Bosh prokuror tez yordam va aptekalar faoliyatini nazorat ostiga oladi

Obuna bo‘lish
Prezidentning 15-iyuldagi topshiriqlarini bajarish maqsadida bosh prokuror “Tez yordam” xizmati va aptekalar faoliyatini jiddiy nazorat ostiga oldi.

TOShKENT, 16-iyul – Sputnik. O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni videoselektorda bergan topshiriqlarni sanab o‘tdi.

Bosh prokuror  aytishiga qaraganda, bundan buyon fuqarolarning tez yordam xizmatiga qo‘ng‘iroqlarini tezkorliq bilan qabul qilish va ularning murojaatlarni qabul qilish, o‘rganish va birlamchi tibbiy yordamni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

“Bundan buyon har bir fuqaromiz «103»ga murojaat qilganda, bandlik holatlari, ayniqsa uzoq vaqt band bo‘lish holatlariga mutlaqo chek qo‘yiladi”, - dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Ikkinchidan, tez yordam xizmati 15 daqiqada yetib kelishi va tegishli malakali tibbiyot xodimlari, tibbiy texnika vositalari va transport vositalarini yanada ko‘paytiriladi.

Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev SSV rahbari va Toshkent shahar hokimiga hayfsan e’lon qildi

“Bundan buyon 15 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqtda zudlik bilan tez tibbiy yordam avtomashinalari tegishli xodimlar bilan yetib borishi to‘liq ta’minlanadi”, - dedi bosh prokuror.

Uchinchidan, olingan test namunalari javoblarini imkon qadar tezroq chiqarish, test tahlillari uzog‘i bilan ertasi kuni chiqarib berish choralari ko‘riladi.

Va eng asosiysi, aholining dori-darmonlar va tibbiyot vositalariga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu borada bosh prokuror Toshkent shahridagi 1700dan ortiq apteka rahbarlarini rasman ogohlantirgan.

“Koronavirusdan profilaktika qilish uchun 5 turdagi va kasallikni davolashga mo‘ljallangan 9 turdagi majburiy tartibdagi dori vositalarini kamida 1 oy, yoki 2-3 oylik zaxirasini to‘liq ta’minlash va ularni arzon narxlarda aholiga sotish tartibi ham joriy qilindi”, – dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Eslatib o‘tamiz, kecha 15-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, unda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilgan edi. Ayniqsa Toshkent shahri va Toshkent viloyatida kasallar ko‘pligi qayd etilib, sog‘liqni saqlash vaziri va shahar hokimiga hayfsan e’lon qilingan edi.

Yangiliklar lentasi
0