04:18 02 Iyun 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Jamiyat
Havola olish
63410

Bugunning oʻzida respublika boʻylab 34 nafar bemor tuzalib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Sogʻayish koʻrsatkichi 81 foizga yetdi.

TOSHKENT, 20 may — Sputnik. Sputnik Oʻzbekiston respublikada koronavirus bilan bogʻliq boʻlgan asosiy xabarlarni toʻpladi.

Bir sutka davomida 102 kishida koronavirus aniqlandi, SSV oxirgi maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekistonda koronavirus infektsiyasi qayd etilganlar soni 2 927 nafarni tashkil qilmoqda.

Aniqlangan yangi kasallanish holatlarining 28 nafari oldindan karantinda boʻlgan fuqarolar, 19 nafari xorijdan (15 nafari Qozondan, 4 nafari Sankt-Peterburgdan charter reyslari orqali) kelgan va karantin markaziga joylashtirilgan shaxslar orasidan qayd etildi.

Davolanish koʻrsatkichi

Bugunning oʻzida 34 nafar bemor tuzalib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Respublikada 2372 nafar koronavirus infektsiyasiga chalingan fuqarolar butunlay sogʻaydi.

Ayni paytda 542 nafar bemorga belgilangan standartlar boʻyicha davo choralari koʻrilmoqda. Sogʻayish koʻrsatkichi 81 foizni tashkil qilmoqda.

Xushxabar: yana bir koronavirusdan xoli hudud

Surxondaryo viloyati ham koronavirusdan xoli hududga aylandi. Surxondaryo viloyatida soʻnggi koronavirusga chalingan bemor tuzaldi va reabilitatsiyaga kuzatildi. Ushbu viloyati ham Jizzax, Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlari kabi koronavirusdan xoli hududlar safidan oʻrin oldi.

XVF yordami

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi direktorlar kengashi koronavirus bilan kurashish uchun respublikaga 375 million dollar ajratishga qaror qildi. Fond ushbu koʻmak Oʻzbekistonning toʻlov balansini byudjetdan moliyalashtirish boʻyicha ortib borayotgan ehtiyojini qondirishga yordam berishini maʼlum qildi.

Shuningdek, Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yoʻlladi.

“COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlari butun dunyo hamjamiyatiga taʼsir qilayotgan bugungi favqulodda sharoitda men mamlakatingizdagi qiyinchilik va xatarlarni yengib oʻtishda Oʻzbekiston xalqi bilan birdam ekanimni bildirmoqchiman. Virus tarqalishiga qarshi kurashish, sogʻliqni saqlash sohasiga xarajatlarni oshirish, aholi va biznesni qoʻllab-quvvatlash borasida Siz tomondan koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar inqiroz taʼsirini yumshatishga xizmat qiladi,” – deyilgan maktubda.

Bitiruv imtihonlari

Joriy oʻquv yilida Oʻzbekistonning oʻrta taʼlim maktablarida bitiruv imtihonlari koronavirus tufayli bekor qilindi. Bu haqda Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov maʼlum qildi.

“Prezidentning karantin paytida aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalarini bajarish maqsadida, hamda ota-onalarning koʻplab murojaatlarini inobatga olgan holda, Halq taʼlimi vazirligi joriy oʻquv yilida yakuniy imtihonlarni bekor qilishga qaror qildi", - deyiladi bayonotda.

Shermatovning soʻzlariga koʻra, istisno sifatida maktablarga oʻquvchilarga oʻquv yilining uch choragida berilgan baholar asosida yakuniy baholarni belgilash tavsiya etiladi.

Poytaxt asta-sekin avvalgi hayotga qaytmoqda

Tashkent City saylgohi bugundan yana ishga tushdi. Ammo baʼzi cheklovlar bor: restoran va kafelar hozircha ishlamayapti, barcha tashrif buyuruvchilar niqib taqib, oʻzaro masofani saqlab yurishlari shart.

Dunyo va “Tojdor dushman”

COVID-19 dunyoning 188 davlatga yetib bordi. BSSTning soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, dunyoda yangi koronavirus infektsiyasini yuqtirib olgan kishilarning soni sal kam 5 millionga yetdi, 323 ming kishi vafot etdi.

Asosiy mavzular