14:10 01 Iyun 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Jamiyat
Havola olish
63810

Oʻzbekistonda stikerlar bekor qilinadi va shaxsiy avtomobillardan foydalanishga ruxsat beriladi. Vaziyat yomonlashsa, karantin choralari qayta tiklanadi.

TOSHKENT, 5 may — Sputnik. Oʻzbekistonda karantin qoidalari yumshatiladi. Xususan, avtomobillar uchun maxsus stikerlar bekor qilinadi. Bu haqda 2020 yil 5 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida aytib oʻtildi.

Hozirda faoliyati tiklangan sanoat, qishloq xoʻjaligi va qurilish sohalariga qoʻshimcha ravishda xizmat koʻrsatish subʼyektlari ham bosqichma-bosqich ishga tushirilishi belgilandi.  

Jumladan, epidemiologik vaziyat yaxshi boʻlgan hududlarda, sanitariya talablarini belgilagan holda, nooziq-ovqat doʻkonlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, taʼmirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat berish kerakligi qayd etildi. Shuningdek, stikerlar bekor qilinib, shaxsiy avtomobillardan foydalanish mumkin boʻladi.

Lekin, koronavirus toʻla bartaraf boʻlmagani sababli, odamlar koʻp toʻplanadigan obʼyektlar, jumladan, teatr, kontsert va sport zallari, toʻyxonalar, jamoat transporti boʻyicha cheklovlar maʼlum muddatgacha saqlanib qoladi.

Respublika komissiyasiga xizmat koʻrsatish turlarini qaysi hududlarda va qanday shartlar asosida yoʻlga qoʻyishni belgilash topshirildi.

"Epidemiologik vaziyat yaxshilangani sari cheklovlarni bekor qilishni davom ettiramiz. Aksincha, vaziyat yomonlashsa, karantin choralarini qayta tiklaymiz", – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev epidemiologik vaziyat ijobiy tomonga oʻzgarganidan foydalanib, iqtisodiyotda karantin rejimini asta-sekin yumshatmasak kerakligini taʼkidlagan edi. Chunki bu tartib iqtisodiyot rivojiga va aholi hayotiga juda katta salbiy taʼsir qilmoqda.

Asosiy mavzular