01:21 14 Iyul 2020
Efir
  • RUB142.48
  • EUR11455.78
  • USD10184.73
Jamiyat
Havola olish
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (965)
570 0 0

Vaziyat yaxshilanib, ijobiy tomonga oʻzgarib borishi bilan, 10 maydan keyin, Oʻzbekiston karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlarni yanada dadilroq davom ettirishi kutilmoqda

TOSHKENT, 30 apr - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev respublikada sanitar-epidemiologik vaziyat asta-sekin barqarorlashib borayotganini hisobga olib, karantindan bosqichma-bosqich chiqish boʻyicha navbatdagi qadamlarni qoʻyish vaqti kelganini aytdi. "Chunki hayot davom etmoqda. Biz ertangi kun haqida, el-yurtimizning kelajagi toʻgʻrisida har daqiqa oʻylashimiz kerak", dedi prezident.

Uy atrofida sayr qilishga ruxsat berildi

Xususan, sanitariya-epidemiologiya holatining ijobiy dinamikasi, ob-havo sharoiti va fuqarolarning koʻplab murojaatlarini inobatga olgan holda, shahar va tumanlardagi koʻp qavatli uylarning ichki hovli va hududlarida ota-onalar hamrohligida bolalarini sayr qildirishga ruxsat berish koʻzda tutilgan. Bunda xavfsizlik choralariga qatʼiy rioya qilish talab etiladi.

Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga ushbu topshiriqning ijrosini soʻzsiz taʼminlash vazifasi yuklatildi.

Toshkent shahri bu borada namuna boʻlishi kerakligi aytildi.

Viloyatlararo qatnov qayta tiklanmoqda

Pishib yetilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari nobud boʻlishining oldini olish maqsadida aholi talablaridan kelib chiqib, fermer va dehqonlar tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz va koʻkat mahsulotlarini joylarga yetkazish va sotish uchun viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat berish lozimligi qayd etildi.

Misol uchun, ilgari Fargʻona vodiysidan Qamchiq dovoni orqali poytaxt va boshqa viloyatlarga katta hajmda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berilar edi. Hozir bu yoʻl yopib qoʻyilgan. Yoki Samarqand viloyatidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Zarafshon shahri va boshqa hududlarga koʻplab mahsulotlar olib borilar edi. Bu ishlar ham hozir toʻxtab turibdi. Shuning uchun Bosh prokuror boshchiligidagi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash komissiyasiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini joylarga yetkazib berish boʻyicha 24 soat ishlaydigan uzluksiz tizim tashkil etish topshirildi.

Ichki ishlar vazirligi dehqon va fermer xoʻjaliklarining avtotransport vositalarini hududlararo postlarda kutib olish, ularni tashkil etilgan yarmarkalar va savdo nuqtalariga tartib bilan kuzatib borishni taʼminlaydi.

Davlat soliq qoʻmitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligiga sotish uchun olib kelinayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini joylarda aholi talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, savdo maydonchalari, yarmarka va bozorlarga yoʻnaltirib borish yuklatildi.

Shaxsiy avtotransportda yurishga ruxsat berildi

Prezident aholi orasida kasallikka chalinish dinamikasi pasayib borayotganini inobatga olib, fuqarolar tomonidan shaxsiy avtotransportdan foydalanishga cheklovlarni ham sekin-asta yumshatish maqsadga muvofiq, deb hisoblashini taʼkidladi.

Respublika komissiyasi tegishli cheklovlar oʻrnatilgan hududlarda aholi tomonidan ertalab soat 7:00 dan 10:00 gacha hamda kechqurun 17:00 dan 20:00 gacha shaxsiy avtomashinalardan foydalanishga ruxsat berilishini taʼminlanadi.

Bunda: shaxsiy avtotransportdan, birinchi navbatda, fuqarolarning ish joyiga, tibbiyot muassasalariga borishi va uyiga qaytishi, isteʼmol mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlarni xarid qilishi uchun foydalanishi;

maxsus ruxsatnomalarga (stikerlarga) ega va yetkazib berish xizmatini koʻrsatayotgan fuqarolar esa shaxsiy avtotransportda hech qanday cheklovsiz harakatlanishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, olimlarga, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlariga, professor-oʻqituvchilarga sanitariya-gigiyena normalarini taʼminlagan holda oʻz laboratoriya va kafedralarida kundalik ishlarini davom ettirishlariga ijozat berish koʻzda tutilgan.

"Albatta, vaziyatimiz yaxshilanib, ijobiy tomonga oʻzgarib borishi bilan, 10 maydan keyin biz karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlarimizni yanada dadilroq davom ettiramiz. Lekin takror va takror aytaman: hamma joyda sanitariya talablariga amal qilishga birinchi darajali masala deb qarashimiz kerak", - dedi Mirziyoyev.

Mavzu:
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (965)

Asosiy mavzular