TOSHKENT, 15 iyul – Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 iyul kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida barcha hokim va 4ta sektor rahbarlariga oʻzlariga tegishli boʻlgan hududlarda dori-darmon va oziq ovqatlar zahiralarini tayyorlashni buyurdi.
“Bugun shunday topshiriq boʻladi: alohida 4ta sektor oʻz hududi boʻyicha dori-darmonning zaxirasini, har bir viloyat oʻzi uchun yaratadi. Zaxira uch oylik boʻlishi kerak. Bunga qancha mablagʻ kerak boʻlsa beramiz, lekin bironta aptekada dori-darmon vositalari qimmatlashsa, odamlarimizning noroziligiga olib keladi. Mana shuni qattiq nazoratga olishlaring kerak”, - dedi prezident.
Prezident aytishiga qaraganda zaxirada hamma narsa bor, yoʻgʻi olib kelinyapti, lekin joyiga yetib borishi qiyin boʻlyapti. Har bir hududda narx-navo har xil boʻlyapti. Shuning uchun zaxira yaratib, narx-navosiga qattiq eʼtibor qilish kerak.
Shuningdek Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat bozoridagi narxlarni ham nazorat ostiga olishni va zahira yaratishni topshirdi.
“Eng katta masala – bozorda narx-navo koʻtarilishi kerak emas. Viloyatning toʻrtta rahbari oʻz hududidagi bozorlarni nazorat qilib turishi kerak. Oziq-ovqat boʻyicha Oʻzbekistonda muammo yoʻq. Xudoga ming qatla shukr, hozir pishiqchilik. Hamma narsani xalqimizga arzon, sifatli mahsulot yetkazib berish choralarini koʻrishiz kerak. Qishga tayyorgarlikni hozirdan boshlaymiz”, - dedi prezident bu borada.
Undan tashqari Shavkat Mirziyoyev hokimlarga ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushayotgan savollarga ertalab bir soat, kechqurun bir soat davomida javob berib borishni topshirdi.
“Hokimlarga shunday topshiriq: ertalab bir soat – 8dan 9gacha, kechqurun 21dan 22gacha ijtimoiy tarmoqlardan tushgan savollarga mukammal javob berasizlar. Xalqimiz hamma narsani bilishi kerak. Mana shunga eʼtibor qilamiz», – dedi prezident.