TOSHKENT, 14 may — Sputnik. Toshkent viloyati Krasnogorsk qishlogʻida SSSR Qahramoni, Italiya milliy qahramoni Fedor Poletayev xotirasiga qayta tiklangan yodgorlik ochildi. Bu haqda Rossiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi xabar qildi.
“9 may, Gʻalaba kunida Toshkent viloyatining Krasnogorsk qishlogʻida Sovet qahramoni Fedor Poletayevning qayta tiklangan haykali ochilishiga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi", - deyiladi elchixonaning Facebook’dagi sahifasida.
Fedor Poletayev haykali, 1972 yilda Krasnogorskda ochilgan. Ammo 2014 yilda, mahalliy hokimiyat qarori bilan u olib tashlangandi. Sababi - yodgorlik avariya holatida boʻlgan edi.

2020 yil fevral oyi boshida Ryazan viloyati gubernatori Nikolay Lyubimov (Poletayev - Ryazan viloyatida tugʻilgan - tah.) Oʻzbekiston hukumatidan Sovet Ittifoqi Qahramoniga "Poletayev xotirasi barcha mamlakatlarda yashashi uchun" yodgorlikni tiklashni soʻragandi.
Bir necha kundan keyin Angren shahar hokimligi matbuot xizmati (Krasnogorsk bu shahar hokimiyatiga tegishli) Ikkinchi Jahon urushidagi Gʻalabaning 75 yilligi nishonlanishi munosabati bilan yodgorlik qayta tiklanishi haqida xabar berdi.
Byustni tiklashda haykaltarosh R.Rahmatov va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti kafedra mudiri R.Xoʻjaniyozov ishtirok etishdi.