19:59 22 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Jamiyat
Havola olish
“Sardoba” toʻgʻoni yorilishi (61)
71020

“Sardoba” suv ombori toʻgʻoni oʻpirilishi va buning oqibatida katta hajmdagi yer maydonlarini suv bosishi boʻyicha Jinoyat kodeksining 207 va 258-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar alomatlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

TOSHKENT, 27 iyul — Sputnik. Bosh prokuratura matbuot xizmati “Sardoba” suv ombori toʻgʻoni oʻpirilishi holati boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan bayonot berdi. 

Unda aytilishicha, 1 may kuni yuz bergan “Sardoba” suv ombori toʻgʻoni oʻpirilishi va buning oqibatida katta hajmdagi yer maydonlarini suv bosishi boʻyicha Jinoyat kodeksining 207 va 258-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar alomatlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

"Aniqlanishicha, suv ombori 2010-2017 yillarda qurilgan boʻlib, loyihaga buyurtmachi sifatida “Sirdaryo suv qurilish invest” DUK (Suv xoʻjaligi vazirligi), bosh loyihachi - “UzGip” MCHJ, bosh pudratchi – “Oʻztemiryoʻlqurilishmontaj” UK (“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ) tanlangan. Suv ombori qurilishiga davlat byudjetidan 1,2 trln.soʻm sarflangan.

Suv omboridan foydalanish “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga qarashli “Sardoba suv ombori obʼyektlaridan foydalanish va rivojlantirish direktsiyasi” tomonidan amalga oshirilgan.

Dastlabki tergovning har tomonlama, toʻliq va xolisona olib borilishini taʼminlash maqsadida quyidagi asosiy taxminlar tekshirildi. Loyihalashdagi xatoliklar, qurilish jarayonida meʼyorlarga rioya qilmaslik, ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar, tabiiy ofat.

Mazkur 4 ta taxmin tegishli ekspertiza muassasasi ekspertlaridan va gidrotexnik inshootlarni loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish, qurilish ekspertizasi, tuproq va suvning xossalari va boshqa bir qator masalaga daxldor sohalarga mansub 30 nafar mutaxassisdan iborat Komissiya yordamida tekshirildi.

Ekspertiza xulosasiga koʻra, suv ombori toʻgʻonining oʻpirilishiga quyidagi omillar sabab boʻlgan:

1. Loyiha hujjatlaridagi xato va kamchiliklar.

Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tegishli ekspertizadan oʻtib, tasdiqlanganidan keyin ishchi-loyiha hujjatlarini tayyorlash vaqtida konstruktsiyaga (qiyaliklarning balandlikka nisbati, himoya va filtirlovchi qoplamalarning xarakteristikalariga) loyihachi tomonidan oʻzboshimchalik bilan, asoslantirilmagan holda, toʻgʻonning ishonchliligi va turgʻunligini taʼminlamaydigan darajaga olib kelgan oʻzgartirishlar kiritilgan.

2.  Qurilishdagi xato va kamchiliklar.

Toʻgʻonning tanasini tashkil qilgan tuproqning zichligi loyihaviy talabdagidan past va tuproq yot jismlardan tozalanmaganligi oqibatida ular chirib, boʻshliqlar hosil qilgan, himoya qatlamiga yotqizilgan xarsang toshlarning diametri loyihadagi oʻlchamlardan bir necha bor katta boʻlgan holda, xarsang tosh qoplamasi loyiha hujjatida belgilangan qalinlikdan kam, toshlar notekis, sifatsiz joylashtirilgan va katta diametrli toshlar oʻrtasidagi boʻshliqlar mayda toshlar bilan toʻldirilmagan.

3. Ekspluatatsiyadagi xato va kamchiliklar.

Ekspluatatsiya jarayoni bilan bogʻliq jiddiy moddiy va nomoddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Jumladan, toʻgʻonga xizmat koʻrsatuvchi “Sardoba suv ombori obʼyektlaridan foydalanish va rivojlantirish direktsiyasi”ning bevosita toʻgʻonga xizmat koʻrsatuvchi tarkibi zaruriy moddiy-texnik vositalar bilan taʼminlanmagan. Boz ustiga, oʻtkazilgan malaka attestatsiyasi ekspluatatsiyaga jalb etilgan xodimlarning 56% zaruriy bilimga (ixtisos), 82% malaka va tajribaga ega emasligini va buning oqibatida toʻgʻonga sifatli xizmat koʻrsatishga, oʻpirilishi kabi favqulodda xodisalarga olib keluvchi omillarni oʻz vaqtida aniqlashga qodir emasligini koʻrsatdi.

Yuqorida aniqlangan holatlarni inobatga olgan holda, ekspertiza suv omborini loyihalash, qurish hamda ekspluatatsiya qilish jarayonidagi qayd etilgan xato va kamchiliklar, suv ombori qurilishi 2-bosqichi davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinmagan boʻlsada, toʻla hajmda suv toʻplanganligi yakka tartibda yoki ularning majmui toʻgʻon oʻpirilishiga sabab boʻlganligi haqida xulosaga kelgan.

Hozirgi vaqtda tergov organi tomonidan toʻgʻon qurilishi, ekspluatatsiya qilinishi, davlat komissiyasi tomonidan qabul qilingan hajmda suv toʻplanishi jarayonlarida yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi holatlariga daxldor 9 nafar shaxs, jumladan buyurtmachi “Sirdaryo suv qurilish invest” DUK, loyihachi “UzGip” MCHJ, bosh pudratchi – “Oʻztemiryoʻlqurilishmontaj” UK, pudratchi tashkilot “Rezaksoy suv qurilish” UK, “Toʻpalang Sherobod” SHK, Suv xoʻjaligi vazirligi, Ekspluatatsiya direktsiyasi mansabdor shaxslarining bir guruhi Jinoyat kodeksining tegishli (167, 205, 207, 209, 258) moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortilib, kamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Jinoyat ishi doirasida qurilishga sarflangan byudjet mablagʻlarining asosliligini tekshirish maqsadida hujjatli taftish va bajarilgan ishlar hajmlarining nazorat oʻlchovi tayinlanib, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi mutaxassislari rahbarligida mutasaddi idoralarning malakali mutaxassislaridan iborat komissiya tomonidan oʻlchov va taftish ishlari olib borilmoqda.

Tergov organi tomonidan jinoyatning sabablari, unga imkon bergan shart-sharoitlarni, aybdor shaxslar doirasini aniqlash bilan birga, yetkazilgan zararning qoplanishini taʼminlashga qaratilgan chora – tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Dastlabki tergovni har tomonlama va toʻliq oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida hamda jinoyat ishining murakkabligi va katta hajmdaligini inobatga olib, dastlabki tergov muddati Bosh prokuratura tomonidan 5 oyga uzaytirildi", - deyilgan bayonotda.

Mavzu:
“Sardoba” toʻgʻoni yorilishi (61)

Asosiy mavzular