13:31 01 Iyun 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Jamiyat
Havola olish
27310

Shavkat Mirziyoyev bugun Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga tashrif buyurdi.

TOSHKENT, 20 may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 may kuni Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga tashrif buyurdi.

Bu boradagi reja 2017 yil 3 fevral kuni mazkur boqqa tashrif chogʻida belgilangan edi. Oʻsha yili 18 aprelda davlat rahbarining tegishli qarori qabul qilinib, xiyobonning meʼmoriy-gʻoyaviy loyihasi ishlab chiqildi.

Oʻtgan vaqt mobaynida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, 8 gektardan ziyod maydonda Adiblar xiyobonining yaxlit meʼmoriy ansambli yaratildi.

Adiblar xiyobonini gʻoyaviy-badiiy jihatdan yanada boyitish maqsadida Bobur, Ogahiy, Berdaq, Muqimiy, Furqat, Behbudiy, Avloniy, Choʻlpon, Qodiriy, Toʻlepbergen Qayipbergenov, Ibroyim Yusupov, Aleksandr Faynberg singari atoqli namoyandalar xotirasiga bagʻishlangan yangi yodgorlik majmualari ham yaratildi.

Davlat rahbari bu yerga tashrif buyurib, Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻydi. Xiyobonda amalga oshirilgan ishlar va yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Yozuvchi va shoirlar, ziyolilar bilan uchrashuvda milliy adabiyotini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, galdagi muhim vazifalar haqida soʻz bordi.

“Adabiyot xalqning yuragi, elning maʼnaviyatini koʻrsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yoʻl topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish kerak. Ajdodlar merosini oʻrganish, buyuk madaniyatimizga munosib buyuk adabiyot yaratish uchun hamma sharoitlarni yaratamiz,” – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekistoda ijodkorlarning asarlari doimiy ravishda chop etilyapti. Endi ularni dunyoga olib chiqish kerakligi taʼkidlandi.

Masalan, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon singari ijodkorlarning asarlari xorijiy tillarda nashr etilmoqda. Lekin bu ishlar tarjimonlarning oʻz tashabbusi va qiziqishi bilan boʻlyapti.

Bu borada Yozuvchilar uyushmasi tashabbuskor boʻlishi, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti bilan birgalikda oʻzbek adabiyotining eng sara namunalarini turli tillarga tarjima qilib, nashr etishi zarurligi qayd etildi.  

Adiblar xiyobonini adabiyot, maʼrifat va madaniyat maskaniga aylantirish, har bir adib haykalini muayyan oliy oʻquv yurtiga biriktirib, bu yerda ochiq darslar, maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar berildi. Xiyobon bilangina cheklanib qolmasdan, adiblar ijodini chuqur oʻrganish, ularning ibratli umr yoʻllari haqida kitoblar va filmlar yaratish, yangi asarlar yozish muhimligi taʼkidlandi.

"Mana, “zamonamiz qahramonlari”, deb koʻp gapiramiz. Bugun bu qahramonlar koronavirusga qarshi kurashayotgan fidoyi shifokorlarimiz, mard harbiylarimiz, saxovatli tadbirkorlarimiz, vatanparvar yoshlarimiz. Ularning jasorati haqida oʻqishni hammamiz xohlaymiz," - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi yoshlar internetdan, elektron adabiyotlardan koʻproq foydalanishi, lekin milliy adabiyot xazinasini internetda targʻib etish yaxshi yoʻlga qoʻyilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois prezident “Adiblar xiyoboni” deb nomlangan internet portali tashkil etish taklifini bildirdi.

Unda mumtoz va zamonaviy asarlarning elektron nusxalari, yozuvchi va adabiyotshunoslarning mahorat saboqlari jamlanadi. Portal oʻzbek, ingliz va rus tillarida faoliyat koʻrsatsa, undan xorijlik muxlis va mutaxassislar ham foydalanishi imkoniyati yaratiladi.

Shu yerda oliy taʼlim muassasalarining adiblar ijodini oʻrganish boʻyicha taqdimotlari oʻtkazildi. Davlati rahbari xiyobon yonida tashkil etilgan kutubxonani ham koʻzdan kechirdi.

Asosiy mavzular