona yotoqxona zavoddan besh kilometr narida joylashgan boʻlgan.  Joy yetmay qolganlar korxonadan 3 km radius atrofida yashaydigan aholi bilan birga yashashgan.

Shunga qaramay, intizom bilan bogʻliq muammolar boʻlmagan - hisobotlarga qaraganda, ishni qoldirishlik atigi 0,8%ni tashkil etdi. Urush paytida, bu kabi harakatlar uchun jinoiy moddaga qadar jazo qattiq boʻlardi. Va zavod ishchilari oʻzlari ham, ehtimol, oʻzlarinikilarni hijolatga qoʻyishni xohlamaganlar, ahir shundoq ham ishchi kuchi yetishmas edi.

1942 yilda korhona 4-chorak uchun ish haqqini 2.4 million rubl miqdorida toʻlab berdi - bir ishchi uchun oyiga oʻrtacha 430 rubldan.

Front protsenti

Urush oʻz yoʻliga, ishlab chiqarish sanoati iqtisodiyoti esa barcha zarur hisob-kitoblarni, smeta va moliyaviy hisobotlarni talab qildi. Chirchiq qishloq xoʻjaligi mashinasozligi zavodi oʻz muvaffaqiyatlari va xarajatlari toʻgʻrisida u boʻysungan Minomyot qurollari Xalq komissarligi Bosh boshqarmasiga, shuningdek SSSR Davlat bankiga hisobot berdi.

Barcha xarajatlar, qoʻyilmalar, daromadlar va foydalarning barchasi aks ettirilgan arxiv hujjatlaridan maʼlum boʻlishicha, bitta FAB-100 samolyotining rejalashtirilgan tannarxi 208 rublni tashkil etgan va fabrika uni 217 rubl 67 tiyindan sotgan. AO-25 ning tannarxi 143 rubl 48 tiyin, sotish narxi 151 rubl. Shu bilan birga, hatto urush yillarida ham korxona 1% miqdoridagi aylanma soliqni toʻlagan. Bu oʻsha paytda uncha maʼlum boʻlgaman, ammo juda koʻp narsani anglatadigan xususiyat. Barcha vayronagarchiliklar, betartibliklar va qiyinchiliklarga qaramay moliyaviy intizom qatʼiy boʻlib qoldi.

Tinch hayotga oʻtish

1943-44 yillarda zavod 1942 yil oxiridagidan butunlay farq qilar edi. U elektr energiyasi, suv, gaz va materiallarni kerakli miqdorda olardi.

1943 yil davomida Chirchiqda 58 375 FAB-100 aviabombasi, keyingi yilda esa – 83875ta va qoʻshimcha 5200 FAB-250 aviabombasi ishlab chiqarildi.

1944 yilda korhona yangi muhim buyurtmani oldi - bu safar tinchlik davriga hos: mamlakat qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun ehtiyot qismlarga muhtoj edi. Mashinasozlik sanoatiga traktorlar va kombaynlar uchun har xil turdagi shtiftlar zarur edi.

Kolonna gotovыx traktorov CHTZ v sborochnom tsexe Chelyabinskogo traktornogo zavoda.
© Sputnik / RIA Novosti
Chelyabinsk traktorlari

Shtiftlar CHTZ traktori uchun eng muhim qism boʻlib, u traktorning oʻrmalovchi zanjirlarini mahkamlaydi. Ular tezda eskiradi va ularsiz traktorni “kiyintirishni” ilojisi boʻlmaydi, bu esa na dalani haydash, na ekin ekish mumkin emasligini anglatardi. Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Kengashining topshirigʻiga asosan zavod 6250 dona M-1022 shtiftlari, 180,5 ming dona M-1023 shtiftlari, 5 mingdan ortiq M-1037 shtiftlari, shuningdek, CHTZ traktorining 855 juft boshlovchi gʻildiraklari va 1594 dona oʻrmalama zanjir qismlari yuborildi. Ushbu ehtiyot qismlarning barchasi Oʻzbekiston mashina traktor tizimidagi mashinalarni qayta tiklash uchun ishlatildi.

Chirchiqda oʻrmalovchi zanjirlar shtiftlaridan tashqari otliq xaskash uchun tirnoqlar, omochlar va shuningdek 329 ta paxta ekuvchi uskunalar tayyorlandi. Ikki yil ichida korhona mashinasozlik sanoatining yetakchilaridan biriga aylandi.

Ammo bombalarga qaytaylik. 1943-44 yillarda zavod jaʼmi 142250 dona FAB-100 ni frontga joʻnatdi. Masalan, Il-2 hujumchi-samolyotining jangovar yuki 8 FAB-100dan iborat boʻlgan, har bir aviapolkda esa 61 ta samolyot boʻlgan. Bir jangovar navbatchilik uchun aviapolk 488 ta aviabombani sarflagan, bu esa Chirchikda chiqarilgan barcha mahsulotlar olti oy davomida kuniga ikki mahal koʻlamli bombardimonlarni amalga oshirishga yetarli boʻlishini anglatadi.

Front orti mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari va ularning avlodlari gʻururlanishlari mumkin boʻlgan jihatlari juda koʻp. Urush yillarida Chirchiq qishloq xoʻjaligi mashinasozligi zavodi birinchi navbatda dushmanni yengishga, keyin esa ulkan yarador mamlakatni tiklash va boqishga yordam berdi.

Asosiy mavzular