13:29 01 Iyun 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Jamiyat
Havola olish
45501

Sogʻliqni saqlash vazirligi shifokorga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilish lozim deb hisoblaydi. Vazir bosh prokurorga murojaat yoʻllagan.

TOSHKENT, 15 may — Sputnik. Sogʻliqni saqlash vazirligi Samarqandda 34 kishiga virus yuqtirgani uchun jinoiy ish ochilgan shifokorni himoyasiga olib, bosh prokurorga murojaat yoʻlladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qilmoqda.

"Sogʻliqni saqlash vazirligi jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi mazkur qarorni quyidagi asoslarga koʻra bekor qilinishi lozim deb hisoblaydi. Birinchidan, Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasidagi qasddan sodir etilishi talab etiladigan qilmishlardan birortasi  fuqaro X.D. tomonidan sodir etilmagan. Ikkinchidan, Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun maxsus subʼyekt boʻlish talab etilmaydi. Aniqrogʻi, bu modda bilan faqatgina tibbiyot xodimlari javobgar qilinishi mumkinligi ham qonunda koʻrsatilmagan”, - deydi SSV yuridik boʻlimi boshligʻi Ruslan Muhammadiyev.

Taʼkidlanishicha, tibbiyot xodimi X.D. koronavirusni juda katta ehtimol bilan bemorlarga xizmat koʻrsatish jarayonida yuqtirib olgan. U koronavirus yuqtirib olganligini joriy yil 28 aprel kuni topshirgan testi natijalari aniq boʻlganidan keyingina bilgan va darhol davolanish uchun yotqizilgan. Bungacha u ushbu infektsiyani yuqtirib olganligini bilmagan va bilishi mumkin ham boʻlmagan. Qolaversa, 34 nafar fuqaroga koronavirus aynan tibbiyot xodimidan yuqqanmi yoki boshqadanligini hali dastlabki tergov jarayonida isbotlash kerak boʻladi.

“Toʻgʻri, Sogʻliqni saqlash vazirligi X.D.ning oʻz sogʻligiga nisbatan beparvo boʻlib, kimlarnidir xavf ostida qoldirganligini oqlamoqchi emas. Shu bilan birgalikda, vazirlik mazkur holatda X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qaror asossiz, deb hisoblaydi. Shundan kelib chiqqan holda, Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga  X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilish masalasini oʻz vakolati doirasida koʻrib chiqilishini soʻrab, joriy yil 14 may kuni murojaat yoʻlladi”, - deyilgan xabarda.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Samarqandda 34 kishiga virus yuqtirgan shifokor ustidan JKning 257-1-moddasi birinchi qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani xabar qilingan edi.

Asosiy mavzular